Navoiy viloyati tadbirkorlariga BMTTD texnik ko’magi bilan qurilmalar topshirildi

18-May, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

2020 yil oxirida COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida BMTTD va O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan kichik biznes tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash va aholining zaif qatlamlari, shu jumladan ayollar va yoshlarning o'z-o'zini ish bilan ta'minlashiga qaratilgan tashabbusni ishga tushirildi. Ushbu dastur aholining biznes yuritish mahoratini oshirishga, shuningdek ularning biznes loyihalarini amalga oshirish uchun qurilmalar ko'rinishida texnik yordam ko'rsatishga qaratilgan. Tashabbus Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining "O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish" qo'shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

18 may kuni Navoiy shahrida kichik va o’rta biznes vakillariga yangi loyihalarni ishga tushirish yoki mavjud bo’lgan loyihalarni kengaytirish uchun qurilmalar topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Ta'kidlash joizki, ushbu tashabbus ishtirokchilari ayollar va yoshlar uchun yaratiladigan yangi ish o'rinlari soni, kelajakda loyihani kengaytirish va takrorlash imkoniyatlari va salohiyati, kasbiy mahoratni oshirish, ish topish va daromad toppish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ijtimoiy ta'sirning ta’minlanishi va boshqa mezonlar bo'yicha tanlov asosida tanlab olindi.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Viloyat hokimi o’rinbosari, Bandlik bosh boshqarmasi rahbariyati, Savdo-sanoat palatasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi va “Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi hududiy boshqarmasi vakillari hamda qurilma oluvchi tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirkorlarga beg’araz yordam sifatida 37 dona ishlab chiqarish qurilmalari va maxsus uskunalar topshirildi. Ushbu tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish natijasida Navoiy viloyatida ayollar va yoshlar uchun 24ta yangi ish o'rinlari yaratiladi va 21 nafar ayollar va yoshlarga zamonaviy kasb-hunarlarni o'rganishi hamda tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Saralab olingan tadbirkorlar loyihalari faoliyat turlari:

  • Kompyuter grafikasi, dasturlash tillarini o'rgatish va frilanser sifatida ishlash bo'yicha o'quv markazini yaratish;
  • Homilador ayollar va bolalar uchun mahsulotlar, yostiqlar, choyshablar va ko'rpalarni ishlab chiqarish;
  • Internet-savdo maydonchasi uchun kafe va restoranlar, oziq-ovqat do'konlari va dorixonalardan etkazib berish xizmatini tashkil etish;
  • Kombinezonlar, choyshablar, pardalar ishlab chiqarish bo'yicha tikuvchilik korxonasini yaratish va ayollarga tikuvchilik mahoratini o'rgatish;
  • Uy-joy va yo'l qurilishi, suv, gaz va boshqa sohalar bo'yicha geodezik va topografik ishlarni tashkil etish.