Oʼzbekiston Respublikasida tashabbusli byudjetlashtirishni tadbiq etish va rivojlantirish istiqbollari

16-February, 2021

--- Image caption ---

Toshkent, 2021-yil 16-fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining majlislar zalida O'zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirishni tadbiq etish va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi. Ushbu seminar BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "O'zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish" loyihasi ko'magida o'tkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari va ular huzuridagi jamoat kengashlari, Taraqqiyot strategiyasi markazi, "Yuksalish" yoshlar harakati va boshqalar qatnashdilar.

So'nggi yillarda O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar doirasida ijro hokimiyati organlari masʼuliyatini kuchaytirishga, Oliy Majlis va Xalq deputatlari Kengashlarining rolini oshirishga, shuningdek, barcha darajalarda muhokama qilish va qaror qabul qilishga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etishga ko'proq eʼtibor qaratilmoqda. Byudjet sohasida byudjet shaffofligini oshirishga va fuqarolarni byudjet qarorlarini qabul qilishga jalb etishga qaratilgan mexanizmlar joriy etila boshlandi.

Jahon amaliyotida ushbu maqsadlar uchun tashabbusli byudjetlashtirish – fuqarolar tomonidan ilgari surilgan takliflar (tashabbuslar, loyihalar) uchun byudjet mablag'larining bir qismini taqsimlash mexanizmi keng qo'llaniladi. Ushbu yo'nalishda BMT Taraqqiyot Dasturi so'nggi ikki yil ichida Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yordam koʼrsatib, mamlakatda tashabbusli byudjetlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda uslubiy va ekspert ko'magini ko'rsatmoqda.

Bunday hamkorlikdagi faoliyat natijalari Moliya vazirligi Davlat byudjeti boshqarmasi boshlig'i Аleksandra Xvan tomonidan O'zbekistonda tadbiq etish uchun tashabbusli byudjetlashtirishning asosiy yondashuvlari va taklif qilingan modellariga (amaliyotlariga) bag'ishlangan taqdimotda taqdim etildi. Taʼkidlanganidek, ushbu masalaning dolzarbligi, fuqarolarni byudjet mablag'larini taqsimlashga jalb qilish mexanizmlarini keng siyosiy qo'llab-quvvatlash sharoitida yuqori. 2021-yildan boshlab fuqarolar tomonidan ilgari surilgan mahalliy infratuzilmani takomillashtirish bo'yicha takliflar (tashabbuslar, loyihalar) bo'yicha xarajatlarning 5 foizi ilgari belgilangan qo'shimcha daromadlarning 10 foiziga qo'shimcha ravishda tuman byudjetidan ajratiladi. Ushbu mablag'lardan qanday foydalanish fuqarolarning ularni taqsimlashda ishtirok etishining samarali mexanizmiga bog'liq.

Seminarda, jahon tajribasi bilan tanishish maqsadida alohida mamlakatlarda tashabbusli byudjetlashtirish eng yaxshi amaliyotlari ko'rib chiqildi va Oʼzbekiston uchun foydali bo'lishi mumkin bo'lgan umumiy fikrlar va xulosalar tayyorlandi.

Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligining Moliyaviy ilmiy tadqiqotlar instituti (NIFI) qoshidagi Tashabbuslarni byudjetlashtirish markazi direktori tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarning davlat va munitsipal idoralariga integratsiyalash tajribasini taqdim etdi.

Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, tashabbusli byudjetlashtirish oson jarayon emas va uni amalga oshirishning standart usullari mavjud emas, chunki har bir mamlakat o'ziga xos xususiyatlarga ega. Mamlakatlar tashabbusli byudjetlashtirishni tadbiq etishda qanday muammolar va qiyinchiliklarga duch keladilar? Natijalar qanday bo'lgan va qanday saboqlar olingan? Ushbu masalalar Jahon bankining REM PAL (Davlat harajatlarini boshqarish – Kollegial oʼrganish) tashabbusining Byudejt bo'yicha amaliy hamjamiyat maslahatchisi Tatyana Vinogradovaning va BMT Taraqqiyot dasturining Ukrainadagi vakolatxonasi, “Fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash” loyihasi Koordinatori Oksana Kosenko xonimlarning taqdimotlarida bayon etildi.

Seminarda keltirilgan tajriba va misollar, byudjet mablag'larining bir qismini taqsimlashga fuqarolarni jalb qilish mahalliy muammolarni aholining fikri va manfaatlarini hisobga olgan holda yaxshiroq hal qilishga qanday hissa qo'shishini yaqqol ko'rsatib berdi. Muhokama natijalariga ko'ra Ishchi guruh tomonidan O'zbekistonning ayrim hududlarida tajriba o'tkazish uchun mintaqaviy byudjet xarajatlarining 5 foizini taqsimlashda fuqarolarning ishtirok etishining eng maqbul modeli (amaliyoti) va mexanizmlarini taklifi ishlab chiqiladi.

***

BMT Taraqqiyot dasturi va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining "O'zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish" qo'shma loyihasi O'zbekistonda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʼlida o'zaro muloqotni kengaytirish, harakatlarni muvofiqlashtirish, milliy salohiyatni oshirish va samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratishga qaratilgan. Loyiha faoliyati yo'nalishlaridan biri davlat moliyasini boshqarish borasidagi islohotlarga ochiqlik va fiskal shaffoflikni yanada oshirish, shu jumladan fuqarolik jamiyatini byudjet jarayoniga jalb qilishga qaratilgan sayʼ-harakatlar orqali yordamlashishdan iborat.