Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari uchun seminar o'tkazildi

11-December, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 dekabrdagi №1036-sonli farmoni yangi ish o'rinlari yaratishda va aholini ish bilan ta'minlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarni ijtimoiy rag'batlantirish to'g'risida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi, chunki fuqarolarning mehnat huquqlarini amalga oshirish uchun yangi ish o'rinlari yaratish dunyoning aksariyat mamlakatlari siyosatining asosidir. Bu iqtisodiy rivojlanishning ob'ektiv jarayonini belgilaydi. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratilishini rag'batlantirish muhimdir.

Ushbu farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchilarni rag'batlantirish dasturining tarkibiy qismlaridan biri sifatida har yili turli nominatsiyalar va tarmoqlar bo'yicha eng yaxshi ish beruvchilarni aniqlash tanlovini tashkil etish to'g'risida qaror qabul qildi.

Turli nominatsiyalardagi korxonalarni xolisona baholash uchun "Ijtimoiy javobgarlik va samaradorlik" reyting tizimini va mavjud statistik ma'lumotlarga asoslanib ularni reytinglash algoritmini ishlab chiqish talab etiladi.

2020 yil 1 dekabr kuni "O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish" qo'shma loyihasi doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari uchun "Raqobatning ijtimoiy javobgarligi va samaradorligi. Jarayon metodologiyasini va ish beruvchilarni baholash mezonlarini ishlab chiqish" mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirning maqsadi korxonalarni baholash mezonlarini kelishib olish va mavjud statistik ma'lumotlar asosida ularni baholash mexanizmini ishlab chiqish edi.

Ushbu seminar ma'ruzachisi Da Vinci Management Consulting kompaniyasining boshqaruvchi hamkori, loyihaning milliy konsultanti Anna Efimova edi. Seminar davomida u tinglovchilar bilan xalqaro tajribani tahlil qilish natijalari bilan o'rtoqlashdi, baholashning asosiy mezonlari bilan tanishtirdi va ishtirokchilarni baholash uchun metrikadan foydalanish usullari haqida suhbatlashdi.

Shuningdek, loyiha doirasida milliy konsultant A.Efimova tomonidan ish o'rinlari yaratilishini baholash bo'yicha xalqaro tajriba, standartlar va eng yaxshi amaliyotlarni tahlil qilish hamda batafsil baholash rubrikasi asosida ish beruvchilarni tayinlash mezonlari bo'yicha Tahliliy ma’lumotnoma ishlab chiqildi.

Eslatib o’tamiz, «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Rossiya Federatsiyasi hukumati moliyaviy ko’magi asosida amalga oshirilmoqda.