BMTTD va Kanadaning mahalliy tashabbuslar jamgʻarmasi Qoraqalpogʻistonda suvni tozalash uskunalarini oʻrnatish va dezinfektorlarni ishlab chiqarishga koʻmaklashdi.

1-March, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

2021-yilning 24-26-fevral kunlari Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir, Moʻynoq, Chimboy va Boʻzatov tumanlarida suvni tozalash uskunasini va dezinfeksiyalovchi moddalarni ishlab chiqarishni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Uskunalar BMT Taraqqiyot Dasturi va Kanadaning mahalliy tashabbuslar jamgʻarmasining “Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyati va Qoraqalpogʻiston mintaqasidagi aholining zaif guruhlari uchun ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish yoʻli bilan COVID-19ga tezkor munosabat bildirishni qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi doirasida taqdim etildi.

Olis ovullardagi aholining toza ichimlik suviga bagʻoyat muhtojligini inobatga olgan holda loyiha tomonidan qayta osmos texnologiyasidan foydalanadigan suvni tozalash tizimining sakkizta toʻplami oʻrnatildi.

Jumladan, loyiha koʻmagida Moʻynoq tumanining “Aliy ovul” qishloq fuqarolar yigʻinidagi 1-son maktabda, hamda Chimboy tumanidagi “Bayjen ovul”da uchta chuqur boʻlmagan quduq kavlandi, tub nasoslari ishlashini taʼminlash uchun uchta quyosh panellari, har birining ishlab chiqarishi soatiga 500 litr boʻlgan uchta suv tozalash tizimi va har birining sigʻimi kuniga 600 litr boʻlgan dezinfeksiyalash vositasi boʻlmish natriy gipoxloritini ishlab chiqaruvchi elektroliz qurilmalari oʻrnatildi. Bozatov tumanidagi “Kabali ovul” va Batirlarovulida, “Erkindaryo” qishloq fuqarolar yigʻini va “Kusxanatov” qishloq fuqarolar yigʻinida soatiga 500 litr quvvatga ega boʻlgan toʻrtta tizim toʻplami va kuniga 600 litr quvvatli elektroliz qurilmasi oʻrnatildi.

“Kostruba” ovuli Qoraqalpogʻistonning eng olis qishlogʻi hisoblanadi. U Taxtakoʻpir tumanining markazidan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan, bu yerda elektr energiyasi, tabiiy gaz, kommunikasiyalar tarmogʻi va tozalangan suv mavjud emas. Ichish uchun, taom tayyorlash va boshqa maishiy ehtiyojlar uchun aholi isteʼmol meʼyorlariga mos kelmaydigan minerallashuvi bir litrga 6 gramm boʻlgan suv oʻzi oqib chiqadigan quduqdan foydalanib kelayotgan edi. Ushbu holatni inobatga olgan holda, loyiha koʻmagida, ishlab chiqarishi soatiga 500 litr boʻlgan suvni tozalash uchun bitta tizim, hamda filtrlash tizimini ishini taʼminlash uchun fotoelektr qurilmasi oʻrnatildi.

Loyiha tashabbusini amalga oshirish natijasida 4230 nafar odam toza ichimlik suviga yetishdi. Dezinfeksiyalash vositasini ishlab chiqarilishi natijasida esa Qoraqalpogʻistonning yuqorida tilga olingan tumanlaridagi 100dan ortiq davlat va jamoatchilik muassasalari, shu jumladan, maktablar, bolalar bogʻchalari, tibbiyot muassasalari, savdo nuqtalari, ish joylari, umumiy ovqatlanish muassasalarida olib borilgan dezinfeksiya ishlari tufayli 36149 nafar odamning COVID-19  virusini yuqtirib olish xavfini kamaytirish imkonini berdi.

Mazkur loyiha olis hududlarda joylashgan qishloq hamjamiyatlarida ichimlik suviga yanada keng yetishishni taʼminlash, hamda Qoraqalpogʻistonning tumanlarida aholining zaif guruhi orasida COVID-19 pandemiyasi tufayli kelib chiqqan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish maqsadida amalga oshirilmoqda.