“Mahalliy davlat hokimiyati organlarida jamoatchilik kengashlari faoliyati: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida tahliliy hisobotlar taqdimoti

27-October, 2020

Joriy yilning mart oyida respublikamizning ayrim hududlarida davlat xizmatchilari va faol aholi orasida oʻtkazilgan soʻrovlar natijalariga koʻra, respondentlarning 56% foizi “Jamoatchilik vakillari hokimiyat faoliyatida yetarlicha ishtirok etmayapti” deya hisoblashini koʻrsatgan. 2018 yildan buyon barcha davlat organlarida huzurida tashkil etilishi moʻljallangan Jamoatchilik kengashlari bu sohada muhim oʻrin tutishi kutilgan edi.

2020 yilning 27 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, “Yuksalish” umummilliy harakati,  Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi hamkorligida “Mahalliy davlat hokimiyati organlarida jamoatchilik kengashlari faoliyati: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida  vebinar tashkil qilindi,  unda ishtirokchilar oʻzaro fikr va tajriba almashdilar, bu boradagi muammolar va ularni hal yetish yoʻllarini muhokama qildilar.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, “Yuksalish” umummilliy harakati,  Adliya vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va mustaqil ekspertlar, shuningdek BMTTD, Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Vebinarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov kirish soʻz bilan ochdi va mamlakatimizda mustaqil fuqarolik institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ularning erkin faoliyati kafolatlarini taʼminlash, davlat organlarining fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ularning ochiq, shaffof va oshkora faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish yuzasidan kompleks va izchil ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidladi.

BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu xonim oʻz nutqida “Jamoatchilik nazorati jamiyatda ijtimoiy adolat qaror topishi uchun shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida muvozanat, tenglik, oʻzaro masʼuliyat va javobgarlikka xizmat qiluvchi asosiy omil hisoblanishi haqida” toʻxtalib oʻtdilar.

Vebinar davomida taqdimot va maʼruzalar eshitildi.Xususan, BMTTD loyihasi konsultanti Mirzohid Qarshiyev tomonidan xorijiy davlatlar misolida jamoatchilik kengashlarining hokimiyat faoliyatida fuqarolar ishtirokini taʼminlash hamda hokimiyat organlari ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatish mexanizmlari tahlil qilindi. Oʻzbekistonning beshta hududida oʻtkazilgan soʻrovnoma va intervyu natijalariga koʻra, bu kabi mexanizmlarga talab yuqoriligi, lekin shu bilan birga qonunchilikdagi ayrim kamchiliklar va yillar davomida shakllangan maʼmuriy va boshqaruv madaniyati muayyan qiyinchiliklarga sabab boʻlmoqda. Tadqiqot davomida jamoatchilik ishtiroki va nazorati kuchaytirilishi lozim boʻlgan sohalar (masalan, davlat obʼektlari qurilishi va mahalliy byudjet mablagʻlarining oqilona sarflanishi) ham aniqlandi. Shu bilan bir qatorda, aholining qaror qabul jarayonida ishtirokini tartibga soladigan reglamentlar esa ishlab chiqilmagan va tadbiq qilinmagan. Shuningdek, turli qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish borasida qator taklif va tavsiyalar muhokama uchun taqdim etildi.

Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulugʻbek Muxammadiyev oʻz nutqida jamoatchilik kengashlari davlat organlari faoliyatini isloh qilishda fuqarolarning bevosita ishtirokini taʼminlash, aholining fikrlarini oʻrganish va tahlil qilish, shuningdek korruptsiyaga qarshi choralar ustidan monitoring olib borish va  monitoring natijalari boʻyicha takliflar tayyorlashda muhim oʻrin egallashini taʼkidladi.

Shuningdek, Yuksalish umummilliy harakati xodim, "Innovatsiya uchun Hamkorlik" dasturining Oʻzbekistondagi direktori Yelena Kudinova xonim “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida jamoatchilik kengashlari faoliyatiga koʻmak borasida maʼruza qildi.

Vebinarda ishtirok etgan ekspertlar va ishtirokchilar ham oʻz mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturining qoʻshma loyihasi hamkorligida Baxmal, Xovos, Dehqonobod va Sariosiyo tumanlari hamda Nurafshon tumani xalq deputatlari Kengashlari huzurida jamoatchilik kengashlarini tuzish tashabbusini qoʻllab quvvatladilar va ushbu jarayonda texnik va metodologik koʻmak koʻrsatish milliy tajribani shakllantirish imkonini beradi deb taʼkidladilar.