“O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” loyihasi faoliyati 2021-yil oxirigacha uzaytirildi

5-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimida gender tenglikni ta’minlash hamda sud jurnalistikasida yangicha madaniyatni shakllantirish singari masalalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi faoliyatining 2021-yildagi asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.

4-noyabr kuni qo‘shma loyiha tomonidan 2020-yilda erishilgan natijalarga bag‘ishlangan Zoom-videokonferensaloqa vositasida tashkillashtirilgan yig‘ilishda USAIDning qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lari hisobiga loyiha faoliyati 2021-yil oxirigacha uzaytirilgani rasman e’lon qilindi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy makatabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, USAID va BMT Taraqqiyot dasturi vaqillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda loyihaning kelgusi yilga mo‘ljallangan asosiy rejalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asosiy yo‘nalishlar sifatida ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimida gender tenglikni ta’minlashga oid tavsiyalar va innovatsion usullarni joriy etish, sudlar yaxlitligini kafolatlash orqali sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudlar faoliyati shaffofligini yanada oshirish, elektron sudlov tizimi va interfaol xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda sud jurnalistikasida yangicha madaniyatni shakllantirish kabilar qayd etildi.

2014-2020-yillar davomida “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi mamlakatda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etishda faol qatnashdi. Ro‘yobga chiqarilgan tashabbuslarning aksariyati 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi va 2030-yilgacha BMT Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.