BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda sug‘urta sektorini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda

25-June, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

2021-yilning 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan seminarda O‘zbekistonda inklyuziv sug‘urta va xatarlarini moliyalashtirishni rivojlantirish diagnostikasi natijalari taqdim etildi hamda muhokama qilindi. Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekistonda iqtisodiyot va aholi uchun halokatli oqibatlarga olib keladigan tabiiy ofatlar yuz berishi mumkin. O’tgan yili Buxoro viloyatida esgan kuchli shamol va “Sardoba” to‘g‘oni buzilishi tufayli mamlakat aholisining katta ziyon ko‘rishi ana shunday ofatlarga yorqin misoldir. Sug‘urta bozori yetarlicha rivojlanmaganligi va inklyuziv sug‘urta hamda xatarlarni moliyalashtirish vositalari yo‘qligi sababli hukumat, korxonalar va uy xo‘jaliklari millionlab dollar miqdorida moliyaviy zarar ko‘rmoqda.

BMT Bosh Assambleyasining 2019 yilgi iqlim bo‘yicha sammitida BMTTD, Sug‘urtani rivojlantirish forumi va Germaniya hukumati (BMZ) o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi, unda tomonlar jahonning 20 ta mamlakatida yechimlar izlash uchun yaqindan hamkorlik qilish, ushbu mamlakatlarda maqsadlarga erishishga ko‘maklashish, jumladan, 2025 yilgacha yordamga muhtoj mamlakatlarda 500 million kishini iqlim xavfidan sug‘urta bilan qamrab olish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.

Ushbu intilishni amalda tadbiq etish uchun BMTTD dasturda ishtirok etuvchi mamlakatlarga, shu jumladan O‘zbekistonga inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish, suveren xatarlarni moliyalashtirish, shuningdek rivojlanishni rejalashtirish va moliyalashtirish jarayonlariga sug‘urtani integratsiya qilish bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish uchun Sug‘urtalash va xatarlarni moliyalashtirish jamg‘armasini (mexanizmini) tashkil etdi.

Ushbu yo‘nalishdagi birinchi qadam sifatida mamlakatda sug‘urta sohasi diagnostikasini o‘tkazish, shu jumladan inklyuziv sug‘urta va xatarlarni moliyalashtirishni rivojlantirish vazifasi belgilab olindi. Seminar davomida tadqiqot natijalari, shuningdek ushbu sektorni rivojlantirish bo‘yicha ekspertlar tavsiyalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida sug‘urtaning kirib borish darajasi O‘zbekistonda juda past ekani ta’kidlandi; sug‘urta badallari YaIMning atigi 0,36 foizini tashkil etadi (2020 yil). O‘zbekistonda kambag‘al aholi qatlami 2020 yil boshida umumiy aholi sonining 12-15 foizini tashkil etgani hisobga olinsa, inklyuziv sug‘urtani rivojlantirishga real ehtiyoj mavjud. Shuni inobatga olinsa, inklyuziv sug‘urta hukumatga aholining ehtiyojmand guruhlari himoyasini ta’minlash, sug‘urtalovchilarga biznesini kengaytirish, kambag‘al aholiga esa yashash sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi.

BMTTD eksperti Sardor Koshnazarov o‘z taqdimotida xatarlarni moliyalashtirish O‘zbekiston sug‘urta bozorining yetarlicha rivojlanmagan yana bir segmenti hisoblanishini qayd etdi. Hozirgi vaqtga qadar tabiiy ofatlar xavf-xatarlaridan sug‘urta umuman olganda deyarli rivojlantirilmagan, ulardan ko‘rilgan moliyaviy zararlar esa asosan davlat tomonidan moliyalashtirish manbalari hisobidan qoplanadi. Shu sababli hukumat, biznes va uy xo‘jaliklari uchun moliyaviy yukni kamaytiradigan xavf-xatarlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan yangi, zamonaviy sug‘urta xizmatlarini rivojlantirishi zarur.

Sardor Koshnazarov o‘z taqdimotining yakunida sug‘urtaning inklyuzivligini yanada oshirishga va korxonalar hamda uy xo‘jaliklari mulklarini tabiiy ofatlardan himoya qilishga qaratilgan qator tavsiyalar berdi. Tavsiyalar ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, manfaatdor vazirliklar va idoralar, sug‘urta sohasi va umuman xususiy sektor vakillarining salohiyatini oshirish, shuningdek, inklyuziv sug‘urta va xatarlarni moliyalashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga oldi.

Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi vakillari O‘zbekiston sug‘urta bozorida olib borilayotgan islohotlar nuqtai nazaridan o‘tkazilgan tadqiqotning dolzarbligi va ahamiyati to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdilar.

So‘ngra seminar ishtirokchilari, ular orasida manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar vakillari ham bor edi, O‘zbekistonda sug‘urta sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun keyingi qadamlarni muhokama qildilar.