O‘zbekistonning 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotidagi raisligi yakunlari sarhisob qilindi

21-December, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqadagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda barqaror rivojlanish bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida tashkil etilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti qisqa vaqt ichida gender tengligi va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, mintaqa ayollari o‘rtasidagi hamjihatlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi ekanligini isbotladi.

Muloqot boshlanganidan buyon qator uchrashuvlar o‘tkazilib, gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid ko‘plab dolzarb masalalar, bu boradagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Muloqotda raisligi doirasida uni mintaqadagi ayollar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali maslahatlashuvlar maydoniga aylantirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirdi.

O‘tgan davrdagi ishlarni sarhisob qilish, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional rivojlanish istiqbollarini ko‘rib chiqish, shuningdek, dunyoning boshqa mintaqalaridagi yetakchi ayollarning shu kabi uyushmalari bilan Muloqotning aloqalarini o‘rnatish maqsadida 2021-yil 21-dekabr kuni Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va “BMT-Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti a’zolari, mintaqa parlamentlari va hukumatlari vakillari, BMTTD, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va “BMT Ayollar” tashkiloti rahbarlari, “Ra'edat” Tenglik uchun arab ayollari parlamentariylar tarmog'i va Afrika yetakchi ayollari birlashmasi vakillari ishtirok etdilar.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva ushbu mintaqaviy platforma bir yildan kamroq vaqt ichida asoschilar kelishib olgan barcha vazifalar, shu jumladan, 2021-yil uchun Muloqot harakatlar rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. “Muloqot shafeligida o‘tkazilgan 12 ta tadbir yakuniga ko‘ra 8 ta hujjat qabul qilindi. Ular doirasida gender tengligi va barqaror rivojlanishni ta’minlashning deyarli barcha jihatlari qamrab olindi. Kelgusi yilda Muloqot doirasida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, sa’y-harakatlarni aniq natijalarga erishishga qaratish orqali ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolishimiz kerak”, – dedi T.Narbayeva.

BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger BMT hamkor tuzilmalari, xalqaro va milliy hamkorlarga koʻrsatayotgan muhim ko’magi uchun minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoda yetakchi ayollar mintaqa xotin-qizlarining manfaatlari himoyachilariga aylanganini taʼkidladi. "Bir yil oldin, biz Muloqotni ishga tushurganimizda, uning qanchalik muvaffaqiyatli va samarali bo'lishini tasavvur ham qila olmasdik. Muloqot doirasida o'tkazilayotgan bir qator tadbirlar ayollar kuchlarini birlashtirib, umumiy maqsadlarga erishish yo'lida siyosiy ko'mak bilan nimalarga erisha olishini namoyish etadi”, – xulosa qildi M.S. Egger.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German Muloqot gender tengligi bo‘yicha mintaqaviy tashabbuslarni muvofiqlashtirish, ilgari surish va yoritishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. “Ushbu platforma yaratilishining o‘zi juda muhim siyosiy va ramziy ahamiyatga ega, chunki u mamlakatlarning ushbu sohada taraqqiyotga erishish niyati va istagini ko‘rsatadi”, – dedi N.German.

“BMT-Ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Aliya El-Yassir Muloqot yetakchi ayollarga mintaqaviy hamkorlik va aloqalarni o‘rnatish uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi. “Muloqot tashkil etilganidan buyon Markaziy Osiyodagi ayollar eng muhim platformasi, yetakchilar uchrashuvlarining tashkilotchisi va g‘oyalar generatoriga aylandi”, – dedi A.El-Yassir.

Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning Muloqotda raisligining birinchi yili yakunlarini muhokama qildilar, mintaqaviy yetakchi ayollar birlashmalarining ayollar ishtiroki va yetakchiligini kengaytirish borasidagi tajribasini ko‘rib chiqdilar, 2022-yilda Muloqotning ustuvor yo‘nalishlarini va uning institutsional rivojlanish istiqbollarini belgilab oldilar.

2021-yil yakunida O‘zbekistonning Muloqotda raisligida 10 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, 8 ta yakuniy hujjat qabul qilingan. Buning natijasida Markaziy Osiyo ayollarining davlat boshqaruvi, preventive diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, ta’lim, fan, san’at, gender tengligi va umuman barqaror rivojlanish sohalarida o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan chora tadbirlar amalga oshirildi.

Yigʻilishda 2022-yilga moʻljallangan mintaqaviy platformaning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda ishtiroki darajasini oshirish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni oʻz ichiga olgan Muloqotning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga Murojaatnomasi qabul qilindi.

Xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari va amaliy ko‘magi Muloqotni gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish uchun to‘laqonli platforma sifatida tashkil etishga xizmat qildi. 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti barqaror rivojlanish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash yo'lida mintaqa ayollarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jarayonlarda yanada faolroq rol o‘ynashga intilishlarini yuqori darajada e’tirof etish va qo‘llab-quvvatlashga muvaffaq bo‘ldi.