Gidrometereologiya xizmati markazi va BMT taraqqiyot Dasturi matbuot anjumani oʻtkazdilar

18-February, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

2021-yilning 18-fevral kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Iqlim oʻzgarishiga moslashuv boʻyicha chora-tadbirlar amalda (Adaptatsiya jamgʻarmasi moliyalashtirayotgan Gidrometereologiya xizmati markazi va BMTTDning qoʻshma dasturini amalga oshirish natijalari misolida) mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida qayd etganidek, “Davrimizning oʻtkir muammolaridan yana biri – global iqlim oʻzgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday oʻzgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham  katta xavf tugʻdirmoqda. Eʼtiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolboʻyi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz”.

Hozirgi kunda iqlim oʻzgarishiga moslashish masalasi alohida, yuqori xalqaro ustuvorlik kasb etmoqda. Yaqinda BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun rahbarligida Niderlandlar tomonidan tashkil etilgan iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha oʻtkazilgan yil Sammitida moslashuv boʻyicha keng qamrovli harakatlar Rejasi taqdim etilgan edi. Unda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar va global ilishga moslashish hamda 2030-yilgacha boʻlgan davrda iqlimiy barqarorlik boʻyicha rejalar bayon etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 17-noyabr kunidagi 4896- raqamli Qaroriga muvofiq, Oʻzgidromet BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi doirasidagi harakatlarni muvofiqlashtirishga masʼul organ etib belgilangan va konvensiyadagi majburiyatlarni bajarilishiga, jumladan, hozirda kuzatilayotgan va kelajakdagi iqlim oʻzgarishiga nisbatan mamlakatning moslashuv salohiyatini oshirishga   katta eʼtibor bermoqda.

2014 yildan boshlab BMTTD va Oʻzgidromet birgalikda BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasining Adaptatsiya jamgʻarmasining moliyaviy koʻmagi bilan aholining eng zaif qatlamini iqlim oʻzgarishiga moslashish va qurgʻoqchilikka tayyorligini oshirish hamda uning salbiy oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini taʼminlash” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha mamlakatimizning iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga koʻproq moyil boʻlgan  va moslashish boʻyicha eng kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlarga koʻproq ehtiyoj sezayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida qurgʻoqchilikni oldindan ogohlantirish tizimi ishlab chiqildi, bu esa vegetatsiya davri uchun muddatdan 6-8 oy oldin prognoz qilish imkonini beradi. Matbuot anjumanida ma’lum qilinganidek, Qoraqalpogʻistonda 15 000 dan ortiq fermer, dehqon va tomorqa egalari iqlim oʻzgarishiga bardosh beradigan qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini qoʻllab kelishmoqda. Bundan tashqari, Orol dengizining taxminan 30 ming gektar qurigan tubida oʻrmon-melioratsiya ishlari amalga oshirildi. Umuman olganda, tanazzulga uchragan 70 000 gektar yerlarni qamrab olish rejalashtirilgan.

Muhokamada Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzgidromet, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Orol dengizi havzasida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi, GEF agentligi va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashdi.