Vazirliklar va OTMlar vakillari ekotizim xizmatlarini iqtisodiy baholashni o‘rganadilar


15-December, 2021

Image: UNDP Image

Keling, birinchi aniqlab olamiz: ekotizim xizmatlarining iqtisodiy baholanishi nima? Bu tabiatan mavjud iqtisodiy ne'matlarni ko‘rinadigan va seziladigan qiluvchi jarayon bo‘lib, tabiiy mahsulotlar va xizmatlar (“ekotizim xizmatlari” deb ataladi)ning qadrini baholash va ochib berish hamda sanoat rivojlanishining asl bahosini aniqlash imkonini beradi. Ushbu baholangan qiymatlar ijro hokimiyatining siyosati, sa'y-harakatini tanlash, biznesda qarorlar qabul qilish va iste'molchilar xatti-harakati uchun axborot berishi mumkin.

Rivojlanish siyosatini ishlab chiqishda ekotizim xizmatlarini hisobga olish kelajakda mablag‘larni tejashga, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga, hayot sifatini oshirishga yordam berishi mumkin. Bu yondashuv, shuningdek, kambag‘allikka qarshi kurashishda ham yordam beradi, chunki u insonlar bog‘liq bo‘lgan taqchil va eng muhim resurslar va xizmatlarning taqsimotini aniqlaydi.

Uch kunlik “Ekotizim xizmatlarini iqtisodiy baholash” treningi iqtisodiyot sohasida boshlang‘ich bilimga ega hamda ekotizim xizmatlarini qo‘llash konsepsiyalari va uslublari bilan tanish bo‘lgan atrof-muhitni muhofaza qilish va rivojlantirish sohasidagi amaliyotchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.

Kursdan maqsad ishtirokchilarga ekotizim xizmatlari iqtisodiy qadrini baholash jarayonlarini qanday ishlab chiqish, boshqarish va qo‘llash, shuningdek olingan natijalarni tabiatni muhofaza qilish va rivojlantirish sohasida qarorlar qabul qilish jarayonini mustahkamlash uchun samarali va ishonchli tarzda qo‘llash bo‘yicha bilim va tasavvurlar berishdan iborat.

Trening yakunlangach, ishtirokchilar ekotizimlarni baholash asosida yotuvchi asosiy iqtisodiy konsepsiyalar, tamoyillar va atamalarni tushunadilar; ekotizimlarni baholash bo‘yicha tadqiqotlar nega, qachon va qanday qilib muayyan strategik maqsadlar va qarorlar qabul qilish shartlari uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aniqlay oladilar; o‘z ishlari davomida ekotizimni baholashga oid tadqiqotlarni ishlab chiqish, o‘tkazish, boshqarish va natijalaridan foydalanish jarayonlari ustidan nazoratni amalga oshira oladilar.

Trening O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondning “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog‘li hududlarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.