Qoraqalpogʻistonda chorvachilikni rivojlantirish orqali salomatlikni yaxshilash, bandlikni oshirish va yerlardan samarali foydalanish

16-June, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

2018 yildan beri Qoraqalpogʻistonda iqlim oʻzgarishi va Orol dengizini qurishi oqibatlarini yengillashtirish uchun  ilk marotaba yaylov kooperativlarini tuzish amaliyoti qoʻllanila boshladi. Bugun, shuningdek, chorvadorlar koronavirus infeksiyasini tarqalishiga qarshi kurash olib bormoqdalar.

Tumanimizda chorvachilikka yordamlashish istagi keng koʻlamli loyihaga aylanganidan judayam xursandman. Men insonlarga foydam tegishi mumkinligini his qilayapman, bu esa kuch bermoqda va yangi gʻoyalarga undamoqda, - deydi Nafisa Boyniyozova, Moʻynoq tumanidagi “Ajiniyaz Jaylawlari” yaylov kooperativi raisi.

Orol dengizini qurishi bilan hududda choʻllanish va yaylovlarni yemirilishi jarayonlari sezilarli kuchaydi. 1995 yildan to 2014 yilgacha Qoraqalpogʻistonda ularning unumdorligi 23 foizga pasaydi, bu vaqtda esa yirik shohli qoramolning soni va zichligi oshishda davom etmoqda. 

Yaylov kooperativlari ilgʻor texnologiyalarni jalb etish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini oshiribgina qolmasdan, balki hududda COVID-19ni tarqalishini cheklab qoʻyishdi.

“Ajiniyaz Jaylawlari” - Moʻynoq tumanidagi “Hakim ota” qishloq fuqarolar yigʻinidagi yaylov kooperatividir. U 9ta oʻzi kabilar bilan Qoraqalpogʻistonda 2018 yilda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adaptatsiya jamgʻarmasining koʻmagida tashkil etildi.

Bugungi kunda Nafisa boshqarayotgan “Ajiniyaz Jaylawlari” kooperativ ixtiyorida 582 gektardan ortiq yaylov bor. Kooperativ aʼzolari boʻlgan 595 oila samarali chorvadorlik va qishloq xoʻjaligini boshqarish boʻyicha xizmatlardan foydalanib kelmoqda. Umuman olganda, 10ta kooperativ ehtiyoji uchun 34 964 gektar yer ajratilgan, u yerda bugungi kunda 50 320 nafar mahalliy aholi vakillarining 8 198ta oilasiga tegishli boʻlgan 44 779ta yirik shohli qoramol, 61 610ta qoʻy va echki, 3 620ta ot, 164 tuya oziqlanmoqda.  

Bunday kooperativlar yemirilgan va kam hosildor yerlarni tiklash va mahalliy chorvadorlarni yuqori sifatli yem-hashakdan muntazam taʼminlanishlari uchun mamlakatning shimoliy mintaqasida joriy qilinayotgan misli koʻrilmagan tashabbusdir. BMTning koʻmagida kooperativlar traktorlar, omochlar, lappakli mola, oʻroq mashinalari, press-oʻrgichlar, yaylovlarni suvni tejab sugʻorish texnologiyalari va yem-hashak ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun texnologiyalar bilan taʼminlangan.

Karantin eʼlon qilinganining birinchi kunidanoq Nafisa boshchiligida kooperativ aʼzolari, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, 2020 yilning 25 may kuniga kelib tumanning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun  15 gektar yerga beda, 12 gektarga sabzavot-poliz ekinlari, 5 gektarga makkayi va joʻhori ekdilar. Bunda yerga nol darajada, yaʼni shudgorlamasdan ishlov berish texnologiyasidan foydalanildi.

Oʻtgan yildan boshlab bu yerda kuniga 500 kilogramm yashil yemni tayyorlash quvvatiga ega boʻlgan texnologiya, ya’ni gidroponika qurilmasi qoʻllanila boshladi. Gidroponika — bu oʻsimliklar tuproqdan tashqarida oʻstirish usulidir. Bunday qurilma oʻsimliklarni yetishtirish sharoitini tartibga solib turish imkonini beradi, yaʼni ildiz tizimlari uchun ozuqlantirish rejimini yaratish orqali qisqa muddatlarda yuqori, sifatli hosildorlikka erishishni taʼminlaydi.

Shunday qilib, endilikda bir kunda 167tagacha yirik shohli qoramolni ozuqlantirish mumkin boʻlmoqda, natijada 300 gektar yaylovni bosimdan boʻshatish imkonini berdi. Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu usulda yetishtirilgan yemning hajmi 75 gektar sugʻoriladigan yerda yetishtirish mumkin boʻlgan mahsulotga tengdir.

Gidroponikani oʻrnatish, shuningdek, aholini koronavirus tufayli joriy etilgan karantinda salomatligini saqlab qolish uchun qoʻshimcha afzallikka egadir. 

Gidropon qurilmasiga tegishli eʼtibor ham qaratish talab qilinadi. Yem xavfsiz va mollar salomatligi uchun foydali boʻlishi uchun qurilmani dezinfeksiya qilib turish lozim. Buning uchun bizda elektroliz uskunalari bor. Ular yordamida biz dezinfeksiyalash vositasi boʻlgan natriy gipoxloritini ishlab chiqmoqdamiz, - deydi Bektileu Abilov, Bozatov tumanidagi “Bozatau Jaylawi” yaylov kooperativi rahbari.

Maʼlumot uchun, natriy gipoxloriti bakteriyalarni yoʻq qiluvchi va sterillovchi vosita sifatida tibbiyot, oziq-ovqat sanoati va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi.

Koronavirus boʻyicha karantin kunlarida biz tuman SESlari mutaxassislari bilan birlashdik va mahalliy aholi ehtiyojlari uchun natriy gipoxloritini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik, - qayd etdi Bektileu Abilov.

Joriy yilning 25 mart kunidan boshlab Nafisa va Bektileu har bir tuman hamjamiyatlari uchun 75-80 dezinfeksiyalovchi vositani taqdim etmoqda. Ular yordamida bolalar bogʻchalari, maktablar, davolash muassasalari, doʻkonlar va odamlar koʻp boradigan boshqa joylar, hamda turarjoy majmualari va xususiy xoʻjaliklarda sanitar ishlovlari muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.

Biz Moʻynoq tumanidagi “Hakim ota” va “Bozatov” qishloq fuqarolari yigʻinlaridagi 265ga yaqin uy xoʻjaliklari, tashkilotlar va korxonalarni qamrab oldik. Mahalliy aholi 2 100 litrdan koʻproq dezinfeksiya vositalarini olishdi. Ishlar davom etmoqda va tez orada hayotimizning oldingi tarziga qaytishimizga juda ham ishonaman, - deya qayd etdi Nafisa Bayniyazova.  

 

Yaqin orada BMTTD koʻmagida Qoraqalpogʻiston tumanlariga qoʻshimcha 10ta elektroliz uskunasi toʻplami taqdim etiladi. 

Karantin vaqtida bandlikni taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ajiniyaz Jaylawlari” yaylov kooperativida yaqin atrofdagi ovullardan 10 nafar odam ish bilan taʼminlandi. Karantin vaqtida Qoraqalpogʻistonning yaylov kooperativlari tomonidan jami 88 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlandi. 

Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimga bardoshligini taʼminlash, hamda Qoraqalpogʻistonning qurgʻoqchil tumanlarida joylashgan hamjamiyatlarning turmush faoliyat olib borishlariga qulay sharoitlarni yaratish uchun  mahalliy hamkorlar va xalqaro donorlar bilan saʼy-harakatlarni birlashtirmoqda.