Qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashish choralarini qo‘llashning dolzarb masalalari

2-July, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Kechagina hammamiz sel va ko‘chkilar tez-tez sodir bo‘layotganidan shikoyat qilgan bo‘lsak, bugun esa jazirama issiq va chang-to‘zonlardan noliyapmiz. Deyarli yaqindagina olimlardan ilk bor iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlari to‘g‘risida eshitib, bu xodisa yiroqlarda va bizga ta’sir qilmaydi deb o‘ylagan edik, lekin bugun esa biz ushbu o‘zgarishlarning hayotimizning barcha jabhalarida to‘liq his qilmoqdamiz.

Joriy yilning 27-29 iyun kunlari Farg‘ona vodiysi shaharlari bo‘ylab fermerlar uchun tashkil etilgan seminar ham iqlim o‘zgarishi va uning qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga ta’siriga bag‘ishlandi. Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hamkorligida Rossiya Fedaratsiyasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida doirasida tashkil etildi.

Katta qismi qishloq joylarida istiqomat qiluvchi Farg‘ona vodiysi aholisi uchun asosiy daromad manbai qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hisoblanadi. Mahsulot yetishtiruvchi fermerlar, tomorqachilar so‘ngi yillarda iqlim o‘zgarishining oqibatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining miqdori va sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolarga duch kelishmoqda.

Seminarda iqlim o‘zgarishining asosiy sabablari va omillari, ularning qishloq xo‘jaligini rivojlanishiga ta’siri, moslashish chora-tadbirlari hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashish choralari, shu jumladan, quyoshning harakatlanishini hisobga olgan holda ekinlarni ekish sxemalari, gidrogellaryordamida sug‘rish uslublari, maxsus setkalar yordamida havodan kondensat suv olish, turli hil ekinlar uchun mulchalardan foydalanish, tomchilati va yomg‘irlatib sug‘orish kabi mavzular seminar qatnashchilarida katta qiziqish o‘yg‘otib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish va unga moslashish usullarini muhokama qilar ekanlar ular qishloq xo‘jaligi amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha doimiy ish olib borish zarurligi va bugungi kunda dehqonchilikni eski usulda olib borish mumkin emasligini, muammolarni hal qilishning yangi usullarini izlash, yangi tajribalarni o‘rganish va tatbiq qilish, yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish vaalbatta, olingan bilimlarni o‘zgalar bilan baham ko‘rish kerakligini ta’kidladilar.

Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilarga yetakchi eksport qiluvchi mamlakatlardan Gollandiyada issiqxona xo‘jaligini tashkillashtirish va urug‘chilik sanoatini rivojlantirish, Isroilda suv tejash usullari va tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida video materiallar taqdim etildi.

«Menimcha, har bir fermer iqlim o‘zgarishining xavfini avvaldan ko‘ra bilishi va tabiat injiqliklariga qarshi ancha oldin chora ko‘rishni boshlashi kerak. Himoya choralari sifatida kasallik va zararkunandalar va qurg‘oqchilikka chidamli navlardan foydalanish, quyosh kuydirishi va do‘lga qarshi maxsus to‘rlardan foydalanish, erta bahorda daraxtlarni uyg‘onishini tezlatish yoki kechiktirish kabi usullardan foydalanish darkor. Yaxshi dehqon, hosili tabiiy ofatlardan nobud bo‘lgandv ham, aslo taslim bo‘lmaydi, balki shu holgacha u boshqa ekin ekishga, ehtimol u nafaqat talofatni yengib o‘tishga, balki daromad olishga ham ko‘mak beradigan boshqa reja tuzib bo‘lgan bo‘ladi”, - deydi seminar qatnashchilaridan Bogbon TRAM Agro kooperativining rahbari Ma’murbek Islomov.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlari bilan bog‘liq vaziyatni baholar ekanmiz, shuni xulosa qilib aytishimiz mumkinki, ob-havoning keskin o‘zgarishlariga tobora ko‘p duch kelayotgan dehqonlarimiz ushbu sohada bilim olish va uni mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat bera boshladilar va ular nafaqat iqlim o‘zgarishi ta’sirlariga moslashish, balki ushbu o‘zgarishlarni keltirib chiqaradigan omillarni kamaytiradigan choralarni qo‘llashga ham katta qiziqish bildirmoqdalar.