Davlat xizmatlari ko‘rsatilishini isloh qilishda blokcheyn texnologiyasining imkoniyatlari

8-June, 2021

UNDP Image

2021 yil 8 iyun kuni Whyndham mehmonxonasida Davlat xizmatlari agentligining va O‘zbekistondagi BMTTDning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq tumanlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda blokcheyn texnologiyasining ustunliklari va imkoniyatlari” mavzusida seminar tashkil etildi.

 

Covid-19 pandemiyasi va boshqa global inqirozlar hamda ularning oqibatlari tufayli yuzaga kelgan hozirgi vaziyat hukumatlarga yangi raqamli texnologiyalarni joriy etishda yangi imkoniyatlar ochib berdi. Global miqyosda Blokcheyn texnologiyasi davlat sektorida innovatsiyalar va unumdorlikni oshirishning strategik vositasiga aylandi, chunki blokcheyn ijtimoiy samaradorlik, natijadorlik, innovatsiyalar va o‘sish vositasi hisoblanadi. Xususan, texnologiya byurokratiyani kamaytirish, muassasa, fuqarolar va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida ma'lumotlar almashishni va hamkorlikni yaxshilash, shuningdek shaffoflikni oshirish va firibgarlik hamda korrupsiyani kamaytirish orqali davlat sektorini isloh qilish salohiyatiga ega.

Ushbu ustunliklar blokcheyn texnologiyasining quyidagi uchta asosiy xususiyati bilan bog‘liq: (1) nomarkazlashtirish va saqlash hamda xavfsizlik uchun taqsimlash; (2) har bir tranzaksiyaning muqarrarligi va o‘zgarmasligi; va (3) vositachilarni istisno etish, bu samaradorlik va ta'sirchanlikni ta'minlaydi.

Seminarning maqsadi quyidagi masalalarni hal qilish orqali davlat xizmatlari va hukumatni isloh qilish imkoniyatlarini o‘rganishdir:

1. Nima uchun blokcheyn texnologiyasi davlat sektori uchun qiziqarli texnologiya hisoblanadi?

2. Blokcheyn texnologiyasi davlat sektori uchun qanday imkoniyatlar va ustunliklarni taklif etadi?

3. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun blokcheyndan foydalanganda qanday xavflar yuzaga kelishi mumkin?

Seminar doirasida taklif etilgangan xalqaro ekspertlar blokcheyn texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha o‘zlarining ilg‘or tajribalari hamda ushbu texnologiyani O‘zbekiston davlat sektorida tatbiq etish imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Dubaydagi AQSh universitetida menejment sohasidagi professor Tatyana Zalan blokcheyn texnologiyasidan foydalanishda davlat sektori uchun yangi ishlanmalar, bo‘lajak istiqbollar va imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. LINKS Foundation’da biznes-modellar innovatsiyalari yo‘nalishi rahbari Enriko Ferro o‘z taqdimotida blokcheyn texnologiyasining asosiy ustunliklari va muammolarini, shuningdek undan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni qayd etdi. UNU-EGOV katta ilmiy xodimi Zoran Djordanoski (falsafa doktori) blokcheyn texnologiyasining yuridik va normativ noaniqligi ko‘rgazmasini namoyish etdi. Gaaga shahri bosh axborot direktorining innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Ivo Xyunink ishtirokchilarni Gollandiyada blokcheyn texnologiyasidan foydalanish misollari bilan tanishtirdi. Niderlandiyaning Groningen munisipalitetida Yevropa ittifoqi maslahatchisi Renske Shtumpel raqamli transformatsiyaga va hukumatda blokcheyn texnologiyasini qo‘llashga asoslangan BLING ekotizimini namoyish etdi. Blokcheyn texnologiyasini qo‘llashga yo‘naltirilgan Convergence.tech kompaniyasining innovatsion mahsulotlari bo‘yicha vitse-prezidenti Erik Zvaygzne O‘zbekiston fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tizimiga blokcheyn texnologiyasi joriy etilishi haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasini tatbiq etish bo‘yicha ish olib borayotgan BMT Taraqqiyot dasturining xalqaro maslahatchisi Sumayya Ben Dxau (falsafa doktori) davlat xizmatlarini ko‘rsatishni isloh qilishda ushbu texnologiyaning imkoniyatlari to‘g‘risida taqdimotot o‘tkazdi.

Mavjud tizimlarda samarasizlikning oldini olish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishonchliligini oshirish, shuningdek jarayonlarni soddalashtirish hamda hukumat va davlat sektorining shaffofligi va hisobdorligini oshirish uchun blokcheyn texnologiyasidan foydalanish mumkin. Bundan tashqari, blokcheyn real vaqt rejimida axborot uzluksiz va o‘z vaqtida yozilishini ta'minlashi mumkin, bunda o‘zgartishlar kiritish imkoni bo‘lmaydi. Bularning barchasi firibgarlik va xatolik ehtimolini pasaytiradi, shu bilan aniqlik oshiriladi va ichki jarayonlar soddalashtiriladi.

 

2020 yildan boshlab Kanadaning yetakchi texnologik kompaniyasi bilan hamkorlikda Qo‘shma loyiha doirasida blokcheyn texnologiyasini O‘zbekistonda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari tizimi bilan birlashtirish imkoniyati ishlab chiqilmoqda. Bu blokcheyn texnologiyasiga asoslangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi birinchi haqiqiy axborot tizimi bo‘ladi. Butun mamlakat bo‘ylab barcha FHDYO xizmatlari onlayn tarzda, tezkor ravishda, byurokratiya va navbatsiz taqdim etiladi. Shunday qilib, bu O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshiradi hamda qishloq joylarida yashovchi 15 milliondan ortiq fuqarolarga va respublikaning chekka hududlarida yashovchi ayollar, yoshlar, qariyalar va imkoniyati cheklangan kishilardan iborat zaif guruhlarga foyda keltiradi.