Zo‘ravonlikka uchragan ayollarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

3-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 30-oktabr kuni zo’ravonlikka uchragan ayollarni huquqiy jihatdan himoya qilish bo’yicha “Advokatura institutlari va Nodavlat Notijorat Tashkilotlarlarning gender tenglik va zo’ravonlik qurbonlarining huquqlarini himoya qilishdagi o’rni” mavzusida onlayn seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminar-trening O’zbekiston Respublikasi Advokatlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish ” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya hukumatining moliyaviy ko‘magi yordamida tashkil etildi.

Treningda zo’ravonlik qurbonlari bilan ishlaydigan Advokatlar assotsiatsiyasi advokatlari va NNTlar vakillaridan iborat 50 kishi ishtirok etdi.

Seminar-treningda qatnashgan ekspert Gulnora Ishanxanova O’zbekistonda odil sudlovni ta’minlashga to’sqinlik qilishi mumkin bo’ladigan omillar va huquqiy amaliyotning gender tahlili bo’yicha o’z fikrlari bilan bo’lishdi.Bu borada qabul qilingan xalqaro hujjatlar seminar ishtirokchilariga tanishtirildi.Xususan, seminar ishtirokchilari zo’ravonlik qurbonlarini sud va tergov jarayonlarida himoya qilish bo’yicha xalqaro tajribalarni ko’rib chiqishdi va ularni O'zbekistonda tadqiq etish bo'yicha fikr almashishdi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida (CEDAW) Konvensiya bilan yaqindan tanishtirildi. Mazkur Konvensiya bo‘yicha O’zbekistonda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar seminar ishtirokchilari bilan keng muhokama qilindi.

Trening ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi va "Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunlar mazmun mohiyati, ularni hayotga tadbiq etishda huquqshunoslar va NNTlarning roli, tazyiq va zo‘ravonlik turlari, ularni bartaraf etish va ularga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalar bilan tanishishdi.

Psixolog Liana Natroshvili zo‘ravonlik qurbonlarini aniqlash, ular bilan qanday muloqot qilish kerakligi bo‘yicha uslubiy maslahatlar berdi. Trening ishtirokchilari zo’ravonlik qurbonlari bilan ishlashda psixologik metodlarni qo'llash ko’nikmasiga ega bo’lishdi.

Seminar-trening so’ngida ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalari bilan qatnashib, qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javobini olishdi.

Jumladan, ishtirokchilarni zo’ravonlik qurbonlarining bepul advokatlar yordamidan foydalanishi bo’yicha imkoniyatlar va buning milliy qonunchilikdagi asoslari; ayollar jamoat joylarida zo’ravonlikka uchraganda, qaysi hujjatlar ushbu vaziyatga baho berishi va boshqa masalalarni muhokama qilib, tajriba almashishdi.

Seminar-trening oxirida advokatlar uchun zo’ravonlik qurbonlarining huquqlarini himoya qilish bo’yicha qo’zg’atilgan jinoyat ishlarining sud-psixologik ekspertizasini o’tqazish to’g’risidagi uslubiy qo’llanmani ishlab chiqish taklif etildi.