O'zbekistonning 6 viloyat tadbirkorlari biznesni rivojlantirish bo'yicha ko'nikmalarga ega bo'ldilar

18-February, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

2020-yilda COVID-19 pandemiyasining salbiy ta'sirini yumshatish maqsadida BMT TD kichik tadbirkorlik va o‘z-o‘zini band qilganlarni qo'llab-quvvatlash tashabbusini boshladi. Ushbu tashabbus aholining biznes yuritish mahoratini oshirish, shuningdek, biznes loyihalarini amalga oshirish uchun uskunalar ko'rinishida qo'llab-quvvatlashdan iborat.

2020-yil 7-dekabr - 2021-yil 8-yanvar kunlari ushbu tashabbusning birinchi bosqichi doirasida tadbirkorlar uchun o’quv mashg’ulotlar tashkil etildi. Andijon, Namangan, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 34 tadbirkor yurtimizning tajribali mutaxassislari ishtirokida onlayn tarzda tashkil etilgan biznes-jarayonlarni takomillashtirish, marketing va moliyaviy boshqaruv va shaxsiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan 3-haftalik o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar va o‘z bilim va malakalarini oshirdilar.

-        "Ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan o'quv dasturi menda juda katta bilim va ko’nikmalar hosil qildi. Endilikda men ushbu dasturda berilishi kutilayotgan grant qurilmalari va olgan ilmlarimdan foydalanib, o’z biznesimni yanada kengaytirishni reja qilyabman. Buning uchun dastur tashkilotchilariga va o'quv-mashg'ulotlari ekspertlariga o'z minnatdorchiligimni bildiraman", -deydi Jizzax viloyatidan qatnashgan tadbirkor, Ayollar rivojlantirish markazining asoschisi Gulnoza Tangirberdieva.

Ta'kidlash joizki, ushbu tashabbus ishtirokchilari ayollar va yoshlar uchun yaratilgan yangi ish o'rinlar soni, kelajakda loyihani tarqatish va ko’paytirish imkoniyatlari va salohiyati, kasbiy mahorat, ish bilan ta’minlanish hamda ayollar va yoshlarning daromad manbalarining kengayishiga ijtimoiy ta'sirni ta'minlash imkoniyatlari kabi mezonlar bo'yicha tanlov asosida saralab olindi. Tashabbus shartlariga ko'ra, har bir ishtirokchiga ta'lim, tikuvchilik, IT va frilanser xizmatlari, oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib berish, video va grafik dizayn xizmatlari, go’zallik saloni va ayollarni rivojlantirish markazi kabi sohalarda o'zlarining tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun qiymati 3000 dan 5000 AQSh dollarigacha bo'lgan uskunalar va qurilmalar beg’araz topshiriladi.

Ushbu tashabbus mintaqalarni rivojlantirish va yoshlar, ayollar va aholining boshqa zaif qatlamlari uchun, ayniqsa qishloq joylarda qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga qaratilgan.

Tashabbus Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya hukumatlari moliyaviy ko’magida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qo’shimcha ma’lumot olish uchun:

 99 833 92 00, Aziz Ochilov, “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasining milliy maslahatchisi

OAV vakillari uchun:

71 202 15 05 (206), Malika Kurbanova, O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Matbuot xizmati vakili

93 397 75 99, Bexzod Umarov, “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasining jamoatchilik bilan ishlash boʼyicha assistenti