BMTTD hamda Bandlik vazirligi Namangan viloyati iqtisodiyotining pandemiyadan so‘ng qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbusni ishga tushirmoqdalar

25-May, 2021

Photos: UNDP Uzbekistan

BMTTD doimiy vakili Matilda Dimovska xonim va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov COVID-19 pandemiyasidan so‘ng mintaqadagi iqtisodiyotni tiklashni tezlashtirishga qaratilgan tashabbusni ishga tushirish uchun joriy haftada Namangan viloyatiga safar qildilar.

Farg‘ona vodiysi mamlakatning aholi eng zich joylashgan hududi bo‘lib, u yerda ko‘pgina yoshlar ish topish va ta'lim olishga intiladilar; bu esa COVID-19 pandemiyasi sababli yanada kuchaygan muammodir.

Dimovska xonim so‘zlariga ko‘ra, «Aholi ko‘nikmalarini moslashtirish» nomli yangi loyiha norasmiy band bo‘lgan shaxslarning, qaytib kelayotgan mehnat muhojirlarining va boshqa ijtimoiy zaif qatlamlarning ta'lim olishini ta'minlaydi hamda eng ko‘p talabga ega ko‘nikmalarga, masalan kelajakda mehnat bozorida talabgor bo‘ladigan kasbiy texnik va raqamli ko‘nikma va malakalar kabilarga asosiy e'tiborni qaratadi. «Bu, shuningdek, Farg‘ona vodiysida «startaplar ekotizimini» yaratish imkoniyatini beradi, - dedi u, - buning uchun davlat va xususiy sektorlarga raqamli, texnik va kognitiv qobiliyatlarni rivojlantirish borasida ko‘mak beriladi hamda ishchi kuchining moslashuvchanligi va chidamliligi oshiriladi».

Shuningdek, BMTTDning doimiy vakili aytishicha, mintaqada tadbirkorlik va kichik biznes sohalarini rivojlanitirish kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi hamda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e'lon qilingan 2021 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar bilan hamohangdir. «Prezident Mirziyoev ushbu yilning mavzusini yoshlar o‘z oldilariga yuksak maqsadlarni qo‘yishlari, keyin esa ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratib berish usuli sifatida e'lon qildi», - dedi u. «Va biz unga bu borada barcha imkoniyatlarni ishga solib ko‘mak berish niyatidamiz».

Yangi loyiha Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda.


Marosimda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov so‘zga chiqib, pandemiyadan so‘ng ravon va tezkor tiklanishni ta'minlash maqsadida BMTTD bilan yaqindan hamkorlikni va ushbu tashkilotning qo‘llab-quvvatlashini yuqori baholashini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil uchun mo‘ljallangan davlat bandlikni ta'minlash dasturi doirasida Vazirlik fuqarolarning, ayniqsa yoshlar va ayollar, mehnat bozoriga chiquvchi bitiruvchilarning bandligi va daromadlari oshishiga yordam beruvchi qator dasturlarni amalga oshirmoqda, shu jumladan yangi ish joylarini yaratish uchun tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish orqali ham.

Tadbirda milliy hamkorlar ishtirok etdilar, shu jumladan Namangan viloyati xokimi, viloyat aholi bandligiga ko‘maklashish boshqarmalari vakillari, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari va nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari qatnashdilar. Shuningdek, tadbirda ushbu tashabbusga hukumatlari homiylik qilgan Rossiya va Yaponiya davlatlari elchixonalarining vakillari ham tashrif etdilar. 

Tashrif davomida BMTTD va Vazirlik vakillari, shuningdek, “O‘zbekistondagi yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasining ta'sirini o‘rgandilar. Ular elektron uskunalarning internet savdosi, kiyim-kechak va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish sohalarida korxonalar yaratuvchi tadbirkorlar uchun kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida taqdim etilgan 44 dona asbob-uskunalarni topshirish marosimida, shuningdek yoshlar uchun dasturlash va grafik dizayn maktabini tashkil qilish bo‘yicha tashabbusda qatnashdilar. Mazkur bepul asosda taqdim etilgan asbob-uskunalar 31ta ish joylarini, jumladan ayollar va yoshlar uchun yaratishga yordam beradi hamda 20 nafar shaxs uchun kasbiy ta'lim olish imkoniyatlarini taqdim qiladi.

Shundan so‘ng Namangan viloyati xokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va mazkur uchrashuvda yoshlar bandligini oshirish va COVID-19 pandemiyasidan so‘ng hayot darajasini yaxshilash nuqtai nazaridan mintaqadagi eng dolzarb muammolarning ba'zilari muhokama qilindi. 

Dimovska xonim tashrifining ikkinchi kuni, 25 may sanasida, «Farg‘ona vodiysi fermerlarining iqlim o‘zgarishi xatarlariga chidamliligini va moslashuvchanligini oshirish» loyihasi hamda COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga nisbatan tezkor javob choralari loyihasi doiralarida BMTTD tomonidan Farg‘ona vodiysida amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalariga ziyoratlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif etilgan hamda yuqori darajada Rossiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan moliyashtirilgan tashabbuslar o‘z ichiga limon yetishtirish va Yangiqo‘rg‘on tumanida agrometeorologiya stansiyasini barpo etish, shuningdek Chortoq tumanida sovutgich omborlarni ochish kabilarni qamrab oladi.

Kunning ikkinchi yarmida Namangan shahridagi yoshlar ishlab-chiqarish markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu BMT Tinchlikni qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan hamda Yoshlar ishlari agentligi, BMTTD, BMT NJB va YuNESKO qo‘shma tarzda amalga oshirilayotgan «Yoshlar Farg‘ona vodiysidagi ijtimoiy uyg‘unlik uchun» loyihasi doirasida yaratilgan uchta maydonchadan biridir. Ushbu markaz yoshlar o‘z biznes-g‘oyalarini rivojlantirishlari, startaplarni ishga turishirishlari hamda jamiyatning barqarorligi, xavfsizligi va taraqqiyotini ta'minlashda faolroq ishtirok etishlari uchun maydon sifatida xizmat qiladi. Dimovska xonim, shuningdek, yoshlar markazi qoshidagi volonterlik maktabinining ochilishida ishtirok etdi; mazkur maktabning asosiy maqsadi Farg‘ona vodiysi hududida yosh ko‘ngillilar tarmog‘ini kengaytirish, o‘zaro tarmoqlarni yaratish va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ko‘ngillilar faoliyatini tashkillashtirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy savodxonlikni oshirishdan iborat.

Rossiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan taqdim etilgan o‘ta muhim moliyaviy yordam orqali BMTTD yoshlarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha hukumatning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor turadi, ham Farg‘ona vodiysida, ham butun O‘zbekiston bo‘ylab. Yoshlarning bandlik sohasidagi, ayniqsa kichik biznes va volonterlik sohalaridagi, ko‘nikmalari va qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida ular uchun bandlik imkoniyatlarini yaratib berish COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy ta'siridan so‘ng mamlakatning keyingi tiklanishi uchun imkoniyatlarni ta'minlashda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.