Iqlim o‘zgarishi va uni asosiy hujjatlar ishlab chiqishda aks ettirish ahamiyati

17-March, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 10-12 mart kunlari Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorlikdagi hamda Rossiya Fedaratsiyasini moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘simliklar karantin inspeksiyasi vakillari bilan o‘simliklarni zararkunandalar va kasalliklardan kompleks himoya qilish konsepsiyasini muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbatlari uyushtirildi.

Iqlim o‘zgarishining ta’sirlaridan bo‘lgan haroratning keskin o‘zgarishi, suv resurslarini kamayib borishi, ob-havo talofatlarini ko‘p sodir bo‘lishi, qishloq xo‘jaligida mahsuldorligini pasayishi, shuningdek agromahsulot ishlab chiqaruvchilarining iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashuvchanlik ko‘nikmalarini yetishmasligi, yangi innovatsion texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga tadbiq etishlarning dolzarbligi mazkur konsepsiyani ishlab chiqish uchun muhim turtki bo‘ldi.

Ishlab chiqilayotgan hujjat o‘simliklarni himoya qilish tizimidagi ishlarni yaxshilash, hosildorlikni oshirish, bog‘larning fitosanitar holatini yaxshilash, shuningdek ekologik toza mahsulotlarni yetishtirishda ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan.

«O‘ylaymanki, ishlab chiqilayotgan o‘simliklarning himoya qilish konsepsiyasi kelgusida bizning xatti-harakatlarimizni belgilab beradi hamda zamonaviy bilim, yondashuv va texnologiyalarni qo‘llashimiz tufayli bizga yuklangan vazifalarni bajarishimizda yengilliklar yaratadi. Ya Ishonchim komilki, aholining xabardorligini oshirish, boshqa tashkilotlar, fermerlar, bog‘bonlar bilan yaqin hamkorlik qilish hamda bir vaqtda ommaviy profilaktik himoya choralarini ko‘rish barqaror ijobiy natijalarni beradi", - deydi To‘raqo‘rg‘on viloyati karantin xizmati inspektori Rasuljon Xolmirzayev.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va uning qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga bo‘lgan ta’siri haqida bir xafta avval 1-6 mart kunlari bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jalik sektorida qaror qabul qiluvchi mas’ul idoralar vakillari uchun xududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan treningda o‘z aksini topdi.

Ushbu treningda “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazining professorlaridan Yusufjon Dodoboyev, Abdurashid Qodirov va Abdulaziz Abduvaliyevlar ishtirokchilarni xududlarning agrosanoat majmuasini rivojlantirishni asosiy tendensiyalari va yo‘nalishlarining taxlili, agroklasterlarning rivojlantirishda strategik rejalashtirish usulidan foydalanish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari, shuningdek qo‘shilgan qiymat zanjiri doirasida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va uning iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish yuzasidan bilim berishdi.

«Menga Abdulaziz Abduvalievning Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag'ishlangan taqdimoti juda yoqdi, bu erda 17 ta maqsadning har biri haqida, ularning mamlakat va umuman insoniyat hayotidagi o‘rni, o'zaro bog'liqligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, yashil iqtisodiyot strategiyasini amalga oshirish, ekotizimlarni saqlashdagi va barqaror rivojlanishning barcha maqsadlariga erishish uchun hamkorlikning ahamiyati to'g'risida to'liq ma'lumotlar berilgan. Xududiy rivojlanish strategiyasi bo'yicha takliflarni ishlab chiqayotganda biz nafaqat mavjud muammolarni ko‘rsatishimiz, balki barqaror rivojlanish maqsadlarini hisobga olgan holda kelajakda e’tiborga olinib amaliy tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan konstruktiv takliflarni ham taqdim etishimiz mumkinligini anglab yetdik.”- deydi trening qatnashchilaridan biri, Yo'ldosheva Shahzoda.

Har ikki holatda ham ishtirokchilar olingan ma'lumotlari va bilimlariga asoslanib, rivojlanish dasturlariga kiritish uchun takliflar ishlab chiqdilar, natijada olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish bo'yicha iqlim o'zgarishi jihatlarini hisobga olgan holda 100 dan ortiq takliflar kiritildi va ularning eng saralari xududlarning rivojlanishida o‘z aksini topadi.