BMTTD Qoraqalpogʻiston asalarichilariga koʻmak koʻrsatdi

18-May, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

2021 yilning 17 may kuni Qoraqalpogʻistonning Nukus tumanida asalarichilikni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan uskunalarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tashabbus BMTTD va YuNFPAning Yaponiya hukumati moliyalashtirayotgan “Orolboʻyi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog‘liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarini bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash” Qoʻshma dasturining madadini oldi.   

Joriy yilning fevral oyida Qoʻshma dasturni amalga oshirish doirasida innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun buyurtmalarni qabul qilish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi. Saralash komissiyasi hammoliyalashtirish uchun 27ta loyihani maʼqulladi, ularning sakkiztasi Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov, Qoraoʻzak va Chimboy tumanlarida asalarichilikni rivojlantirishga qaratilgan edi.

Murakkab ekologik va iqtisodiy vaziyatli hudud uchun asalarichilik alohida ahamiyatga ega. Bu nafaqat barqaror daromad keltiruvchi, balki atrof muhitni yaxshilash uchun ulush qoʻshish, salomatlik uchun ekologik toza va foydali mahsulot bilan taʼminlanish, kelgusida tadbirkorlik faoliyatini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlishdir. Chunki asaldan tashqari, asalarichi mum, asalari yelimini ham oladi, agar omad kulib boqsa, farmatsevtika kompaniyalari uchun zarur boʻlgan asalari zaharini sotishni ham yoʻlga qoʻyishi mumkin.

Uch nafari ayol boʻlgan sakkiz nafar fermer-asalarichining barchasi marosimda ishtirok etish va uskunalarni olish uchun Nukus tumaniga kelishdi. Shu kunni oʻzida boʻlajak tadbirkorlar uchun tajribali asalarichi Bahtiyor Joʻraboyev tomonidan mahorat darsi oʻtkazildi, u oʻzining bilimlari bilan oʻrtoqlashdi, biznes oʻsishini taʼminlash, mijozlar bilan aloqalarni oʻrnatish va asalari uyalarini parvarishlash haqida soʻzlab berdi.   

Qoʻshma dastur namuna tumanlarida mahalliy tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Eʼtibor qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish va xizmatlar sohalarini rivojlantirish uchun endi ishini boshlayotgan fermerlar va tadbirkorlar salohiyatini oshirishga qaratilmoqda, bu esa zaif hamjamiyatlarning iqtisodiy farovonligini yaxshilashga koʻmak berishi kutilmoqda.