Farg'ona vodiysidagi Technovation Girls dasturi doirasida o‘tkazilgan treninglar natijalari

28-December, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Yoshlar ishlari agentligi va BMTning hamkorlikdagi "Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi" qo‘shma loyihasi doirasida Andijon, Namangan va Farg‘onadagi qizlar va ularning ustozlari (mentorlari) uchun joriy yilning 27 avgustidan 15 dekabriga qadar "Technovation Girls" xalqaro dasturining har haftalik bepul onlayn treninglari o'tkazildi.

15 dekabr kuni mazkur dasturning Demo kuni (taqdimot) bo'lib o'tdi. Unda finalgacha yetib kelgan 50 nafar ishtirokchi va 8 ta jamoa o‘z mobil dasturlari loyihalarini taqdimot qilishdi. Mobil dasturlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga yetaklovchi loyihalar, jumladan bolalarning tabiatga mehrini uyg‘otish,  salomatatlik borasida on-layn diagnostika va tibbiy konsultatsiyalar, bolalar  ta'limi, abituriyentlar uchun foydali ma’lumotlar va chiqindilarni saralash bo‘yicha mavzularni o‘z ichiga olgan.

Yaratilgan mobil ilovalarni baholash va ularni takomillashtirish bo'yicha takliflarni olish maqsadida 12 nafar ekspertlar guruhidan iborat hakamlar hay’ati tuzildi.  Hay’at a’zolari AKT mutaxassislari, "Technovation" dasturi ustozlari, biznes vakillari, davlat idoralari, BMT va Yoshlar ishlari agentligidan vakillaridan tashkil topdi. Taqdimot natijalari asosida jamoalar 2021 yilning yanvaridan may oyigacha O'zbekiston bo‘ylab o‘tkaziladigan "Technovation Girls-2021" xalqaro tanlovi doirasidagigi loyihalar ustida ishlashni davom ettiradilar.
Demo kun va uning dasturi bo‘yicha ishtirokchilar, mentorlar va ekspertlar fikri:

Gulnoza Xamidova, Farg'onalik mentor, maktab o‘qituvchisi: “Dasturni tugatgandan so‘ng, dasturlashni o'rganishga qiziqqan bolalar uchun o‘zimning maktabimda App Inventor dasturlash to‘garagini ochdim. Bu borada Farg‘ona shahridagi Yoshlar ishlari agentligidan maktabimiz uchun qo‘shimcha kompyuter va Internet ajratilishiga amaliy yordam so‘rab qolaman. Men darslarni o'zim olib boraman. ”

Farrux Omonov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o'rinbosari: “Texnologik loyihalar uchun infratuzilma juda muhimdir. Biz Farg‘ona shahridagi markazni kompyuterlar bilan jihozlashni rejalashtirmoqdamiz va Technovation ishtirokchilari ushbu markazda darslar va ularning dasturlarini o‘tkazishlari mumkin. Biz sizning loyihalaringizni qo'llab-quvvatlaymiz!”.

Zulxumor Tursunxo'jaeva, Namanganlik ishtirokchi: “Rostini aytsam, shu 4 oy ichida biz bir yilga qaraganda ko'proq bilim oldik. Ilova yaratishni, video-montaj (tahrir) qilishni o'rgandim. Men ilgari marketing haqida hatto eshitmagan ham edim, endi bu haqda aniq tushunchaga egaman. Biz o‘z jamoamizni yaratdik va Namangandan ko‘proq qizlarni Technovation Girls dasturida ishtirok etish uchun jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz".

Oydinoy Xusanova, Andijonlik murabbiy: "App Inventor, biznesni rejalashtirish bo‘yicha treninglar va ayniqsa Oracle xalqaro ekspertlari treninglari men uchun juda foydali bo'ldi".

Alisher Achilov, hakamlar hay‘ati eksperti, onlayn xizmat ko'rsatish guruhi rahbari: «Jamoalar mobil dasturlarni yaratish bo‘yicha texnik ko‘nikmalarini kuchaytirishlari kerak (masalan, server qanday ishlashini bilish uchun). Biz yordam berishga tayyormiz!”.

Murod Ibragimov, hakamlar hay'ati eksperti, Uzinfocomda jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig‘i, Microsoft-ning O'zbekistondagi vakili: «Loyihalar juda zo‘r! Barcha jamoalar o‘z loyihalarini ishlab chiqish va uni amalga oshirishdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xavf-xatarli holatlar bo‘yicha stsenariylarni o‘ylab ko‘rishlari kerak".

……….

Farg‘ona vodiysidagi Technovation Girls dasturining maqsadi:

Treninglar maqsadi 16-18 yoshdagi qizlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashish, ular orasida STEM sohasini mukammal targ‘ib qilish, gender tenglikni mustahkamlash, ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta'lim berish va STEMda ayollar va qizlar jamiyatini yaratish orqali mintaqada innovatsiyalarni kashf qilishdir. Ta'kidlash lozimki, IT sohasi kelajakdagi dolzarb kasblardan sanaladi! Onlayn mashg‘ulotlarda egallagan bilimlar qizlarga raqobatdosh mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga imkon beradi.

Treninglar shuningdek mentorlar (ustoz) uchun ham o‘tkaziladi. 19 dan 32 yoshgacha bo‘lgan talabalar, o‘qituvchilar, IT-mutaxassislar mentorlikka da’vogar bo‘lishlari mumkin.

Technovation Fergana Valley dasturi 100 nafar ishtirokchi uchun 3,5 oylik online-mashg‘ulotlardan iborat bo‘ldi. 30 dan oshiq vebinarlar mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan quyidagi mavzularda o‘tkazildi:

●       mobil ilovalarni dasturlash;

●       biznes-reja yaratish;

●       smartfonlar yordamida video tasvirga tushirish va uni montaj qilish;

●       taqdimotlar tayyorlash;

●       mentorlik;

●       IT sohasidagi karyera;

●       Barqaror Rivojlanish Maqsadlari.

Shuningdek Oracle kompaniyasining xalqaro ekspertlari tomonidan alohida 12 ta vebinar darslari o‘tkazildi. 


_______________

Technovation Girls haqida:

Technovation Girls - yer yuzidagi qizlar uchun eng katta va mashhur texnologik dasturdir. U O‘zbekistonda 2016 yildan beri amalga oshirilmoqda. Ushbu davrda 120 ta jamoa mobil ilovalarni yaratdi. 200 dan ortiq qizlar 200 nafar murabbiylar ko‘magida treninglarda ishtirok etdilar, 50 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.

Technovation ishtirokchilari, Toshkent shahri va boshqa viloyatlaridagi 10-18 yoshli qizlar, Barqaror Taraqqiyot Maqsadlaridagi yo‘nalishlari bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan muammolarni texnologiyalar yordamida hal etish yo‘lida mobil ilovalarni yaratishni o‘rganadilar.
Jamoalarni tadbirkorlar, o‘qituvchilar, universitet talabalari va IT mutaxassislaridan tarkib topgan mentorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Har bir jamoa mobil dasturni yaratadi, loyiha uchun biznes-reja yozadi, loyiha haqida videofilm suratga oladi va tanlov yakunida (finalda) o‘z loyihasini taqdim etadi.

2018 yili O‘zbekiston jamoasi xalqaro finalda o‘z loyihasini taqdim etib Kaliforniyadagi eng kuchli 10 ta jamoalar orasidan joy egalladi.

Dasturning O‘zbekistodagi websayti: www.technovation.uz

Xalqaro websayt: https://technovationchallenge.org/