Orzu sari sukunat uzra

3-December, 2021

Muallif: Bexzod Umarov 

Image: UNDP Uzbekistan

 

Koʼringan togʼning yirogʼi yoʼq deydilar. Buni qarang-ki, ushbu maqolga amal qilib yashash uchun doim ham til-zabon yoki tinglash qobiliyati shart emas ekan.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Maxmuda opa Ziyatova va ularning turmush oʼrtogʼi tugʼilganidan beri eshitish va gapirish qobiliyatidan mosuvo. Shunga qaramay, ikki yildirki ular xovli joyidan avval kichik, hozir esa kattaroq tikuv ustaxonasini ochib, mahalladagi qiz va ayollarga tikish-bichishdan saboq berib kelayapti. Bunda ularga qizlari Zarina va Zarifalar yordam bermoqda.

“Faoliyatimizni boshlanganiga unchalik koʼp boʼlmasa-da, turli hil mahsulotlarni chiqarishga ulgurdik – toʼy liboslari, zamonaviy pardalar, bolalar kiyimlari, yotoq uchun choyshablar, mahalliy bozor uchun futbolkalar, paxta terish sumkalari va boshqa buyurtmalarimiz koʼp”, – deydi Maxmuda opaning kichik qizlari Zarifa.

Аvvalgi va hozirgi voqealarni aytib berar ekan, Maxmuda opa shunday deydilar:

“Korxonaning ochilishi karantin boshlanishiga toʼgʼri kelgani uchun ancha-muncha qiyinchiliklarga duch kelib, hattoki ikki oy ishsiz qoldik. Karantin davrida boshqalarga ham oson boʼlmadi. Mahalladagi qoʼni-qoʼshnilarimizga nima yordamimiz tegishi mumkin deb, oʼylab koʼrdik. Shunda qoʼlbola niqob tikishni boshladik. Soʼng mahallamizdagi har bir oilaga niqoblarni bepul tarqatdik”.

Yoshligini eslab Maxmuda opa davom ettirdilar:

“Bolalik uyimda kichik tikuv mashinkasi boʼlardi, internatda ham tikishni oʼrgatishgan, usha paytlar tikishga qiziqishni boshlagandim. Dadamlar tikuv kombinatida haydovchi boʼlib ishlardilar, meni oʼsha korxonaga oborib, rahbarlariga ishga oling deb iltimos qildilar. U kishi mayli, qadoqlovchi qilib olamiz dedi. Shunda men “Yoʼq, men tikaman deb aytdim”. Rahbar shunda dadamga “qizingiz gapirishni bilmasa, eshitolmasa, ishla olmaydi”, deb etdi. Men tikuv mashinkasiga oʼtirib, shijoat bilan tika boshladim, bu ish qoʼlimdan kelishini, tikishni yaxshi bilishimni koʼrsatdim. Meni ishga olishdi”.

Oilaning katta qizi Zarina BMT TD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qoʼshma dasturi doirasidagi Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan kichik biznesni qoʼllab-quvvatlash tashabbusining tanlovi haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topdi. Oila aʼzolari bilan maslahatlashib shu dasturda qatnashishga qaror qilishgan. Maxmuda opaning loyihasi tanlovda gʼolib deb topilib, ularga 4-haftalik trening oʼquv darslarida ishtirok etish imkoniyati hamda grant sifatida ishlab chiqarish uskunalari berildi.
Ustaxonada tikuvchilikdan tashqari boshqa yo‘nalishlar ham mavjud bo‘lib, bu yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va ayollar, Mahmuda opa singari imkoniyati cheklangan qizlar ham tekin bilim oladi.

Suhbatimiz yakunida Maxmuda opa oʼz rejalari bilan ham boʼlishdilar: “Hozir tikuv markazimizda grant sifatida berilgan jami 10 ta asbob-uskuna bor (tikuv mashinalari, overlok, kompyuter, printer, proektor). Hozirgacha 30 ta shogird chiqardik, ularning aksariyati shu yerda ish amaliyotini oʼtayapti. Yaqin kunlarda mahallamizdagi qizlarni oʼqitib boʼlib, qoʼshni mahalla va tumanlardagi tajriba va kasb-hunarga muhtoj boʼlgan yoshlarga oʼz bilimizni ulashishni rejalashtirganmiz”.

Maxmuda opaning ishtiyoqi va energiyasi, xayotiy tajribasi hech kimni befarq qoldirmaydi.

Imkoniyati cheklanganlarning jamiyatga kirishishi, barqaror rivojlanish yoʼlidagi muhim shartidir. Shuningdek, bu 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish uchun asosiy maqsadlaridan biri.

Oʼzbekistonda rasman 630 mingdan ortiq nogironligi bor shaxs roʼyxatga o’tkazilgan bo’lib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maʼlumotlariga koʼra, ulardan 25 foizdan ortigʼi yoki 162,2 ming nafari “ayrim turdagi ishlarni bajarishga qodir” deb topilgan. Biroq, 2020 yil holatiga ko’ra mehnatga layoqatli shaxslarning umumiy sonidan faqat 21,1 mingta yoki 13% turli nogironlik shakllariga ega shaxslar rasman ishga joylashgan.

BMTTD koʼp yillar davomida inklyuziv gʼoyalarni ilgari surib kelmoqda. Masalan, loyihalarda qoʼllaniladigan Inklyuziv biznes-modellar (inclusive business models) kontseptsiyasi kam taʼminlanganlarni qiymat zanjirining turli bosqichlarida, talab jihatidan – isteʼmolchi, mijoz yoki xaridor sifatida, taklif jihatidan – xodim, ishlab chiqaruvchi va tadbirkor sifatida ishtirok etishini taqazo qiladi. [BMT hisoboti ..., 2010].---

BMTTD inklyuziv taraqqiyot maqsadida aholi orasida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash uchun ish olib boradi.