Reabilitatsiya markazlari xodimlari Shvetsiya tajribasini o'rganishdi

18-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

BMT tadqiqotlariga ko'ra, COVID-19 pandemiyasi sharoitida ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik tahdidi yanada kuchaygan. Karantin cheklovlari tufayli ko'plab zo'ravonlik qurbonlari o'z vaqtida yetarli darajada yordam olmagan bo'lishi mumkin. Bunday sharoitda zo'ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish institutlarining o'rni juda muhimdir.

O'zbekistonda ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish maqsadida 2018-yil 2-iyuldagi Prezident farmoni bilan Zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo'yicha Respublika markazi tashkil etildi. Ayni paytda O'zbekistonda 197 ta shunday markaz mavjud.

2020-yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu markazlarga 14 849 ta murojaatlar kelib tushdi. 5796 holatda psixologik, 3680 holatda huquqiy, 503 holatda fuqarolarga tibbiy yordam ko'rsatildi, 1553 holatda boshqa turdagi yordam ko'rsatildi.

18-noyabr kuni zo'ravonlik qurbonlari bilan ishlash va ularga o'z vaqtida yordam ko'rsatish sohasida ilg’or xalqaro tajribani o'rganish maqsadida “Reabilitatsiya markazlarini (shelterlarni) samarali boshqarish va yuritish: Shvetsiya tajribasi ” mavzusida onlayn o'quv seminari tashkil etildi.

Seminar-trening O’zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi,  Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va  BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya hukumatining moliyaviy ko‘magi yordamida tashkil etildi.

Treningda Zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish va o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari rahbarlari va xodimlari hamda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tizimidagi xodimlar ishtirok etishdi.

Ayollar huquqlarini himoya qilish va zo'ravonlik qurbonlari bilan ishlash bo'yicha Shvetsiyalik yetakchi mutaxassislar va ekspertlar zo'ravonlik qurbonlari bilan muloqot qilish usullari, reabilitatsiya markazlari (shelterlar) faoliyatini tashkil etish, ijtimoiy yordam olish va mablag' yig'ish haqida so'zlab berishdi.

Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirining birinchi o’rinbosari Gulnora Marufova trening ahamiyatiga to’xtalib, shunday dedi: “Bugungi pandemiya sharoitida dunyo bo‘ylab xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paygani qayd etilmoqda. Bunday vaziyatda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish institutlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro tajribalarni o‘rganish orqali bizni milliy qonunchiligimizga, jamiyat hayotiga to‘g‘ri keladigan ilg‘or tajribalarni mamlakatimizda joriy etish, reabilitatsiya markazlari faoliyatini yana-da yaxshilash, ularning moddiy texnik taʼminotini rivojlantirish bo‘yicha bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayapti”.

BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili o'rinbosari Doina Munteanu xonim quyidagilarni ta'kidladi: “Bugungi seminar O'zbekistondagi shelterlar faoliyatini jahon standartlariga muvofiq tashkil etish, ijtimoiy qo'llab-quvvatlashning yangi manbalarini izlash va mahalliy markazlarni moliyalashtirish, zo'ravonlik qurbonlariga psixologik va huquqiy yordam ko'rsatish uchun reabilitatsiya markazlari xodimlarining malaka va bilimlarini oshirish hamda xalqaro tajriba bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi.. Biz shelterlar faoliyatini tashkil etish bo'yicha tajriba, fikr va bilim almashish uchun ushbu mavzu bo'yicha yangi seminarlar o'tkazishni taklif qilamiz”.

Doina Munteanu o’z nutqida may oyidan iyul oyiga qadar Mahalla vazirligi hamda BMTTD tomonidan mahalla vakillari orasida o’tkazilgan COVID-19 pandemiyasining aholi ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ta’siri to’g’risidagi so’rovnoma natijalari bilan bo’lishdi. So’rovnomaning asosiy xulosalaridan biri shunda bo’ldiki, pandemiya ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy va psixologik farovonligiga nisbatan ko’proq zarar yetkazgan, ayollarga nisbatan maishiy zo’ravonlik xavflari kuchaygan.

Zo'ravonlik qurboni bo'lgan ayollar uchun shelterlar uyushmasi (UNIZON) ning ayollar huquqlari va homiylik masalalari bo'yicha mutaxassisi Mariya Byorson ishtirokchilarni Shvetsiyadagi reabilitatsiya markazlarining turlari, zo'ravonlik qurbonlarining ularga murojaat qilish mexanizmlari, mamlakatdagi barcha shelterlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ularda jamoaviy ishlarni tashkil etish bilan tanishtirdi. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Shvetsiyada mahalliy hokimiyat idoralari zo'ravonlik qurbonlari bo'lgan ayollar va bolalarga yordam va himoya ko'rsatishga qonunan majburdirlar.

Shelterlar faoliyatini tashkil etish bo’yicha maslahatchi Ulrika Bodin Shvetsiyada zo'ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya markazlariga qabul qilish mexanizmi qanday ishlashi haqida gapirdi. Uning so'zlariga ko'ra, zo'ravonlik qurbonini markazga joylashtirishdan oldin, vaziyatning xavflilik darajasi tahlil qilinadi. Shundan so'ng, kerakli yordam va himoya turlarini ta'minlash uchun reja tuziladi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar shelterlarda ishlarni boshqarish tamoyillari, ularni moliyalashtirish usullari, Shvetsiya reabilitatsiya markazlarining psixologik qo'llab-quvvatlash, zo'ravonlik qurbonlariga ijtimoiy va huquqiy yordam ko'rsatish amaliyoti haqida ma'lumot oldilar.

Seminar-trening so’ngida ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalari bilan qatnashib, qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javobini olishdi.