Karantin onlayn faoliyat olib borishda yuridik klinikani yangi bosqichga olib chiqdi

22-July, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi bir necha yildan beri aholiga beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bizning USAID hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihamiz doirasida texnik va o‘quv ko‘magi bilan yuridik klinika talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda tadbiq etish  hamda ularda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Bugungi kunda butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin davrida ham yuridik klinikaning faoliyati bir kun ham to‘xtamadi, aksincha, universitet va klinika rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar hamda onlayn platforma yaratilishi sababli murojaatlar soni keskin oshib ketdi.Karantin sharoitida fuqarolarni yuridik klinikada bevosita qabul qilish imkoni yo‘qligini inobatga olib, telegram tarmog‘ida maxsus bot tashkil etildi (@Yuridik_klinika_bot). Fuqarolarga onlayn maslahat berish tizimini qisqa muddatda samarali joriy etishga 2019-yilning sentabr oyidan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslarga onlayn tarzda huquqiy maslahatlar berish tartibi joriy qilingani ancha yordam berdi: klinikada bu borada zarur infrotuzilma, malakali kadrlar, eng asosiysi, fuqarolarga masofadan turib huquqiy maslahat berish ko‘nikmalari shakllangan edi.

Karantin sharoitida klinikaning telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasini yuritish va fuqarolar hamda yuridik shaxslarni qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilib borish maqsadida universitet huquqshunos-pedagog xodimlari va iqtidorli talabalardan iborat jamoa shakllantirildi. O‘tgan qisqa muddatda yuridik klinikaning telegram kanaliga 5000 nafardan ortiq kishi a’zo bo‘ldi va hozirgi kunga qadar mazkur telegram kanal orqali 10 mingga yaqin murojaatlarga javob berildi.

Fuqarolarning yuridik klinikamizga telegram kanali orqali murojaat qilishlari  aholi uchun yaratilgan katta  qulaylik,– deydi Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi Istoraxon Madumarova. - Uzoq masofada turib bizning xizmatdan foydalana olish hamda savollariga qisqa fursatda javob olishlari shular jumlasidandir. Onlayn huquqiy maslahat berishning yo‘lga qo‘yilgani nafaqat fuqarolar, balki yuridik klinikada faoliyat yuritayotgan talabalar uchun ham ijobiy natija bermoqda. U yerda ellikka yaqin talabalar bir-birimiz bilan fikr almashgan holda, har bir murojaatga qonuniy yechim beramiz va bu biz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi,  balki o‘z faoliyatimizdan zavqlanamiz.

Koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin davrida fuqarolarga huquqiy maslahat berishni yanada faollashtirish hamda pandemiyaning huquqiy oqibatlari bilan bog‘liq savollarga javob berish maqsadida 2020-yilning aprel oyidan boshlab telegram ijtimoiy tarmog‘ida alohida @Yuridik_klinika_bot ishga tushirildi va o‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur bot orqali aholining 1000ga yaqin murojaatlariga javob berildi. Huquqshunos xodimlar va talabalardan iborat jamoa barcha huquq sohalari bo‘yicha kichik guruhlarga bo‘lingan holda tizimli ish tashkil etdilar. Savollarga javob yo‘llash asnosida talabalarning nazariy bilimlari amaliyot bilan uyg‘unlashtirilishiga alohida e’tibor berilmoqda.

Karantin sharoitida o‘tgan to’rt oy mobaynida yuridik klinikaning onlayn platformasigasiga huquqning turli sohalariga oid 1000ga yaqin savol kelib tushdi. Bu joriy yilning birinchi choragiga nisbatan qariyb 8 barobar ko‘p. Karantindan oldingi davrga solishtirganda, mehnat huquqiga oid savollarning kelib tushishida keskin o‘sish kuzatildi. Bu hodisa joriy qilingan karantin, masofadan turib ishlashga o‘tish, aksariyat korxonalarda xodimlar sonini qisqartirish yoki ularni mehnat ta’tiliga chiqarishga oid omillar bilan bevosita bog‘liq. Fuqarolarning pandemiyadan kelib chiqadigan huquqiy savollariga javob berishda shu narsa kuzatildiki, ko‘pchilik mamlakatlarda bo‘lganidek, mamlakatimiz qonunchiligida ham mehnat huquqiga oid yuqorida keltirilgan holatlar yetarli darajada huquqiy tartibga solinmagani ma’lum bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, pandemiya sharoitida mehnat faoliyatini amalga oshirishni tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish zaruratini hamda mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassislariga bo‘lgan talabning ortganini ko‘rsatdi. Pandemiya sababli ko‘paygan mehnat huquqiga oid savollarga javob berishda TDYU “Mehnat huquqi” kafedrasi o’qituvchisi Miryoqib Raximov fuqarolarning mehnat huquqiga tegishli 100ga yaqin savollariga bepul huququiy maslahat berib, ularning huquqiy ongini oshirish hamda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Yuridik klinika faoliyatiga amaliyotchi mutaxassislarni jalb etish,  ularning tajribalaridan foydalangan holda fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berish hamda talabalarimizning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Masalan, ayni vaqtda fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi lavozimida faoliyat yuritayotgan Sadoqat Safoyeva o‘zining faol ishtiroki bilan fuqarolarga masofadan turib beg‘araz yordam berishda amaliyotchi xodimlarning o‘rnini ko‘rsatib berdi. Mazkur xodim tomonidan karantin davrida fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaat qilgan 100dan ortiq shaxslarning savollariga bepul huquqiy yordam va tushuntirishlar berildi.

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020-yil aprel – iyun  oyiga qadar fuqarolardan 1000ga yaqin onlayn murojaatlar kelib tushgan bo‘lib,  ularning aksariyati fuqarolik va mehnat munosabatlariga tegishli. Quyidagi diagrammada birgina 2020-yilning aprel – iyun  oylaridagi onlayn murojaatlarning huquq sohalariga tegishliligini kurish mumkin.

Universitet va yuridik klinika rahbariyati bugungi kunda fuqarolarga onlayn xizmat ko‘rsatish shakllarini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirmoqda. Xususan, nafaqat fuqarolarning savollariga javob berish, balki ularning huquqiy ongini tizimli ravishda oshirib borish hamda real huquqiy muammolar bilan ishlay olagidan sifatli kadrlar tayyorlash maqsadida elektron universitet loyihasi doirasida yuridik klinikaning maxsus websaytini yaratish, unda onlayn va offlayn, video, audio hamda matnli shakllardagi maslahatlat, tushunitirish va tavsiyalarni muntazam yuklab borish borasida maqsadli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda – deydi yuridik kliniika rahbari Otabek Narziev.