Xotin-qizlar tadbirkorligi mamlakatimiz iqtisodiy farovonligi va ijtimoiy taraqqiyotining yuksalishi omilidir

23-November, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

Toshkent, 15 noyabr. O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi tomonidan tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli ma’rifiy aksiya boshlandi. Mazkur aksiya doirasida Assotsiatsiya BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida 2021-yil 19-noyabrda “Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda muvaffaqiyatli yondashuvlar: O‘zbekiston va jahon hamjamiyatining tajribasi” xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

Tadbir aloqalarni o‘rnatish, bilim va tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekiston va xorijdagi ishbilarmon ayollarni birlashtirish uchun maydon bo‘ldi. Anjumanda 170 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, tajribali ishbilarmon ayollar va o‘z biznesini ochishni rejalashtirayotgan yosh qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijiy biznes ekspertlari, moliya institutlari, sug‘urta kompaniyalari va rivojlanish tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.


Assosiatsiya raisi Gulnora Maxmudova o‘z nutqida bugungi kunda mamlakatimizda uyushmaning 68 hududiy bo‘linmasi faoliyat ko‘rsatayotgani, 200 dan ortiq mutaxassislar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan bir necha yillardan buyon 19-noyabr – Ayollar tadbirkorligi kuni keng nishonlanib kelinmoqda va bu yil ham uyushma tashkil etilganining 30 yilligiga to‘g‘ri keldi.


BMT Taraqqiyot dasturining Doimiy vakili Matilda Dimovska savdoga kengroq jalb etish va O’zbekiston ayollarini tadbirkorlik faoliyatida qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. "Hozirda BMTTD Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida tajribali murabbiy va mentorlar koʻmagida ayollar va yosh tadbirkorlarni muvaffaqiyatli biznes yaratish va yuritish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan mentorlik dasturini amalga oshirmoqda. Umid qilamizki, dastur yakunlangach, ayollar va yosh tadbirkorlar ham oʻz bizneslarini rivojlantirish va qishloq-oziq-ovqat sohasida o'zining eksportga yo'naltirilgan yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish imkoniyatiga ega bo’lishadi", dedi u.

Xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini ular uchun maqbul ishbilarmonlik muhitini yaratish orqali yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, gender tengligiga erishish va ayollar huquqlarini kengaytirish 2015 yilda jahon yetakchilari tomonidan qabul qilingan 17 Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) ajralmas qismidir. Ayollar va qizlarning barcha maqsadlarda huquqlarini ta'minlash orqaligina biz adolat va inklyuzivlikka, hamma uchun ishlaydigan iqtisodiyotga, hozirgi va kelajak avlodlar uchun umumiy muhitimizni saqlashga erisha olamiz.

BMTTD ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligini ta’minlashda savdoning ahamiyatini e’tirof etadi. Savdo, ayniqsa, xotin-qizlar hayotini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, iste’molchilarning tanlovini kengaytirish va jamiyatda ayollarning savdolashish qobiliyatini oshirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, BMTTDning “O‘zbekistonda savdoni rivojlantirishga ko’maklashish” loyihasi doirasida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish tizimi tahlili o‘tkazilib, uning asosida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Bundan tashqari, loyiha doirasida Assotsiatsiya va uning aʼzolarining eksportni rivojlantirish, tashqi bozorlarga chiqish va ayollar tadbirkorligi uchun maslahat dasturlari boʻyicha salohiyatini oshirish davom etmoqda.

Ta’kidlash joizki, BMTTDning savdoni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasi doirasida BMTga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

***                                                                                                                  

BMTTDning “Markaziy savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish – IV bosqich” mintaqaviy loyihasi Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va Markaziy Osiyo davlatlarini qishloq joylari va yashil ishlab chiqarish tarmoqlarida inklyuziv va barqaror o‘sish modellarini rag‘batlantirishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.