Ayollar huquqlarini himoya qilish bo'yicha inklyuziv huquqiy va psixologik onlayn maslahatlar tashkil etildi

11-December, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

BMTning "Gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar" kampaniyasi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Gender komissiyasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan Shvetsiya hukumati ko'magi bilan amalga oshirilayotgan “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo’shma loyihasi doirasida xotin-qizlar uchun professional huquqshunos va psixolog onlayn maslahatlari taqdim etildi.

Gender zo'ravonlik qurbonlarini himoya qilishni ta'minlash doirasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish ham muhim. Shu maqsadda Gender komissiyasi veb-saytida va Mahalla vazirligining rasmiy sahifasida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda professional huquqshunos Gulnora Ishanxanovaning gender zo'ravonlik va uning oldini olish, uy-joy va oila masalalari bo'yicha dolzarb savollarga javoblari joylashtirildi. Bundan tashqari, nogiron shaxslarning gender zo'ravonlik bo'yicha huquqiy savodxonligini oshirish uchun ushbu maslahatlarning surdotarjimasi ham taqdim etildi.

Huquqshunos javoblari zo'ravonlik qurbonlarining huquqlari, zo’ravonlik qilgan shaxsga nisbatan ko'riladigan choralar, zo'ravonlikdan jabrlanganlarga ko'rsatiladigan yordam turlari, himoya orderini olish jarayoni, zo'ravonlik to'g'risidagi murojaatni ko'rib chiqish muddati va boshqa mavzularni qamrab oladi. Shuningdek, mahalla vazirligi tizimidagi xodimlar va ayollar ishlari bo’yicha ichki ishlar organlari inspektorlarining funktsiyalari va ular o'z vazifalarini bajarmagan taqdirda nima qilish kerakligi tushuntirildi. Bundan tashqari, ajrashish paytida bolalarga va mulkka bo'lgan huquqlar bilan bog'liq protsessual masalalar ko'rib chiqildi.

Zo'ravonlik qurbonlari nafaqat huquqiy yordamga, balki o'z vaqtida psixologik yordam ko'rsatilishiga ham muhtoj. Shu munosabat bilan ayollarning psixologik salomatligini yaxshilash, shaxsiy rivojlanishnii rag'batlantirish va oilaviy munosabatlarini mustahkamlash uchun audio va video materiallar tayyorlandi. Psixologik konsultatsiyalarni professional psixolog Aziza Tashxo'jayeva olib bordi. Uning ta'kidlashicha, pandemiya paytida unga 100 dan ortiq ayollar qarindoshlari ularga o'qish yoki ishlashga ruxsat bermaganligi, ular o'z kasalliklari yoki zo'ravonlik holatlari to'g'risida o'z vaqtida aytib berishdan qo'rqishganligi kabi muammolar bilan murojaat qilishgan.

Psixologik maslahatning muhim mavzularidan biri ayollarning o'zini o'zi hurmat qilishi masalasi edi. Psixolog o'zini sevishning oltin qoidalari bilan bo’lishdi. Bundan tashqari, agar kishi zo'ravonlik qurboniga aylangan bo'lsa, nima qilish kerakligi, stressli vaziyatlarni boshdan kechirganda, oilada yaxshi munosabatlarni o'rnatish yoki bolalarni qanday qilib to'g'ri tarbiyalash bo'yicha tavsiyalar berildi.

Shuni ta'kidlash kerakki, birinchi marta psixolog bilan maslahatlashish uchun imo-ishora tarjimasi taqdim etildi, shu orqali nogironlar ham psixologik stressni yengish bo'yicha muhim ma'lumotlarni olishlari uchun imkoniyat yaratildi.