BMTTD texnik ko'magi bilan Sirdaryo viloyatida 90 dan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi

25-March, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

COVID-19 pandemiyasining oqibatlari hayotning barcha sohalariga, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy sohaga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu, o'z navbatida, bandlik qisqarishi oqibatida daromad manbalarining yo'qotilishi va xalqaro pul o'tkazmalarining kamayishiga olib keldi. Aholining zaif guruhlari orasida ayollar va yoshlar eng ko'p zarar ko'rgan qatlam bo'ldi.

Xalqaro mehnat tashkilotining tadqiqotining natijasiga ko'ra, 2020 yilda 114 millionga yaqin kishi ishsiz qolgan. Shu bilan birga, erkaklar bilan taqqoslaganda, ayollar ish yo'qotishdan ko'proq aziyat chekkan: agar ayollarning 5 foizi ishidan ayrilgan bo'lsa, erkaklar orasida bu ko'rsatkich 3,9% ni tashkil etdi. Inqiroz davomida, dunyoning barcha mintaqalarida, ayollar erkaklarga qaraganda ko'proq iqtisodiy jihatdan passiv bo'lib qolish xavfi ostida edilar.

Yaqinda BMT Bosh kotibi Antonio Guterres pandemiya paytida mehnat bozorida jabr ko'rganlar orasida erkaklarga qaraganda ayollar ko'p bo'lganligini ta’kidladi. Masalan, ayollarda ishsiz qolish va daromadlarini yo'qotish ehtimoli 24 foizga ko'proq. "Shundoq ham sezilarli bo'lgan ish haqidagi gender farq oshdi, shu jumladan sog'liqni saqlash sohasida", deyiladi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarining maqolasida.

O'zbekistonda pandemiya tufayli iqtisodiyotning ko'plab sohalarida ish bilan band bo'lganlar soni kamaydi. 2020 yil yanvar-iyul oylarida ishsizlik 13,2 foizgacha o'sdi, 2019 yilning shu davrida bu ko'rsatkich 9,1 foizni tashkil etgan edi. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 20,1%, ayollar orasida 17,4% bo'ldi.

25 mart kuni Sirdaryo viloyatida ayollar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va inqiroz oqibatlarini yumshatish bo'yicha hukumatning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash kabi choralar orqali ayollar va yoshlar bandligini oshirishga yo'naltirilgan loyihalarga start berish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Kanadaning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda loyiha ishtirokchilari qatnashdi.

BMT Taraqqiyot Dasturi va Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo'shma loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatidagi tadbirkor-ayollarga grant asosida zarur uskunalar, maxsus texnika va jihozlar taqdim etildi.

Tadbirkor-ayollarga turli xil kasblar, shu jumladan tikuvchilik ustaxonasi, go'zallik saloni hamda non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha faoliyatni amalga oshirish uchun tikuv mashinalari, maxsus mebel va jihozlar topshirildi. Bundan tashqari, ayollarni Kasb-hunarga o'qitish markazi ham ochildi.

Kanada mahalliy tashabbuslar  jamg'armasi tomonidan qo'llab-quvvatlangan ushbu loyiha natijasida 100 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratildi, hozirgi kunda 90 dan ortiq ayollar va yoshlar ish bilan ta’minlandi.

Shuningdek, Kasb-hunarga o'qitish markazida shu vaqtgacha 250 dan ziyod ayollar kiyim-kechak dizayni, tikuvchilik, non pishirish va boshqa kasblar bo'yicha treninglarda qatnashib, ko'nikmalarini oshirishdi. Keyingi 6 oy ichida ushbu markazda 1500dan ortiq ishsiz ayollarning bozorda talab yuqori bo'lgan kasbiy ko'nikmalarga o'qitilishi kutilmoqda.

Treninglardan o'tgan xotin-qizlarga kelgusida ishga joylashishi uchun yordam ko'rsatiladi, bu esa bandlikning oshishiga va daromad manbalarining yaratilishiga imkoniyat beradi.