Terimdan keyingi mahsulot saqlash texnologiyalarining dolzarb masalalari

26-May, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Iste’mol bozorini yil davomida yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash hozirgi paytda murakkab vazifa bo‘lib hisoblanmasa kerak, chunki savdo rastalarida ham mahalliy, ham chet el mahsulotlarini topish mushkul emas. Bugungi kunda agar siz meva va sabzavotlarni saqlash bo‘yicha asosiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lsangiz, bozordagi ulushingizni sezilarli darajada kengaytira olishga qodirsiz. Ushbu mavzu bo‘yicha fermerlarning bilimlarini oshirish maqsadida joriy yilning 17-19 may kunlari Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida meva-sabzavotlarni terimdan keyingi saqlash texnologiyalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi va unda fermer xo‘jaliklarining 80 nafardan ortiqroq vakillari ishtirok etdilar.

Seminar dasturida quyidagilar o‘rin olgan edi: yig‘im-terim jarayonini tashkil etish, vaqtincha saqlash va birlamchi sovutish jarayonlarining ahamiyati, meva va sabzavotlarni daladan tashishdagi muhim jihatlar, zamonaviy sanoat muzlatgichlarining xususiyatlari va boshqalar. Saqlash jarayonini ishtirokchilarga amaliyotda namoyish qilish maqsadida har bir viloyatdagi seminarlar sanoat muzlatgichlari bor xo‘jaliklar xududlarida tashkil etildi. Shuningdek ishtirokchilar muzlatgichlarning tuzilishi va ishlashi, saqlanayotgan mahsulotlarning holati, sovuqxona tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar olishga muvaffaq bo‘ldilar.

Nega ba’zi meva va sabzavotlar pishib yetilgach terilishi, ba’zilari esa ertaroq terilishi, mahsulotni kunning qaysi vaqtida yig‘ish kerakligi, ushbu tadbirlar mevalarning sifati va saqlash muddatiga qanday ta’sir qilishi kabi masalalar yuzasidan munozaralar bo’lib o’tdi. Seminar jarayonida bo’lgan savol-javoblar esa, ishtirokchilarga mahsulotni sifatli saqlash uchun meva-sabzavotlarni yetishtirishdagi barcha qishloq xo‘jaligi faoliyati shu jumladan, navlarni tanlash, agrotexnik tadbirlar, o‘g‘itlash, sug‘orish, parvarish qilish, yig‘im-terim va tashish kabilarning naqadar ahamiyatli ekanligini tushunib yetishlariga yordam berdi.

Zamonaviy sanoat muzlatgichlarini ko‘rib chiqilar ekan, ular haqida umumiy ma’lumotlar, meva va sabzavotlarni sovuqxonalarda saqlashning asosiy qoidalari ham batafsil tushuntirildi. Ushbu bo‘limda ishtirokchilar sanoat muzlatgichlarining mavjud turlari, turli xildagi meva-sabzvotlarni bir joyda saqlashning o‘ziga xos xususiyatlari, sovutish va muzlatish uchun optimal haroratlar, ayrim turlarning saqlash muddatlari bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.

«Havo harorati, nisbiy namlik, mahsulotni sifatini uzoq muddat saqlab qolish, mevalarning muzlatish va sovutish haroratlari, etilen turli xil meva va sabzavotlarning saqlanish muddatlariga qanday ta’sir qilishi haqida berilgan ma’lumotlar men uchun juda muhim bo‘ldi. Sovuqxonaga mahsulotni saqlash uchun qo‘yishim bilanoq, men ijarachi va iste’molchilar oldida mahsulotning yakuniy sifati oldida javobgarman”, - deydi seminar qatnashchilaridan biri Vohidjon Buvamirzayev.

Fermerlarda nafaqat sarhil meva-sabzavotlarni, balki quritilgan mahsulotlarni saqlash xususiyatlari ham qiziqish o‘yg‘otdi, chunki saqlash texnologiyasi buzilgan quritilgan mahsulotlar zararkunandalar va kasalliklar manbasi bo‘lib qoladi.

Mahsulotlarda kasalliklar va zararkunandalarni tarqalishining oldini olish choralari, shu jumladan, kartoshka, gilos, limon va boshqa ekinlardagi karantin ob’ektlar haqida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining hududiy bo‘linmalari vakillari so‘zlab berishdi. Shuningdek, ular saqlash uchun qo‘yilayotgan sarhil va quritilgan meva-sabzavotlarga ishlov berish, mahsulotlarni saqlash va tashish talablari to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berishdi.

Seminar so‘ngida 2019 yildan buyon loyiha tomonidan fermerlar uchun 15 dan ziyod tematik seminarlar tashkil etilgani va mazkur seminar iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari siklidagi yakuniy seminar ekanligi ma’lum qilindi. O‘tgan davr mobaynida iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan ta’siri mavzusidan boshlab yig‘im-terimdan keyingi saqlash texnologiyalariga qadar qamrab olingan mavzular bo‘yicha 1700 nafardan ziyod ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi faoliyatlariga doir bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar.