«Yashil» sukuk qimmatbaho qog‘ozlarini O‘zbekistonda tadbiq etish imkoniyatlariga doir tadqiqot natijalarining taqdimoti va muhokamasi

30-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

2020-yil 25-noyabrda O‘zbekistonda yangi moliyaviy vosita – «yashil» sukukni tadbiq etish imkoniyatlarini taqdimoti va muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazildi. Seminar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Kapital Bozorini Rivojlantirish Agentligi hamda Islom Taraqqiyot Banki va BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul Xalqaro Xususiy Sektorni rivojlantirish Markazi (BMTTD Istanbul Markazi) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda manfaatdor vazirlik va idoralar, tadqiqot markazlari, tijorat banklari, xususiy sektor vakillari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdilar.

BMT Taraqqiyot Dasturining Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan qo‘shma tashabbusi doirasida O‘zbekiston hukumatining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari va milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga erishish maqsadida qo‘shimcha mablag‘ manbalari, shu jumladan, «yashil» sukukni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu tashabbus doirasida BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul Markazi tomonidan "O‘zbekistonda «yashil» sukukni tadbiq etishning texnik-iqtisodiy asoslari" mavzusida Xisoboti tayyorlandi.

Sukuk - bu Islom tamoyillariga asoslangan qimmatbaho qog‘oz turi bo‘lib, uning qaytarilishi asosiy aktivlarning samaradorligiga bog‘liqdir. Oddiy obligatsiyalardan farqli o‘laroq, sukuk ma’lum bir moddiy aktiv yoki ma’lum bir investitsiya loyihasi qiymatining bir qismiga egalik qilishni o‘z ichiga oladi. «Yashil» sukuk yangi sukuk turi bo‘lib, ekologik barqaror loyihalarni, masalan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya va resurslarni tejamkor texnologiyalarini joriy etish, qattiq chiqindilarni boshqarish kabi loyixalarlni moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

Seminarning birinchi qismi xalqaro «yashil» obligatsiya va sukuk bozori, shuningdek, Malayziya va Indoneziyada «yashil» sukukning ilk bor bozorga chiqarilishining tajribasi tahliliga bag‘ishlandi. Hozirda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamakatlari «yashil» sukuk vositasida qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini moliyalashtirishda yetakchi rol o‘ynamoqda. 2017 yilda Malayziya quyosh elektr stansiyasini qurishni moliyalashtirish maqsadida dunyoda ilk bor 64 million dollar miqdorida “yashil» sukukni bozorga chiqardi. 2018 yil mart oyida esa, Indoneziya hukumati qiymati AQSh dollarida bo‘lgan ilk bor suveren «yashil» sukukni bozorga chiqardi. Besh yil muddatga mo‘ljallangan ushbu sukuk vositasi orqali 1,25 milliard dollar miqdorida mablag‘ jamlandi.

Seminarning ikkinchi qismida BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul markazi va ularning xamkorlari tomonidan tayyorlangan Hisobotning tadqiqot natijalari taqdim etildi. O‘zbekistonda kapital bozori haqida qisqacha ma’lumot berilgach, O‘zbekistonda "yashil" sukukni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi. Birinchi qadam sifatida, kapital bozorida "yashil" sukukni chiqarish va muomalasi uchun tegishli me’yoriy-huquqiy bazani yaratish ta’kidlab o‘tildi. BMTTDning Istanbul Markazi qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqarish (masalan, shamol, quyosh yoki gidroenergetika), uy-joy qurilishi sohasida va boshqa sohadagi loyihalarni moliyalashtirishni yashil sukuk vositasida amalga oshirishni taklif etdi.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Maxkamov Tursun Erkinovich BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul markazi tadqiqotchilari va xodimlariga Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishda o‘z hissasini qo‘sha oladigan "yashil" sukukni tadbiq etishni texnik-iqtisodiy asoslash bo‘yicha olib borilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, kapital bozorini rivojlantirish agentligi yaqinda keng muhokamaga qo‘yilgan "Islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatbaho qog‘ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasining asosiy qoidalarini taqdim etdi.

Shuningdek, muhokama natijalari bo‘yicha "yashil" sukukni O‘zbekistonga muvaffaqiyatli joriy etishda keyingi qadamlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.