Toshkentda fuqarolik jamiyati institutlarining saylovdagi oʻrni muhokama qilindi

21-September, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

 21 sentabr 2021 yil, Toshkent shahri. Bugun  Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar hamda Oʻzbekistonning akademik hamjamiyati va tahliliy markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar va mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan chet el diplomatik korpus vakillari ishtirokida  “Fuqarolik jamiyati institutlari va saylov” mavzusida onlayn va oflayn shaklda xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtadi.

Uchrashuvning bosh maqsadi – fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonlaridagi ishtiroki yuzasidan fikr va tajriba almashish, NNT va volontyorlarni saylov jarayoniga faol jalb etish, aholining huquqiy va elektoral madaniyatini yuksaltirish, demokratik saylovlarni taʼminlash boʻyicha asosli taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdir.

- Fuqarolik jamiyati tashkilotlari va institutlari saylovlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, saylov jarayonida noqulay holatdagi guruhlarni jalb qilishni ragʻbatlantirish va saylovda yaxshi xabardor saylovchilarning ishtirokini taʼminlash uchun saylov haqidagi bilimlarni oshirish uchun muhim rol oʻynaydi, - deya  qayd etdi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska davra suhbati ishtirokchilariga yoʻllagan qutlov nutqida.

Xalqaro davra suhbatida asosiy eʼtibor fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati uchun yaratilgan siyosiy-huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan. Tadbirga taklif etilgan ekspertlar tomonidan “Saylovlar davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning siyosiy instituti va fuqarolik jamiyatining zarur elementi sifatida”, “Elektoral madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyatining roli”, “Saylov jarayonlarida fuqarolik jamiyatining ishtiroki sohasida xalqaro standartlar va milliy qonunchilik”, “Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va saylovlarning ochiqligini va shaffofligini taʼminlash” kabi mavzularga bagʻishlangan maʼruzalar taqdim etildi.

Davra suhbati natijasida fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayonlaridagi oʻrni va ahamiyatini oshirish, adolat va qonuniylikni, saylovlarning oshkoraligi va ochiqligini taʼminlash boʻyicha tavsiya va takliflar aks etgan yakuniy hujjat qabul qilindi.

Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi NNT, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi koʻmagida tashkil etilgan.

2019 yildan boshlab BMTTD Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan birgalikda, BMT siyosiy ishlar va tinchlikparvar departamenti, Shvetsiya hukumati va Shveytsariya Konfederatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi moliyaviy koʻmagida "2019-2021-yillarda Oʻzbekistonda saylov jarayonini qoʻllab-quvvatlash" loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning asosiy faoliyatini amalga oshirish doirasida saylov tashkilotchilari va manfaatdor tomonlar salohiyatini oshirish, saylovlarda ayollar, yoshlar va nogironligi borlar ishtirokini oshirish, shuningdek, saylov jarayonini xalqaro huquqiy standartlar va eng yaxshi amaliyotlarga muvofiq mustahkamlash uchun saylov huquqiy islohotlarini amalga oshirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.