Bog‘bon va dehqonlarga bog‘ va tomorqalarda agrotexnik tadbirlar o‘tkazish jarayonlarida xizmatlar ko‘rsatiladi

28-June, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

2021 yil 24-iyun kuni Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, “Ulug‘bek Satkak Tomorqa” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qishloq xo‘jaligi texnikalari vositasida mexanizatsiyalashgan xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan navbatdagi biznes-loyihaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Farg'ona viloyati hokimligi qishloq xo'jaligi va iqtisodiyot boshqarmalari rahbarlari, Farg'ona viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Satkak, Ilgor mahallalari vakillari, fermerlar, bog'bonlar va boshqalar qatnashdilar.

"Ulug‘bek Satkak Tomorqa" MChJning biznes-loyihasi BMTTD va O‘zbekiston Respublikasining Savdo-sanoat palatasi hamkorligida, Rossiya Federatsiyasining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» hamda BMTTDning Yaponiya Hukumati moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan "COVID-19"ga tezkor javob berish loyihalari doirasida tashkil etilgan tanlovda g‘olib sifatida texnik yordam ko‘rsatish uchun saralab olingan.

Ushbu tanlovning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi kooperativlari va agroklasterlari, shuningdek aholining zaif qatlamlari, ayollar, yoshlar va kichik fermer xo‘jaliklarini ish bilan ta’minlash va daromad olish imkoniyatlarini oshirish orqali “COVID-19” pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam berishdan iborat edi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida bugungi kunda fermer va bog‘bonlarning yetishtirayotgan mahsulotlarining xajmi va sifatini oshirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Mahsulotlarni yetishtirish jarayonlarida texnik xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan talab juda yuqori. Lekin, aksariyat hollarda, qishloq xo‘jaligi mavsumida texnik xizmat ko‘rsatish vositalari yetishmayotganligi sababli kerakli ishlar o‘z vaqtida bajarilmay qolish holatlari mavjud. Bunga qishloq xo‘jalik texnikasining yetishmasligini, yangisini xarid qilish uchun esa salmoqli aylanma mablag‘ yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi texnikasi orqali agrotexnik xizmatlar ko‘rsatini yo‘lga qo‘yish ushbu muammoning eng yaxshi echimi bo‘lib hisoblanadi. Xususan, Farg‘ona tumanining Satkak, Ilgor MFY va tumanning boshqa yaqin qishloqlari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi 30dan ortiq fermer xo‘jaliklari va shu hududlarda yashovchi 1500 ga yaqin tomorqa egalari uchun meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishdagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishlari uchun mexanizatsiyalashgan xizmatlar ko‘rsatiladi. Xususan, mini-traktorlar va ularning tirkamalari (pluglar, chizelli kultivatorlar, o‘simliklarga himoya qilish vositalari bilan ishlov berish uchun motorli purkagichlari va shu kabilar) hamda tirkamali motobloklar yordamida aholining bog‘, dala, issiqxona va tomorqa yer uchastkalarida turli xil agrotexnik ishlar amalga oshiriladi.

«Bugungi kunda bog‘bonlar va tomorqachilarga qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan yordam berib, agrotexnik xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar soni juda kam. O‘z traktoriga ega fermer xo‘jaliklarining asosiy vazifasi birinchi navbatda o‘z yeriga ishlov berishdan iborat. Ularning texnikasi boshqalarga o‘zlarining ehtiyojlari qondirilgandan keyingina berilishi mumkin. Shu sababli ham biz taqdim etmoqchi bo‘lgan xizmatlarga talab katta bo‘lishiga aminman» - deydi, «Ulug‘bek Satkak Tomorqa» MChJning asoschilaridan biri Akmal Xusanov.

Loyihaning umumiy qiymati 850 million so‘mdan ortiqroq bo‘lib, uning 438 million so‘mi “Ulug‘bek Satkak Tomorka” MChJning ulushidir. Amalga oshiriladigan faoliyat natijasida olinadigan yillik sof foyda 500 mln so‘mdan ziyodroq bo‘lishi kutilmoqda.

BMTTD tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish uchun umumiy qiymati qariyb 40 ming AQSh dollariga teng YTO-ME504 rusumidagi 3 ta mini traktor hamda 3 ta ikki g‘ildirakli mini traktorlar (motobloklar) yetkazib berildi. Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 45 ta yangi ish o‘rinlari, shu jumladan 18 ta ayollar uchun ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.