Ayollarni zo’ravonlikdan himoya qilish uchun “Najot” mobil ilovasi ishga tushirildi

7-December, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Har yili 15 yoshdan 49 yoshgacha bo'lgan har beshinchi ayol va qiz zo'ravonlik haqida xabar beradi. Yangi ma’lumotlar pandemiya boshlanganidan keyin ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik tahdidi kuchayganligini ko'rsatmoqda. Karantin cheklovlari tufayli ko'plab zo'ravonlik qurbonlari o'z vaqtida yetarli darajada yordam olmagan bo'lishi mumkin. O'zbekistonda 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida zo'ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga 14 849 ta murojaat kelib tushdi.

COVID-19 inqirozining ayollar va qizlarga ta'sirini yumshatish va uzoq muddatli tiklanish ularga foyda keltirishini ta'minlash uchun BMT-Ayollar tashkiloti tezkor va maqsadli choralarni ishlab chiqdi. Asosiy chora-tadbirlardan biri gender zo'ravonligini, shu jumladan oiladagi zo'ravonlik holatlarini yumshatish va kamaytirishdir.

BMTning "Gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar" kampaniyasi munosabati bilan O'zbekistaon Gender komissiyasi tomonidan, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Shvetsiya hukumati ko'magi bilan amalga oshirilayotgan “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo’shma loyiha doirasida, asosiy maqsadi zo'ravonlik qurbonlarining huquqlarini himoya qilish va ularga o'z vaqtida yordam berishdan iborat bo'lgan “Najot” mobil ilovasi ishlab chiqildi.

Ilovaning bosh sahifasida favqulodda vaziyat uchun mo'ljallangan "Yordam tugmasi" mavjud. Agar foydalanuvchi oiladagi zo'ravonlik qurboniga aylangan bo'lsa, ushbu tugmani bosib, 3 soniyadan ko'proq ushlab turish kerak. “Najot” ilovasi qurbonning oilasiga yordam so'rab xabar jo’natadi va uning manziliga havola yuboradi.

"Yordam" tugmachasini ishlatish uchun "Yordam uchun kontaktlar" bo'limiga foydalanuvchi yaqinlarining kontaktlarini va yordam haqidagi xabarni qo'shishi kerak. Ilovada yordam uchun xabarga javob bera oladigan 5 tagacha yaqin kishilarning kontaktlarini qo'shish mumkin. Ushbu odamlarni ilova to'g'risida oldindan ogohlantirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, foydalanuvchi, agar kerak bo'lsa, "eng yaqin yordam markaziga xabar berish" parametrini tanlashi mumkin, shunda foydalanuvchi uchun xavf to'g'risida xabar eng yaqin reabilitatsiya markaziga yuboriladi.

Shuningdek, ilovada “Yordam markazlari” bo'limi mavjud bo'lib, u yerda oilaviy muammolar, oiladagi zo'ravonlik va favqulodda vaziyatlarda yordam uchun murojaat qilish mumkin bo’lgan joylar haqida ma'lumot olish mumkin. Ushbu markazlarda, agar kerak bo'lsa, psixolog, shifokor yoki huquqshunos maslahatlarini olish va himoyalangan turar joy so’rash mumkin.

Ilovada har bir hududdagi zo'ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish markazlari ro'yxati keltirilgan. Kerakli hududni tanlab, ushbu markazlarning manzili va kontaktlari to'g'risida ma'lumot olish mumkin. Shuningdek, navigatsiya uchun yordam sifatida markazlarning manzili xaritada keltirilgan.

Ilova yordamida psixologning onlayn yordamini, qiyin vaziyatda shifokor va advokat bilan maslahatlashish mumkin.

"Bilish muhim" bo'limida ayollar salomatligi, ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, oilaviy munosabatlar, huquqiy masalalar va boshqa masalalarga oid eng ko’p tarqalgan savollarga javoblar mavjud. Shuningdek, himoya orderini olish bo'yicha ko'rsatmalar mavjud. Bundan tashqari, foydalanuvchi zo'ravonlik turini aniqlash yoki zo'ravonlik nima ekanligini tushunish uchun testlardan o'tishi mumkin.

Ushbu bo'limda foydalanuvchi testdan o'tishi va o'ziga nisbtan zo'ravonlik borligini aniqlashi va qanday yordamga muhtojligini tushunishi mumkin. Masalan, agar javoblarda "ko'pincha" va "doimiy" javoblar ustunlik qilsa, demak, foydalanuvchi oilasida zo'ravonlik muammosi dolzarbdir.

Qayerda va qanday bo'lishidan qat'i nazar, foydalanuvchi yordam olguncha: u taqdim etgan barcha ma'lumotlar sir saqlanadi.

Ushbu mobil ilova o'zbek va rus tillarida mavjud. Yaqin orada “Najot” mobil ilovasini PlayStore-da yuklab olish mumkin bo'ladi.