O'zbekistonda barqaror rivojlantirishni moliyalashtirishning yangi vositalari

25-November, 2021

2021 yil 23 noyabr kuni Toshkent shahrida «Barqaror rivojlantirish maqsadlari va resurslarini safarbar etish uchun yangi vositalar» mavzusida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi. Tadbir «O'zbekistonda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratish» BMT qo'shma loyihasi doirasida, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

O'zbekiston Hukumati Barqaror rivojlantirish maqsadlari (BRM)ga erishish masalasiga qat'iy yondashgan. 2018 yilda 16ta milliy BRM va ularga tegishli 125ta vazifa qabul qilingan. Bugungi anjumanda O'zbekistonning BRMga erishish sohasidagi yutuqlari qay darajada va qo'shimcha resurslarning safarbar etilishi mazkur jarayonni tezlashtirishga qanday yordam berishi mumkin kabi mazmundagi masalalar muhokama qilindi. Ekspertlar mamlakat BRM indeksi reytingida nechanchi o'rinni egallagani hamda yashil (green bonds), barqaror (sustainability bonds) va ijtimoiy (social bonds) obligatsiyalar global darajada BRMga erishishni qay tariqa tezlashtirishi yuzasidan ma'lumotlarni taqdim etdilar.

BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovska o'zining kirish nutqida qayd etishicha, «rivojlanayotgan davlatlarda 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlantirish sohasidagi Kun tartibini moliyalashtirish yiliga 2,5 trillion AQSH dollarigacha bo'lgan mablag'ni talab etadi. BRM qabul qilingan vaqtdan buyon rivojlantirishni moliyalashtirishning innovatsion vositalarini ishlab chiqish bo'yicha jiddiy sa'y-harakatlar amalga oshirildi. Hukumat bilan hamkorligimiz natijasida 2021 yilning iyul oyida O'zbekiston barqaror rivojlantirish sohasidagi maqsadlarga erishish uchun obligatsiyalar chiqargan dunyodagi ikkinchi davlatga aylandi».

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov BRMga erishish sohasida O'zbekistondagi taraqqiyot sharhini taqdim qildi. Uning ta'kidlashicha, COVID-19 inqirozi O'zbekistonning BRMga erishish yo'lidagi taassurotli taraqqiyotini sekinlashtirishi mumkin. «Rivojlantirishni moliyalashtirishning baholanishi» nomli ma'ruzaga muvofiq, yaqin kelajakda mamlakatda BRMni moliyalashtirish tanqisligining yanada o'sishi kutilmoqda. Prognozlarga ko'ra, joriy yildan boshlab rivojlantirishni moliyalashtirishning umumiy mavjud hajmi yalpi ichki mahsulotning qariyb 77 foizni tashkil qiladi.

Odilbek Isakov, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari, o'z taqdimotida O'zbekistonda BRMga erishish uchun xususiy va davlat resurslarini jalb qilishda BRM obligatsiyalarining ahamiyatini alohida qayd etdi.

Germaniya, Meksika va Indoneziyadan tashrif buyurgan ekspertlarning ochiq muloqoti barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish uchun yangi vositalarni joriy etish bo'yicha jahon tajribasini o'rganish imkonini yaratdi. Ishtirokchilar BRM sohasidagi loyihalar yuzasidan Indoneziyaning «yashil sukuk»ni joriy etish hamda Meksikaning obligatsiyalarni chiqarishga doir tajribasi bilan tanishdilar.

Mamlakatdagi muammolarni hal qilish uchun Barqaror rivojlantirish maqsadlarini amaliy vositaga aylantirish jarayonida ko'rsatkichlar va ma'lumotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. BRM indeksi reytingi yuzasidan ma'ruza qilgan Finn Voyelm, SDSN, Barqaror taraqqiyot yechimlari tarmog‘i vakili, 2030 yilgacha BRMga erishish uchun hukumat va fuqarolik jamiyati taraqqiyot ustuvorliklarini belgilash, asosiy muammolarni tushunish, rivojlanishni kuzatish, hisobdorlikni ta'minlash va bartaraf etilishi kerak bo'lgan bo'shliqlarni aniqlash maqsadida ushbu vositadan qanday foydalanishi mumkinligi haqida so'zladi.

Anjumanning asosiy qismini O'zbekistonda BRM obligatsiyalarining hadli bitimiga bag'ishlangan sessiya yakunlab berdi. BMTTD xalqaro maslahatchisi Kris Smitning ta'kidlashicha, «BRM obligatsiyalarining o'ziga xosligi nafaqat ular bo'yicha tushumlardan foydalanishni boshqarish imkoniyati, balki ko'mak ko'rsatilayotgan loyihalarni monitoring qilish va hisobot topshirishga oid umumqamrovli tizimni yaratishda namoyon bo'ladi. Loyihalar haqiqatdan ham rivojlantirish sohasida kutilgan ta'sirni ko'rsatayotganligini kafolatlash maqsadida, BRM obligatsiyalari hadli bitimiga samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlariga doir aniq to'plam kiritildi. O'zbekiston bunday ishonchli yondashuv uchun maqtovga loyiq».

Anjumandan so'ng tarmoq vazirliklari va idoralari uchun salohiyatni oshirish bo'yicha uch kunlik seminar o'tkaziladi. Seminar davomida ishtirokchilar BRM obligatsiyalari hayotiy siklining har bir bosqichida (loyihalarni tanlab olish, amalga oshirish, monitoring va hisobdorlik) obligatsiyalar sotuvidan olingan daromadlardan foydalanish yuzasidan davlat organlarining roli va funksional vazifalarini o'rganadilar.

***

O'zbekiston Hukumati Barqaror rivojlantirish maqsadlari (BRM)ga erishish masalasiga qat'iy yondashgan. 2018 yilda 16ta milliy BRM va ularga tegishli 125ta vazifa qabul qilingan. Ushbu tashabbus BMTTD tomonidan Xalqaro favqulodda bolalar jamg'armasi (UNIСEF), Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti (BSST) va BMT Narkotiklar va jinoyat bo'yicha boshqarmasi (BMT NJB) bilan hamkorlikda boshqariladigan «O'zbekistonda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratish» BMT Qo'shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha amaldagi islohotlarning taraqqiyotga ta'sirini imkon qadar oshirish uchun Kommleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratishda ko'mak ko'rsatishga qaratilgan. Dastur BRM qo'shma jamg'armasi hamda Yevropa Ittifoqi va quyidagi donor-mamlakatlar hisobiga moliyalashtiriladi: Daniya, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya.