O'zbekiston va Qirg'iziston tadbirkor ayollari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo’lida

23-September, 2021

Image: Oliy Majlisi Senati of Uzbekistan

2021 yil 21-22 sentyabr kunlari Bishkek shahrida (Qirg'iziston Respublikasi) ikki mamlakatdan 100 dan ortiq ishbilarmon ayollar ishtirokida "Qirg'iziston va O'zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti" biznes-forumi bo'lib o'tdi.

Tadbir 2021 yil 15 iyunda Toshkentda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida bo’lib o’tgan "Markaziy Osiyo va Afg'oniston ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish" xalqaro forumi natijalari bo'yicha qabul qilingan "Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o'rtasida barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikning yo'l xaritasi" ijrosini amalga oshirish maqsadida o'tkazildi. Biznes-forum BMT Taraqqiyot dasturi va AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) ko'magida tashkil etildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva, BMT Taraqqiyot dasturining Qirg'izistondagi Doimiy vakili Luiz Chemberlen, USAIDning Qirg'izistondagi missiyasi iqtisodiy rivojlanish bo'limi boshlig'i Joshua Templton kirish so'zlari bilan ishtirok etdilar.

O'zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayeva O'zbekiston va Qirg'iziston tadbirkor ayollari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga bag'ishlangan biznes-forumda so'zga chiqib, ikki davlat xotin-qizlar biznesi vakillarining bunday keng doiradagi muloqotini birinchi marta o’tkazilayotganini ta'kidladi. "Tadbirkor ayollarimizning faol hamkorligi zamon ruhiga mos keladi, ko'p asrlik do'stlik rishtalarini, ikki qardosh xalqning yaxshi qo'shnichiligini, shuningdek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali, o'zaro manfaatli sheriklikni saqlash va mustahkamlashga yordam beradi", - dedi Tanzila Narbayeva o'z nutqida.

O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanishini qayd etish lozim. O'tgan besh yil ichida o'zaro savdo hajmi keskin oshdi va 2020 yil oxiriga kelib 900 million AQSh dollardan oshdi. Ishbilarmon ayollar bu aloqalarni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo'shishiga ishonch bildirildi.

Ushbu biznes-forumda O'zbekiston ayollari delegatsiyasi iqtisodiyotning ko'plab sohalarini, xususan, sanoat, xizmat ko'rsatish, qishloq xo'jaligi, san'at va hunarmandchilikni qamrab oldi. Bunday platformalarning tashkil etilishi tadbirkor ayollar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish va tajriba almashish hamda ikki mamlakat ayollari o'rtasida ishbilarmonlik hamkorligining istiqbolli yo'nalishlarini aniqlashga yordam beradi.

O'zbekistonlik tadbirkor ayollar qirg'iz sheriklari faoliyati bilan yaqindan tanishib, kelgusida ishbilarmonlik hamkorligi uchun aloqalar o'rnatdilar. Muzokaralar natijasida ishbilarmon ayollar umumiy qiymati 13 million dollardan ortiq bo'lgan 15 ta shartnoma va memorandum imzoladilar.

“Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida raisligi doirasida O'zbekiston tomoni tadbirkor ayollar o'rtasida ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama formatdagi amaliy ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beradi”, – deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

Shu munosabat bilan, Muloqotning hozirgi raisi Qirg'iziston vakillarini biznesning turli tematik sohalarida 2021 yil 28-30 sentyabr kunlari onlayn rejimida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari kooperativ birjasida faol ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, joriy yilning noyabr oyiga rejalashtirilgan Markaziy Osiyo tadbirkor ayollar Diskussion klubining birinchi yig'ilishi e'lon qilindi.

BMT Taraqqiyot dasturining Qirg'iziston Respublikasidagi Doimiy vakili Luiz Chemberlen o'z nutqida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, chegaradagi aholining ijtimoiy birligi va chegaralararo hamkorlikni mustahkamlashga, barqaror va tinch kelajakka hissa qo'shishi mumkinligini ta'kidladi.

“Bu juda muhim barqarorlik omili bo'lishi mumkin. Umid qilamanki, ushbu tadbir ishtirokchilarning umumiy muammolarini hal qilishga qaratilgan, o'zaro manfaatli ishbilarmonlik aloqalari va mustahkam, uzoq muddatli sheriklikni o'rnatadigan maydonga aylanadi”, – dedi Luiz Chemberlen.

Tadbir davomida biznes-forum ishtirokchilari tomonidan Qo'shma bayonot qabul qilindi. Unda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini ikki tomonlama va mintaqaviy formatlarda qo'llab -quvvatlash va rivojlantirish, biznes-forumlar B2B uchrashuvlari formatida qo'shma tadbirlar tegishli davlat idoralari va xalqaro hamkorlar ko'magida muntazam o'tkazishga sodiqliklari qayd etilgan.

***

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun:

Rustam Raximov, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis

BMT TD, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Sekretariati

Tel: +998 90 110-20-00

Email: rustam.rakhimov@undp.org