Markaziy Osiyoda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini ilgari surish bo‘yicha umumiy pozitsiyalar kelishib olindi

20-December, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasi ayollarning tinchlik va xavfsizlikni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan barcha jarayonlar va sa’y-harakatlarda teng va to‘liq ishtirok etishi muhimligini tasdiqladi. Ushbu hujjat mojarolarni hal qilishda ayollar tajribasini xalqaro tinchlik va xavfsizlik kun tartibiga bogʻlovchi birinchi rezolyutsiya hisoblanadi.

2021-yil 2-iyulda Parijda bo‘lib o‘tgan “Avlodlar tengligi” forumida e’lon qilingan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik va gumanitar harakatlar to‘g‘risida”gi bitim tomonlarning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish zaruratining yorqin ifodasidir. BMTga aʼzo davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar, BMT tuzilmalari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralarni oʻz ichiga olgan 150 dan ortiq Bitim ishtirokchilari ushbu hujjatning muqaddimasi va doiraviy harkatlarini maʼqulladilar.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” Kun tartibini amalga oshirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganiga qaramay, belgilangan maqsadlar va o‘z zimmalariga olingan majburiyatlarni bajarish uchun mintaqa davlatlari xotin-qizlarning faolligini oshirish va siyosiy yetakchilikni oshirish, tegishli davlat dasturlarini moliyalashtirish, monitoring va natijalar yuzasidan hisobot berishni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishlari kutilmoqda.

2021-yilning 20-dekabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti shafeligida fuqarolik jamiyati ayollar tashkilotlari ishtirokida “Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashda ayollarning rolini kuchaytirish doirasida BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish” mavzusida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tdi.

Forumda Muloqot a‘zolari, Markaziy Osiyoning ayollar fuqarolik jamiyati tashkilotlari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlari vakillari, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibi boʻyicha ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʼyicha mintaqaviy markazi va “BMT-Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Mintaqaviy forum “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini milliy va mintaqaviy miqyosda amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasi 2000-yilda qabul qilinganidan buyon bu masala hali ham dolzarbligini yo'qotmaganini ta’kidladi. “Bugungi tadbirda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan 30 dan ortiq fuqarolik jamiyati ayol vakillari ishtirok etmoqda. Ularning faol, konstruktiv fuqarolik pozitsiyasi ayollarning roli va yetakchiligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Biz “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global Kun tartibini mamlakatimiz va umuman Markaziy Osiyo ravnaqi, tinchligi, xavfsizligi bo‘yicha o‘z zimmamizga olgan xalqaro majburiyatlarga muvofiq milliy va mintaqaviy darajada amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, – dedi T.Narbayeva.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, MOPDMM rahbari Natalya German o‘z nutqida BMTning 1325-sonli qarori doirasida so‘nggi 20 yil davomida erishilgan yutuqlar, avvalambor, fuqarolik jamiyatining xizmatlari ekanini ta’kidladi. “Ushbu forum fuqarolik jamiyatiga ayollarning roli bilan bogʻliq masalalarda oʻz gʻoyalarini, umuman olganda, gender tengligi sohasidagi siyosatni belgilab beruvchi Muloqot aʼzolariga yetkazish imkoniyatini beradi”, – dedi N.German.

“BMT-Ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Aliya El-Yassir ayollar fuqarolik jamiyati tashkilotlari nizolarning oldini olish va hal etishda muhim rol oʻynashini taʼkidladi. “Ular jamiyat ahilligini mustahkamlaydi, tinch ijtimoiy munosabatlar manfaatlari yo‘lida fuqarolar ongini yuksaltiradi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari Markaziy Osiyoda gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish yoʻlidagi taraqqiyotning yuragi va ruhidir”, – deya taʼkidladi A.El-Yassir.

Tadbir doirasida umumiy muammolar muhokama qilindi, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global Kun tartibi sohasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi, masalalarni hal etishning samarali mexanizmlari bo’yicha fikr almashildi, joriy va rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ilg’or tajriba ko’rib chiqildi.

 

Mintaqaviy forum ishtirokchilari fuqarolik jamiyati tashkilotlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti o‘rtasida hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish masalalarini ham muhokama qildilar.

Forum yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyoda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global Kun tartibini ilgari surish boʻyicha qoʻshma harakatlarning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, tegishli mintaqaviy harakatlar rejasini ishlab chiqish imkoniyatlari boʻyicha umumiy pozitsiyalar ishlab chiqildi va kelishib olindi.