Oliy Majlis Qonunchilik palatasida elektron muhitda kommunikatsiyalar mavzusida seminarlar bo‘lib o‘tdi

28-December, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 23-24 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Deputatlarning samarali elektron muloqotini tashkil etish” mavzusida amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad parlament a’zolarining elektron muhitda jamoatchilik bilan muloqotni samarali tashkil etish bo‘yicha malakasini oshirishdan iborat. Ikki kunlik kurs davomida yetakchi milliy ekspertlar va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Seminar interaktiv formatda o‘tkazildi, nazariy qismdan tashqari amaliy mashg‘ulotlar ham dasturdan o‘rin oldi. Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotning muhim jihatlarini muhokama qilishdi va onlayn sahifalarni yuritish, qayta aloqa usullaridan foydalanish misollarini tahlil qilishdi. Ma’ruzachilar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni boshqarish va OAVda e’lon qilish uchun maqolalar tayyorlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdilar.

Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy siyosatchilar, jumladan, deputatlar hayotining ajralmas qismiga aylanganini hisobga olib, amaliy seminarlarning dolzarbligini ta’kidladilar. Tashkil etilgan seminarlar deputatlarning elektron muhitdagi bilimlarini oshirish, saylovchilar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga yordam beradi.