Toma toma ko‘l bo‘lur

25-March, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 16-18 mart kunlari Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorlikdagi hamda Rossiya Fedaratsiyasini moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida fermerlar uchun navbatdagi suv tejash texnologilariga xususan, tomchilatib sug‘orishga, bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda va butun Markaziy Osiyo mintaqasida suv tanqisligi muammosi mavjud bo‘lib, mazkur muammoning yildan-yilga kuchayib borishini kuzatmoqdamiz. Agar xozirdan mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanishni boshlamasak, bu muammo o‘z-o‘zidan hal etilib qolmaydi.

Garchi tadbir boshlanishiga qadar tomchilatib sug‘orishga shubha bildirganlar va qarshi bo‘lganlar yetarlicha bo‘lgan bo‘lsada, ushbu seminardan so‘ng sug‘orishning muqobil turlariga o‘tish vaqti kelganligini ishtirokchilar to‘liq anglab yetdilar. Savollar-javoblar, videofilmlar va taqdimot materiallariga boy bo‘lgan seminar, tomchilatib sug‘orish tiziimini qo‘llayotgan tajribali ishtirokchilar va endigina bu masalani ko‘rib chiqayotganlar yig‘ilganligi bois, jo‘shqin va sermunozara tarzda o‘tdi.

Tomchilatib sug‘orishning qo‘llash natijasida fermerlar nafaqat suvni tejash, balki iqtisodiy foyda olishlari mumkinligi to‘g‘risida ko‘plab ijobiy misollar keltirildi. Bular, avvalambor, hosilning 7-10 kun oldin pishishi, qimmat o‘g‘itlarni sotib olish, elektr energiya harajatlari, sug‘orishga sarflanadigan mehnat resurslari, begona o‘tlardan tozalashga sarflanadigan mablag‘ni bir necha barobarga tejalishi, hosilning sifati va miqdorini oshishi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek ekologik muvozanatni saqlash imkoniyati kabilardir.

Albatta, tomchilatib sug‘orish borasidagi ishtirokchilarni tashvishga solayotgan kamchiliklar haqidagi quyidagi qimmat baho sarmoyalar o‘zini oqlash muddati, suv taqsimlash jihozlari va quvurlarining tez yaroqsiz holatga kelishi, suv tez bug‘lanishi natijasida ekinlarning suvga tuymay qolayotganligi, adir joylarida tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tish sabablari va h.k.lar kabi savollar ham o‘rtaga tashlandi.

Seminar treneri Erkin Usmonxo‘jaevning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ri rejalashtirish ishlari olib borilganida yuqorida aytib o‘tilgan qiyinchiliklarga duch kelinmas edi. Rejalashtirish haqida gap ketganda bu nafaqat byudjet ajratish, balki aksariyat hollarda rejalashshtirishda kerakli ahamiyat berilmaydigan tuproq tuzilishini o‘rganish, suv ta’minoti manbasining sifat va miqdoriy tahlili, tuproq xossalari, drenaj holati, yer osti suvlarining joylashishi va harakatchanligi, ekin turlari va ularning ildiz xususiyatlari kabilar ham inobatga olinishi muhimdir.

Shuningdek, ishtirokchilarning savollariga javob berilar ekan, suv shlanglarining tiqilib qolishi nafaqat loyqa suvdan, balki oziqlantirish preparatlari bir biriga mos kelmay tuz cho‘kindisini hosil qilishi natijasida suv teshikchalarini berkitib qo‘yishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan, suvning tez bug‘lanib ketish muammosi esa, suvning tomish holatini jadallashtirish yo‘li bilan yechish mumkinligi haqida trener tomonidan ta’kidlab o‘tildi.

- Mening 120 gektardan ortiq ekin maydonim bor va tabiiyki, sug‘orish uchun juda ko‘p suv va energiya sarflayman. Berilayogan barcha imtiyozlar, mavjud ustuvorliklariga qaramay, seminarda ishtirok etishdan oldin, men tejamkor sug‘orish usuliga o‘tish kerakmi yo‘qmi degan shubham bor edi, endi esa nafaqat tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tish kerakligini, balki shoshilish kerakligini anglab yetdim "- deydi ishtirokchilardan biri Xurshida Abdullayeva.