“Worldskills Uzbekistan-2020” ishchi kasblar bo‘yicha chempionati

30-October, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

30 va 31-oktyabr kunlari “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholiga xizmatlar ko‘rsatish monomarkazi binosida ishchi kasblar bo‘yicha “WorldSkills Uzbekistan-2020” chempionati o‘tkaziladi. Ikki kunlik musobaqada 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar WorldSkillsning 6 ta yo‘nalishi: mehmonxona ma’muriyati, sartaroshlik san’ati, oshpazlik, quruq qurilish va pardozlash ishlari, elektr montaji, payvandlash texnologiyalari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishlari mumkin bo‘ladi.

Chempionatda Toshkent, Samarqand va Shahrisabzdan 36 nafar yosh mutaxassis qatnashadi. Taqdimot-imtihondan keyin ularning ishlarini 45 nafar ekspert baholaydi. Chempionatning barcha ishtirokchilari kasbiy bilim va ko‘nikmalar to‘g‘risidagi sertifikatlar – Skills-pasportlar oladilar va eng yaxshilari oltin medal bilan taqdirlanadi.

Chempionat Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi (WorldSkills Uzbekistan) tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Bunday formatdagi kasb musobaqalari mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilishi emas. O‘tgan yil dekabr oyida “Yosh professionallar” ittifoqi (WorldSkills Russia) bilan hamkorlikda Ishchi kasblar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi birinchi ochiq milliy chempionati o‘tkazilgandi. U nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan ishtirokchilar, ekspertlar va kuzatuvchilarni bir joyga jamlagandi.

Chempionat mamlakatimizning WorldSkills International xalqaro assotsiatsiyasiga qo‘shilishida hal qiluvchi qadam bo‘ldi va 2020 yil 17 yanvarda WorldSkills Direktorlar kengashi bizning a’zolikka qabul qilish bo‘yicha so‘rovimizni tasdiqladi. Natijada, O‘zbekiston ushbu xalqaro assotsiatsiyaning 83-a’zosi bo‘ldi.

Munosib ish o‘rinlarini yaratish – bugungi kunda hal qilinishini kutayotgan asosiy masala va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati uchun asosiy ustuvorlikdir. Ushbu sohadagi vazifalarni hal qilish mehnat bozori, jumladan joylarda yaratilayotgan yirik korxonalar va klasterlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali ishchi kasblar mutaxassislarini tayorlashning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo qiladi. Mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, kasbiy ta’limni ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiyalash, kasbiy kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholashning xalqaro tizimini joriy etish maqsadlarida, joriy yil may oyida Hukumat tomonidan kasbiy malakalar va kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror (“Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 394- son VMQ) qabul qilindi, unda, jumladan, O‘zbekistonda kasbiy ta’lim va malakalarni baholash tizimiga WorldSkills standartlarini joriy qilish, shuningdek WorldSkills standartlari bo‘yicha ishchi kasblar milliy va mintaqaviy chempionatlarini o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi “WorldSkills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasini yaratish nazarda tutilgan.

O‘zbekistonning kelgusi umumjahon chempionatlarida qatnashishi, shuningdek mintaqaviy va milliy miqyoslarda musobaqalarni tashkil etish kasbiy ta’lim tizimiga xalqaro standartlarni yanada kengroq tatbiq etishga xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, tayyorlanayotgan kadrlar malakasining oshishiga yordam beradi.

WorldSkills International – xalqaro notijorat tashkiloti bo‘lib, ikki yilda bir marta o‘tadigan xalqaro chempionatlarni tashkil etish orqali ishchi kasblar nufuzi va maqomini, shuningdek kasbiy tayyorgarlik standartlarini oshirishga qaratilgan. Ishchi kasblar bo‘yicha jahon chempionati 2021 yil sentyabrda Shanxayda o‘tkaziladi.

WorldSkillsni O‘zbekistonda rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkor BMT Taraqiyot Dasturi sanaladi. Hozirda BMT TD, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi xukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasini amalga oshirmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad mehnat bozoridagi qator faol tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston Hukumatiga yordam ko‘rsatish orqali O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar (kollej va universitetlar bitiruvchilari, yosh ayollar va h.k.) orasida bandlikka ko‘maklashish sanaladi.

BMT TDning O‘zbekistondagi Doimiy Vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu xonim qayd etganidek: “Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda “WorldSkills Expert Community” professional ekspert hamjamiyatini yaratish, shuningdek WorldSkills standartlari bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustaqil baholash tizimini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar yakunida eng talabgir kasbiy bilim va ko‘nikmalar bo‘yicha kamida 70 nafar WorldSkills Uzbekistan ekspertlari saralab olinadi va ekspertlar guruhi shakllantiriladi. Bu ekspertlar kelgusida O‘zbekistonda xalqaro e’tirof etilgan WorldSkills standartlarini tatbiq etadilar.

OAV vakillari uchun: 93 397 75 99, Bexzod Umarov,
“O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha yordamchi