Andijonda ilg‘or fikrli yoshlarning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

5-April, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Andijon shahridagi Yoshlar ijodiyoti markazida “Y-fikri” yoshlar fikri platformasining navbatgi uchrashuvi bo’lib o’tdi. Qizg’in munozara va fikrlar almashinuvidan iborat bo’lgan, mazkur tadbirda Andijon viloyatidan tashrif buyurgan 48 nafar faol yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilining o‘rinbosari, Doina Munteanu hamda O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Farruh Omonov hamda Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yo‘ldoshev ochib berdi.

Bugungi yangi O’zbekiston islohotlarini amalga oshirishda dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli yoshlarning o’rni alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan shunday yoshlarni qo’llab-quvvatlash, ularning o’yu-fikrlarini o’rganish orqali yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda o‘rganish, muammolar yechimiga zamonaviy yondoshuv usullarini kashf qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va BMTning “Farg‘ona yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” loyihasi doirasida Farg’ona vodiysi yoshlari uchun “Y-fikri” yoshlar fikri platformasi tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, so’nggi sal kam 1 oy mobaynida ushbu platformada ishtirok etish maqsadida www.yoshlarfikri.uz saytiga ariza qoldirib, ishtirok etishga qiziqish bildirgan yoshlar soni 117 taga yetdi.  

Bugungi kunga qadar, yoshlar fikri platformasi web-saytiga Andijonlik 36 nafar yoshlardan ariza kelib tushgan. Ular taqdim etgan nutqlarining askaryat qismida hududdagi yoshlar bandligi oshirish, yoshlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ta’lim tizimini rivojlantirish, qizlarning jamiyatdagi o’rnini mustahkamlash, yoshlar uchun foydali loyihalar ishlab chiqish, yosh oilalarni qo’llab-quvvatlash, sport va madaniyat sohalarini rivojlantirish hamda mahalliy aholining muammolarini zamonaviy AKT vositalari orqali yechish bo’yicha o’z fikr va takliflari aks etgan.  

“Y-fikri” yoshlar fikri platformasida qatnashishning afzalliklari shundaki, so’zga chiquvchi shaxs istagan mavzusi bo’yicha (nutq hajmi 10 daqiqadan oshmagan) uchta aniq misollar bilan ko’tarilgan muaamoga aniq yechimlar va chora-tabdirlar taklif etadi.  Bu esa, ko’plab takrorlanuvchi muammolar orasidan eng samarali yechim taklif etayotgan muallifni aniqlashga, istiqbolda uning takliflari O’zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi orqali mahalliy davlat organi, xatto Hukumat darajasida muhokama qilinishi va hududda ijobiy o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin. Bir so’z bilan aytganda, hududlarni rivojlantirish, samarali boshqaruv va yoshlar muammolarini hal etishda yoshlar fikri platformasiga kelib tushgan takliflar asosida, istiqboldagi islohotlarda aks etadi.    

Bo’lib o’tgan tadbirda viloyatning faol yoshlari jamiyat hayotida uchraydigan dolzarb muammolar, yoshlar va bolalar huquqlarini himoya qilish va shaxsiy rivojlanishiga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan loyiha va takliflari bilan ishtirok etdi. Taqdimotlardan so‘ng, loyihalar yuzasidan tadbir ishtirokchilarining fikri tinglandi.