BMTTD ayollarga nisbatan zo’ravonlikni oldini olish bo’yicha onlayn seminar o’tkazdi

13-October, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

BMT ma’lumotlariga ko’ra, bir yil davomida 15 yoshdan 49 yoshgacha bo’lgan har beshinchi ayol va qizlar turli ko’rinishdagi zo’ravonlikka uchraydi. Kamida 15 ta mamlakatda hozirgacha oiladagi zo’ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin choralari davomida ham ko’plab mamlakatlarda ayollarga nisbatan zo’ravonlik va diskriminatsiya holatlari ko’paygani kuzatildi. Pandemiya sharoitida ayollarning yordam olish bo’yicha imkoniyatlari ham cheklanib qoldi.

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida ichki ishlar organlarining o’rni katta. Ushbu maqsadda O’zbekistonda Ichki ishlar vazirligi tomonidan xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektor va psixolog shtatlari tashkil etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida alohida bo’lim, shuningdek hududlar bo’yicha uning bo‘linmalari tashkil etildi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish borasida yangi institut – himoya orderi – kiritildi. Himoya ordenini amaliyotda qo’llash, oilaviy nizolarni bartaraf etish jarayonlarida oilaga ziyon yetkazmasdan turib, xotin-qizlarning xavfsizligini, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida vazifalarini bajarishdan iboratdir.

Ichki ishlar organlarining ayollar huquqini himoya qilish sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida, 6-7 oktabr kunlari, Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda va Shvetsiya elchixonasining moliyaviy ko’magi yordamida, "Ayollarga nisbatan zo’ravonlikni oldini olishda ichki ishlar organlari xodimlari salohiyatini oshirish" mavzusida onlayn seminar-trening bo’lib o’tdi.

Seminar-treningda jami 100 nafar Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektorlar, psixologlar, profilaktika inspektorlari va boshqa xodimlar qatnashishdi. 50 kishilik guruhga bo’linib, ikki kun davom etgan onlayn seminar Jizzax, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining ichki ishlar organlari xodimlari uchun tashkil etildi.

Tadbirda ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari mavzusida malakali trenerlar, Adliya vazirligi YuMOMning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri Lola Saidova va Demokratiya va inson huquqlari institute direktori o’rinbosari Shoira Umarovalar o’z ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

Ishtirokchilar trening davomida xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonlikka qarshi qabul qilingan xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilik, tazyiq va zo’ravonlik turlari, ularni bartaraf etish va ularga qarshi kurashish sohasidagi ilg’or xorijiy tajribalar bilan tanishib, o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.