Taxtakoʻpir tumanidagi uchta hamjamiyat ichimlik suvi bilan taʼminlandi

1-March, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

- Endilikda taomimiz ham mazaliroq boʻlmoqda, choyni ham maroq bilan ichmoqdamiz. Axir maʼlumki, bizning Sharqda biron kun choysiz oʻtmaydi. Ayniqsa ayozli qish faslida.Suv toza boʻlganida esa salomatlik haqida unchalik qaygʻurmasa ham boʻladi, - deya oʻz fikrlarini bildirdi “Taza konis” hamjamiyatilik Mariya bizni Qoraqalpogʻistonda urf boʻlib qolgan bir piyola qaynoq sutli choyga taklif qilar ekan.

“Beltov” qishloq fuqarolik yigʻinidagi “Taza konis” hamjamiyati Qoraqalpogʻistonning eng shimoliy tumani boʻlmish Taxtakoʻpirda joylashgan. Bu yerda suvning har bir qatrasi qanchalik ahamiyatli ekanligini juda ham yaxshi bilishadi. Chunki Orol dengizini qurishi bir qancha ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni keltirib chiqardi, butun hudud aholisining farovon turmushi va salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. COVID-19 avj olishi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish sogʻliq uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor namoyon etib, odatdagi hayot tarziga oʻzining tuzatishlarini kiritdi.

Mariya Konisbayeva 43 yoshda. U uy bekasi. Turmush oʻrtogʻi Qurbon Qosimov bilan uch nafar farzandni tarbiyalamoqda. Oljas – 10-sinf oʻquvchisi, Albina 9-sinfda va kichkintoy Eljas esa uchinchi sinfni tugallamoqda. Er-xotin xoʻjalikni yuritishadi, bolalariga taʼlim olishlarida yordam berishmoqda, ularga yaxshi bilim berishni orzu qilishmoqda. Yaqinda esa ularning xonadoniga suv keldi.

- Oldinlari biz har kuni suv keltirish uchun quduqqa borardik. Uni tozalaydigan filtr esa bir necha yil oldin buzilib qolgandi, shuning uchun ham ichish, ham maishiy ehtiyojlar, ham poliz ekinlarini sugʻorish uchun bor suvdan foydalanib kelayotgan edik. Koronavirus tufayli joriy etilgan karantin vaqtida sharoit anchagina qiyinlashdi. Endi esa har bir xonadonda oʻzining suv qurilmasi bor, - deydi Qurbon.

Qurbon va Mariya oʻzlarining hamjamiyatlarini faollaridan hisoblanishadi. Qurbon butun umri davomida suv tozalash stantsiyasida operator boʻlib ishlagan va yuzaga kelgan vaziyatning barcha jihatlarini boshqalardan koʻra yaxshiroq biladi. BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Barqaror qishloq hududlari rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal qilish” birinchi loyihasi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi 2019 yilning noyabr oyida Taxtakoʻpir tumanidagi hamjamiyatlarni safarbar qilish boʻyicha seminarlar turkumini oʻtkazdi. Uchrashuv mobaynida aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanish borasidagi muammolarni koʻtarishdi. Hamjamiyatda bir necha yil oldin suvni tozalash va taqsimlash tizimi ishdan chiqqan edi. Suv taʼminoti boshqarmasi, suv taʼminoti tuman boʻlimi, Taxtakoʻpir tumani hokimiyati va hamjamiyatlarning tashabbuskorlar guruhi aʼzolari bilan kelishgan holda mavjud tizimni taʼmirlash va qishloq aholisi xonadonlarini suv bilan taʼminlash haqida qaror qabul qilindi.

- Endilikda farzandlarimga koʻproq vaqt ajratish, ularni darslarini tayyorlash, oʻqishlarida koʻmak berishdan xursandman. Endi sogʻligʻim haqidayam qaygʻurmasam boʻladi. Koronavirus tarqalishi tufayli tez-tez qoʻl yuvib turishga toʻgʻri kelmoqda, farzandlarimni ham shunga oʻrgatdim. Lekin ayozli kunlarda uyga suv tashib keltirish qiyin edi. Endi esa suvni oʻzi bizlarga yetib keldi. Mazasini aytmaysizmi! Aytgancha, suv joʻmragi bilan bizga hisoblagich ham oʻrnatishdi. Isteʼmol qildinayotgan suvni hisobini olib borish yengillashdi. Biz uchun suvning har bir tomchisi bebahodir, - deya qayd etdi Mariya.

2020-yilning dekabr oyida suvni tozalash qurilmasi va suv quvurlari tarmogʻini foydalanishga topshirish marosimi oʻtkazildi. Undan tashqari, Taxtakoʻpir tumanining uchta hamjamiyatida suv taʼminoti tizimlarini taʼmirlash ishlari yakunlandi, “Marjonkoʻl” qishloq fuqarolar yigʻinida soatiga 8 kub, “Janadarya” qishloq fuqarolar yigʻinida soatiga 10 kub suvni filtrlay olish quvvatiga ega boʻlgan suvni tozalash uskunalari oʻrnatildi. Mazkur tashabbus olis hamjamiyatlarda istiqomat qiluvchi qariyb 3500 nafar aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash imkonini berdi.

Shuningdek, loyiha xodimlarini koʻmagida maqsadli hamjamiyatlarda aholini suv orqali oʻtuvchi kasalliklarni, hamda COVID-19 virusini tarqalishi oldini olishdagi sanitariya va gigiyena masalalari boʻyicha mahalliy aholining xabardorligini oshirish uchun treninglar turkumi oʻtkazildi.

Shu narsa ravshanki, aholi uchun suvga yetishish, hamda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish qishloq joylarni barqaror rivojini qoʻllashda ham qiluvchi ahamiyatga ega. Hamjamiyatlarni suv taʼminoti va sanitariya dasturlarini ishlab chiqish, boshqarish va bajarishdagi ishtiroki amalga oshirilayotgan tashabbuslarning barqarorligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.