O'zbekiston BRMga erishish uchun Kompleks moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqmoqda

18-November, 2021

TOSHKENT, 2021 YIL 17 NOYABR: O'zbekiston Hukumati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida ishlab chiqilayotgan BRMning Kompleks moliyalashtirish strategiyasi kambag'allikka barham berish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda jami 16ta milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish jarayonini tezlashtiradi. Bugungi «davra suhbati» hukumat hamda hamkorlar bilan O'zbekiston uchun BRMning Kompleks moliyalashtirish strategiyasini rivojlantirish va rejalashtirishga doir asosiy milliy ustuvorliklarni takomillashtirishni muhokama qilish uchun zamin yaratdi.

BRMga erishish, jumladan 2030 yilga qadar sayyoramizdagi barcha odamlar uchun tinchlik va farovonlikni ta'minlash uchun sezilarli hajmdagi davlat va xususiy investitsiyalar talab etiladi. Shu bilan birga, BRMni moliyalashtirish 12 trillion AQSh dollari hisobiga bozor imkoniyatlarini yaratish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish choralarini amalga oshirish hisobiga 2030 yilgacha 380 million yangi ish o'rinlarini yaratish va qariyb 26 trillion AQSh dollarini tejab qolish evaziga iqtisodiyot uchun salmoqli foydani ta'minlab berishi mumkin.

Rivojlantirishni moliyalashtirish bo'yicha o'tkazilgan baholashga ko'ra, O'zbekistonga milliy BRMga erishish uchun har yili kamida 6 milliard AQSh dollariga teng qo'shimcha investitsiyalar zarur. Tashqi shokni va COVID-19 ta'sirini yengib o'tish uchun qariyb 4 milliard AQSh dollari yoki 7 foiz YIM miqdoridagi qo'shimcha tashqi moliyalashtirish talab etiladi.

O'zbekistondagi BMTTD mamlakatda rejalashtirish jarayonlarini kuchaytirish hamda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish sohasida mavjud to'siqlarni yengish maqsadida BRMning Kompleks moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqa boshladi. Mazkur strategiya BRMga erishishni tezlashtirish uchun moliyaviy oqimlarni to'g'ri taqsimlashda hukumatga yordam ko'rsatishga yo'naltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o'zining kirish nutqida ta'kidlaganidek, “o'zgarib borayotgan moliyaviy landshaft moliyalashtirish vazifani qiyinlashtirib, moliya oqimlari va boshqa vositalarning faol markazlashgan boshqaruviga oid strategik yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Moliyalashtirish vositalarining cheklanganligi bilan bog'liq muammolar yechimining samarali mexanizmlaridan biri butun moliya tizimining barqaror investitsiyalar bilan qay tariqa bog'liq bo'lishini aniqlashtirish imkonini beradigan keng qamrovli strategiyani ishlab chiqishdan iborat”.

BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta'kidlashicha, «BMTTD hukumatlarga Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratishda global darajada ko'mak bera boshladi. Bu ishlar 60dan ortiq mamlakatda olib borilayotgan bo'lib, O'zbekiston ham ulardan biridir. Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasi, bu – rejalashtirish va moliyalashtirish jarayonlarining muvofiqlashuvini ta'minlashga, barqaror rivojlantirish maqsadlariga qo'shimcha resurslarni safarbar eti shva yo'naltirishga, shuningdek monitoring va boshqaruvning samarali mexanizmlarini yaratishga yordam beradi».

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining (CERR) direktori Obid Xakimov o'z nutqida rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini moliyalashtirishga kompleks yondashuvning ahamiyatini qayd etib o'tdi. BMTTDning BRM sohasida moliyal bo'yicha mutaxassisi Tim Strouson O'zbekistonda qanday usullar va vositalar qo'llanilishi mumkinligini aniqlashtirish uchun Kompleks moliyalashtirish strategiyasini yaratishda alohida davlatlarning ilg'or tajribasini taqdim qildi.

BMTTD xalqaro eksperti Nelson Strattning aytishicha, «Kompleks moliyalashtirish strategiyasi hukumatga tegishli davlat va xususiy moliyalashtirish orqali qo'llab-quvvatlangan uzoq muddatli va o'rta muddatli islohotlarni, jumladan yangi va innovatsion moliyaviy yechimlarni muvofiqlashgan holda amalga oshirish imkonini beradi. Ushbu Strategiyada shuningdek uning amalga oshirilishini monitoring va tahlil qilishga oid tegishli vositalar, shuningdek boshqaruv va muvofiqlashtirishning yangicha mexanizmlari ham belgilanishi kerak».

Anjuman rivojlantirishni moliyalashtirish jarayonida ishtirok etuvchi barcha manfaatdor tomonlarning birlashuviga hamda mamlakatni barqaror rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvorliklarini, mamlakatga xos muammolarni, davlat tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlari va BRMni moliyalashtirish strategiyasidan kutilayotgan natijalarni belgilash sohasida muloqotni tashkil etishga xizmat qildi.

Mazkur tadbir O'zbekiston uchun BRMning Kompleks moliyalashtirish strategiyasini yaratish sohasidagi keng ko'lamli ishlarning bir qismi hisoblanadi. Ushbu faoliyat doirasida rivojlantirish loyihalarida ishtirok etuvchi yirik davlat, xususiy va xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashish tadbirlari o'tkaziladi. Uchrashuvlar chog'ida yangi moliyaviy yechimlar va resurslarni safarbar qilish usullari qatorida mavjud moliyaviy vositalardan yanada samarali foydalanishni ta'minlash masalalari muhokama qilinadi.

***

Tashabbus BMTTD tomonidan Xalqaro favqulodda bolalar jamg'armasi (UNICEF), Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti (BSST) hamda BMTning narkotiklar va jinoyat bo'yicha boshqarmasi (BMT NJB) bilan hamkorlikda boshqariladigan «O'zbekistonda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratish» BMT Qo'shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha joriy islohotlarning taraqqiyotga ta'sirini imkon qadar oshirish uchun Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratishda yordam ko'rsatishga yo'naltirilgan. Dastur BRM Qo'shma jamg'armasi tomonidan, shuningdek quyidagi donor-mamlakatlarning badallari hisobiga moliyalashtiriladi: Daniya, YI, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya.