Sud jurnalistikasini rivojlantirish bo‘yicha trening

3-December, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

3-4-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida jurnalist va blogerlarning sudlar bilan aloqa qilish va sud jarayonlarini yoritish borasida ko‘nikmalarini rivojlantirish va malakasini oshirish bo‘yicha trening o‘tkazildi.

Unda milliy axborot agentliklari, teleradiokanallar, mashhur axborot portallari, gazeta va jurnal vakillari hamda sud-huquq sohasida faoliyat yurituvchi blogerlar ishtirok etdi.

Xorijiy trenerlar AQShning Columbia Journalism Review jurnalining matbuot erkinligi masalalari bo‘yicha muxbiri, Djordjiya Universiteti dotsenti Djonatan Piters, Buyuk Britaniya Jurnalistlar qirollik instituti vitse-prezidenti, London Universitetining Goldsmit kolledji professori Tim Kruk hamda BMT Taraqqiyot dasturi ekperti Djeyms Brindley muhokamalarga videokonferens tizimi orqali qo‘shilishdi.

 

Tadbirda ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda O‘zbekistonda demokratlashtirish jarayonlarini davom ettirish, xususan, sud jurnalistikasi huquqiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar qabul qilindi. Jumladan, OAVlarining professional jurnalistik tergov olib borishi «Jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda mustahkamlandi. 2020-yil 21-fevralda Oliy sud Plenumining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda OAV vakillari va jamoatchilikning sud majlislarida ishtirok etishi qoidalari belgilangan. Sud ruxsati va tomonlar fikri inobatga olingan holda sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish tartibiga ham aniqlik kiritildi.

Endilikda ochiq bevosita ko‘rilayotgan sud ishiga taalluqli bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan OAV vakillariga ham sud majlisida qatnashish imkoniyati bor. Qonunda ko‘rsatilmagan holatlar sababli matbuot xodimlarini sud majlisiga kiritmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Trening davomida Jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlar misolida yuqorida qayd qilinganidek OAV va jamoatchilik bilan hamkorlikning huquqiy asoslari, jurnalistlar tomonidan sud binolariga kirish va sud hujjatlaridan foydalanish huquqini amalga oshirishdagi protsessual va ahloqiy jihatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Ochiq sudlovni amalga oshirishda ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, guruhlarga bo‘lingan holda rezonans sud ishini yoritish bo‘yicha simulyatsion o‘yin tashkillashtirildi va sud jarayonini modellashtirish borasida fikr almashildi.