Oʻzbekistonda inklyuziya yordamida hayot simfoniyasini boyitish sari

BMT volontyori Xudoyqul Hafizov hayoti va faoliyatiga nazar

24-January, 2022

Sur’at: Hudoyqulning shaxsiy arxividan

Xudoyqul Hafizov yumshoq soʻzli, Birlashgan Millatlar Tashkilotining volontyori boʻlib, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasida nogironlik va inklyuziya masalalari boʻyicha mutaxassis sifatida ishlaydi. U odamlarning, ayniqsa, o'zi kabi nogironligi boʻlgan shaxslarning qanchalik matonatli, shijoatli va qat'iyatli bo'lishidan hayratlanadi.

Xudoyqul O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumanida tug’ilib o’sgan. Uning so'zlariga ko'ra, u bolaligida boshqalardan ajralib qolmaslik va jamiyatning teng huquqli ishtirokchisi sifatida hayot kechirishi uchun har doim "qo'shimcha kuch" sarflashga o'rgangan. Va shuning uddasidan chiqdi ham - universitetda milliy va xalqaro huquq yo’nalishidagi fanlardan a'lo baholarga o’qidi.

Samarqand davlat universitetini bitirgandan so‘ng, Xudoyqul Samarqand viloyat bojxona boshqarmasida yangi kimyo laboratoriyasini tashkil etishga mas’ul bo’lib ishladi. Shundan so‘ng u British American Tobacco (“BAT” O’zbekiston) kompaniyasida avval sifat nazorati bo‘yicha mutaxassis, so‘ngra mahsulot ishlab chiqish bo’yicha mutaxassis sifatida ishladi. “BAT” O’zbekiston kompaniyasida ishlagan davrida u mahsulotlarni yaratish va ishlab chiqarish, sifat nazorati, loyihalarni boshqarish, bozor tadqiqotlari, ta'minot zanjiri tahlili, ichki hisobotlarni boshqarish tizimlari bo'yicha keng bilim va tushunchalarga ega bo'ldi va u bir nechta shaxsiy rivojlanish kurslarini ham tamomladi. Uning aytishicha, u shu vaqt ichida ham shaxsiy, ham kasbiy jihatdan o’sishga erishgan.

Ishdan ketgach, Xudoyqul Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko’chishga qaror qildi va bir muhandislik kompaniyaga ishlab chiqarish sifati bo‘yicha mutaxassis lavozimiga ishga kirdi. O'zining namunali ishlashiga qaramay, u imkoniyatlarini cheklovchi to'siqqa duch keldi. Uning ko'rish qobiliyati buzilganligi sababli u mashinani boshqara olmas edi va u yerda jamoat transportining yetishmasligi u uchun jiddiy qiyinchiliklarni olib kelgan edi. Do'stlarining maslahatiga ko'ra, u ajoyib jamoat transporti tizimiga ega Nyu York shahriga ko'chib o'tdi. U yerda u Bruklindagi Silver Rod dorixonasida farmatsevt texnik sifatida ish topdi.

Xudoyqulning aytishicha, bu bilan uning hayotidagi butunlay yangi bob boshlangan edi. "Bu ish menga shaxsiyatimning turli tomonlarini o'rganish imkoniyatini berdi va men bemorlar va nogironligi bor insonlar bilan jamoatchilik joyida muloqot qilishni o’rgandim", aytib beradi u. "Bu tajriba menga bemorlarni parvarish qilishning turli jihatlarini, mijozlarga xizmat ko'rsatishni va nogironlik inklyuziyasining muhim jihatlarini o'rganishga imkon berdi."

Garchi bu boshlang’ich darajadagi lavozim bo'lsa-da, u ko'p vaqtini Sog'liqni saqlash tizimi asoslari bo'yicha kasbiy ta’lim olishga bag'ishladi va besh yil o'tgach, u har doim qilgan har bir ishiga qo'shimcha kuch sarflaganligi sababli maxsus bo'lim boshlig’i lavozimiga ko’tarildi. Bu lavozimda hamkasblari va xodimlari uni juda hurmat qilishar edi. Uni hatto Doktor Kul deb chaqirishga odatlanib qolishgan edi (bu laqabi ismining ikkinchi qismidan va ingliz tilidagi “zo’r, ajoyib” deb tushuniladigan “cool” so’zining talaffuziga mos kelganidan kelib chiqqan).

Xudoyqul volontyorlik rivojlanish muammolarini hal qilishda odamlar bilan hamkorlik qilishning kuchli vositasiligiga ishonadi, va bu ishonch unga ilhom bahsh etadi. Uning hayotiy tajribasi, shuningdek, uni volontyor bo'lishga va boshqalarga har xil imkoniyatlar izlashdan to’xtamaslikda yordam berishga undaydi. "Odamlarning nogironligi borligini tushunganimda, men ko'pincha ular boshidan kechirgan voqealarni o’zimni tajribamga taqqoslay olaman va bu meni ko'proq ishtirok etishga undaydi", deb aytadi u. "Ular ko'rsatgan yordamim uchun minnatdorchilik bildirishganda, dunyodagi eng yaxshi tuyg'ulardan birini his etaman."

Xudoyqul ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasida Shvetsiya Xalqaro Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligining (SIDA) moddiy ko'magida tashkil etilgan nogironlik va inklyuziya masalalari bo‘yicha milliy mutaxassis lavozimida faoliyat olib boradi. Uning vazifalari nogironligi bor shaxslar uchun inklyuziv ish muhiti, qulayliklar va kerakli sharoitlarni yaratish bo'yicha maslahatlar berishni o'z ichiga oladi. Bunga adolatli ishga yollash jarayonlarini ta'minlash va qulay ish joylarini taqdim etish kiradi. Xudoyqulning e’tirof etishicha, COVID-19 pandemiyasi va u bilan bo’gliq cheklovlar ham vaziyatni osonlashtirmadi va bu yangi haqiqat yanada kreativ yondashuv, sabr-toqat va matonat talab qiladi.


Xudoyqul Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturida volontyorlik faoliyatini boshlaganida, hayotida birinchi marta ish joyida chinakam va to‘liq ishtirok etayotganligini his qilganini aytdi. "Hayot tez o’zgaradi va har doim o'rganish yoki rivojlanish uchun o'rin bor", deydi u. “Qiyinchiliklarga qaramay, agar nogironligi bor insonlar uchun qulayliklar va shart-sharoit yaratilsa, ular hayotning barcha jabhalarida hamma bilan bir xil darajada ishtirok etishiga ko'p marotaba o’zim guvoh bo'lganman. Biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamma bilan teng ravishda har tomonlama rivojlanishi, ishtirok etishi, malaka oshirishi va imkoniyatlarini kengaytirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishimiz kerak”.

Xudoyqulning eng sevimli iqtibosi 19-asr faylasufi va musiqashunos professor, islom tasavvufini Gʻarbga olib kelgan Hazrati Inoyatxon qalamiga mansub: “Hayot - bu simfoniya va har bir insonning hayotidagi harakatlari bu musiqiy asardagi uning o'ziga xos qismini ijro etishdir", deb yozgan ekan u.

“Haqiqatdan ham”, – deb qo‘shimcha qiladi Xudoyqul, – “nogironligi bor shaxslarning notalarini qo’shmasak, simfoniya hech qachon to‘liq bo‘lmaydi.”