O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda xususiy sektorning potentsial o’rni

17-March, 2022

Surat: BMTTD O'zbekiston

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va taraqqiyot vazirligi bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy majburiyatlarni bajarishga xususiy sektor qanday hissa qo‘shishi mumkinligini muhokama qilish uchun davra suhbati o‘tkazdi. 

2021 yil noyabr oyida Shotlandiyaning Glazgo shahrida BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha doiraviy konvensiyasi (TK-26) ishtirokchilarining 26-konferensiyasi bo’lib o’tdi. Davra suhbati ishtirokchilariga ushbu TK 26 da milliy delegatsiya tomonidan e’lon qilingan O‘zbekistonning Yalpi Ichki Mahsulot (YIM) birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasi miqdorini kamaytirish bo‘yicha dastlabki milliy majburiyatlari (2010 yil darajasidan 10 foizga) qayta ko‘rib chiqilgani va sezilarli darajada oshirilganligi ya’ni 2030 yilga borib 35 foizgacha belgilanganligi haqida ma’lumot berildi. 

Davra suhbatida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, o‘z mas’uliyatini anglagan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda milliy miqyosda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida faol ishtirok etishni maqsad qilgan O‘zbekiston xususiy sektori vakillari yig‘ildi. Xususiy sektor ishtirok etadigan milliy iqtisodiyot tarmoqlari iqlim o'zgarishi ta'siriga nisbatan zaif yoki o'zlari issiqxona gazlarining juda katta emissiya manbasidir. 

Surat: BMTTD O'zbekiston

Ozon qatlamini nolga teng darajada yemiruvchi va global isish potentsiali past bo‘lgan energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sovutish va konditsionerlik sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy xususiy kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan ishlari haqida gapirib, “Xususiy sektor ishtiroki va yanada kengroq jalb etilishi iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish jarayonida kuchli harakatlantiruvchi kuchga aylanishi hamda innovatsion va kam uglerodli texnologiyalarni keng joriy etish va qo‘llashga hissa qo‘shishi mumkin”, – dedi BMTTD/GEFning O‘zbekistondagi loyihasi rahbari Isroiljon Xasanov. 

Davra suhbati ishtirokchilari Parij kelishuvining asosiy maqsad va vazifalariga erishish bo‘yicha milliy miqyosdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishdi. Rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya va yangilash, ishlab chiqarishning energiya sarfini kamaytirish, elektr tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish, neft va gaz sanoatida tabiiy gaz sizib chiqishini bartaraf etish, sanoat va suv xo‘jaligidagi energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, kam uglerodli binolar qurish, transportni toza yoqilg‘iga o‘tkazish, o‘rmon maydonlarini kengaytirish va yer unumdorligini oshirish ko'tarilgan majburiyatlarni bajarish uchun asos bo‘lmoqda. 

Xususiy sektor vakillari ishtirokidagi davra suhbati BMTTD tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmatlari markazi (O'zgidromet) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha siyosiy harakatlar – II bosqich” mintaqaviy loyihasi doirasida o'tkazildi. Uning maqsadi xususiy sektorning Parij kelishuvi bo'yicha issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo'yicha milliy majburiyatlarni bajarishga qanday hissa qo'shishi mumkinligi to'g'risidagi nuqtai nazarini aniqlash edi. 

Muhokama ularga, atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlash va iqlim oʻzgarishining oldini olish maqsadida tegishli qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar vakillari bilan saʼy-harakatlarni birlashtirish, hamda xususiy sektor tomonidan taklif etilayotgan salohiyatni yanada oshirish orqali bartaraf etilishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni tushunishga yordam berdi.