Taʼlim tizimi xodimlari uchun ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning |oldini olish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

29-October, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 28 oktyabr kuni taʼlim tizimidagi xodimlarning ayollarga nisbatan diskriminatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan “Ayollarga nisbatan diskriminatsiya, tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida onlayn seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminar-trening Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda,  Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va  BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish ” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya elchixonasining moliyaviy ko‘magi yordamida tashkil etildi.

Treningda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi psixologlar, Xotin-qizlar kengashi raislaridan iborat jami 200 ta psixolog va 300 ta kengash raislari ishtirok etishdi.

Seminar treningda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining Yoshlar va AKT masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Y.Absoatov mazkur seminarning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tib: “Bugungi kunda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tizimida zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida pedagoglar va talaba-o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini oshirib borish, zo‘ravonlikka moyilligi mavjud shaxslarni aniqlash, o‘quvchilarda xulq-atvor va ruhiy buzilishlar, tazyiq va zo‘ravonlikka moyilligi aniqlanganda shoshilinch psixologik yordam ko‘rsatish ular bilan tuzatish dasturlarini olib borish, himoya orderidan foydalanish tartibi, notinch oilalarda voyaga yetayotgan bolalarga alohida eʼtibor qaratish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish yuzasidan taʼlim muassasalari psixologlari uchun o‘quvlar tashkil etilib borilmoqda”, - deya o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, seminar-treningda Adliya Vazirligi Yuristlar malakasini oshirish markazining “Xalqaro xuquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori Lola Saidova O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish va unga qarshi kurashishning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘z maʼruzasi bilan qatnashib, ishtirokchilarni xalqaro doirada ayollarga nisbatan diskriminatsiya, zo‘ravonlik xolatlariga qarshi kurash doirasida qabul qilingan xalqaro xuquq normalari, xususan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida (CEDAW) Konvensiya bilan yaqindan tanishtirdi. Mazkur Konvensiya bo‘yicha taʼlim tizimida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar seminar ishtirokchilari bilan keng muhokama qilindi.

Trening ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi va "Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunlar mazmun mohiyati, ularni hayotga tadbiq etishda taʼlim muassasalari psixologlari, Xotin-qizlar kengashi raislarining roli, tazyiq va zo‘ravonlik turlari, ularni bartaraf etish va ularga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalar bilan tanishishdi.

Bundan tashqari treningda oliy toifali psixolog Azizaxon Tashxodjayeva tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan ishlash bo‘yicha uslubiy maslahatlar berdi. Psixologlar, onlayn mashg‘ulotlar orqali suitsidga moyilligi bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash, ularga zudlik bilan ruhiy ko‘mak ko‘rsatish,  taʼlim muassasasida tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish mexanizmini o‘rganish kabi muhim ko‘nikmalariga ega bo‘lishdi.

Seminar-trening ishtirokchilari o‘z fikr va takliflari bilan ishtirok etishdi. Xususan, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti Xotin-qizlar kengashi raisi Ruziyeva Dilobar “Zo‘ravonlikni oldini olish uchun, taʼlim muassasi xodimlari masʼuliyatni kuchaytirishi, atrofdagilarga eʼtiborli bo‘lishi talab qilinadi. Bunda ota-onaning, oilaning, jamoaning, taʼlim muassasalarining hamkorligi orqali katta natijalarga erishish mumkin. Biz albatta o‘z taʼlim muassasamizda bugungi maʼruzachilarning maʼruzalaridan kelib chiqib masʼuliyatni oshiramiz. Seminar maʼlumotlari, prezentatsiyalarini har bir taʼlim muassasiga tarqatib, o‘quv jarayonida foydalanish zarur”, deya o‘z fikrini bildirdi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar tomonidan maktab va oliy o‘quv yurtlarida "Inson huquqlari", "Gender tenglik", "Yigitlarni hayotga tayyorlash", “Psixologiya” kabi predmet va kurslarni joriy etib, mazkur kurslar orqali yosh yigit-qizlarda o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirish, hayotga intilishni shakllantirish, o‘qishga, ilm olishga, hunar o‘rganishga motivatsiya uyg‘otish, kelajakda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini taklif etdilar.