Marg‘ilonda “Juststart” akseleratori ochilish marosimi va “Technovation girls” dasturi ishtirokchilarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz natijasida dunyoning ko’plab mamlakatlarida ishsizlik darajasi ko’tarildi va aholi o’z daromad manbaalarisiz qoldi. Bunday vaziyat asosan aholining kam ta’minlangan qatlamlarini va iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo’lgan qismini qiyin ahvolga solib qo’ydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti COVID-19 inqirozining ijtmoiy-iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida, 2020 yilning aprel oyida, mamlakatlarni qayta tiklashga qaratilgan dasturni taqdim qildi. Dasturdagi asosiy yo’nalishlardan biriga ish o’rinlarini saqlab qolish, kichik va o’rta biznesni hamda norasmiy sektor ishchilarini qo’llab-quvvatlash kiradi.

Bu borada, Yoshlar ishlari agentligi hamda Birlashgan millatlar tashkilotining hamkorlikdagi “Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” qo‘shma loyihasi doirasida Farg‘ona vodiysida “Technivation Girls” va “JustStart” akselerator dasturlarini amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturlar yordamida yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, hususan xotin-qizlarni axborot kommunikatsion texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish va yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. 

“Just start” dasturi Fargʻona vodiysidagi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning oʻz bizneslarini boshlash va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishlarida nazariy va amaliy yordam koʻrsatishga moʻljallangan. Onlayn taʼlim va treninglar orqali Fargʻona vodiysida axborot texnologiyalari (IT), fan, ekologiya, qishloq xoʻjaligi, xotin-qizlar tadbirkorligi sohasida innovatsion loyihalarni tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatiladi.  

Dastur yakunida jamoalar tomonidan ishlab chiqilgan va eng yaxshi deb topilgan 10 ta loyihaga 5000 AQSH dollari miqdorigacha begʻaraz grant taqdim etiladi.  

Dastur toʻrt oy davom etadi va shu muddat ichida ishtirokchilarga muayyan gʻoyani yaratishdan boshlab startap loyihasini ishlab chiqish va uni boshlangʻich kapitalni (kichik grantni) olgunga qadar bosqichlardan oʻtish imkoniyati beriladi. 

Mazkur dastur doirasida loyiha ishtirokchilari kelgusida biznes gʻoyani rivojlantirish boʻyicha ishlarni birgalikda amalga oshirish maqsadida jamoa tuzish uchun oʻz hamfikrlarini topish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur davomida yurtimizdagi mashhur ishlab chiqarish korxonalariga onlayn tashrif buyurishdek imkoniyatga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, ular ilgʻor tadbirkorlar, biznesni boshlashda ko‘maklashuvchi malakali murabbiy va yetakchi mutaxassislardan onlayn maslahat va foydali fikr va gʻoyalar olishadi. Bunday qimmatli maslahatlar yordamida esa, jamoalarning oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirish va kichik grantlarga ega boʻlish imkoniyatlari yanada ortadi. 

Shu bois, Farg‘ona vodiysi yoshlariga COVID-19 pandemiyasi sharoitida uydan turib tadbirkorlikning eng muhim sir-asrorlarini o‘rganish, jamoa tuzib yangi innovatsion va foydali startap g‘oyani amalga oshirish uchun beg‘araz grant yutib olish taklif etiladi. 

“Technivation Girls” xalqaro dasturi joriy yilning 12-avgustidan boshlab omalga oshirilmoqda. Dasturda 60 nafar ishtirokchi qizlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashish, ular orasida STEM sohasini mukammal targ‘ib qilish, gender tenglikni mustahkamlash, ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta'lim berish va STEMda ayollar va qizlar jamiyatini yaratish orqali mintaqada innovatsiyalarni kashfiyotlar amalga oshirilmoqda. Dekabr oyiga qadar davom etadigan ushbu xalqaro dastur bugungi kunga qadar ishtirokchilarga mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan quyidagi mavzularda vebinarlar o‘tkazildi: 

●mobil ilovalarni dasturlash; 

●biznes-reja yaratish; 

●video tasvirga tushirish; 

●taqdimotlar tayyorlash; 

●mentorlik; 

●IT sohasidagi karyera;  

O‘tgan 2 oy mobaynida ishtirokchilar mukammal bilim va ko‘niklaridan kelib chiqib o‘zlari yaratgan innovatsion va ijtimoiy ahamiyatga ega mobil ilovalarinining taqdimotini qilishdi.  

Ta'kidlash lozimki, IT sohasi kelajakdagi dolzarb kasblardan sanaladi! Onlayn mashg‘ulotlarda egallagan bilimlar qizlarga raqobatdosh mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga imkon beradi. 

Tadbirda O’zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim hamda BMTning giyohvand moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal xonim so’zga chiqdi.  

Tadbir davomida O’zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning naqadar muhim va dolzarbligi ta’kidlanib, bu borada BMTTDning har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etildi. Online va oflayn formatida bo‘lib o‘gan tadbirda zoom orqali Farg‘ona vodiysining turli nuqtalaridan qatnashayotgan yoshlar bilan jonli muloqot uyushtirildi, ularga kelgusidagi ishlariga omadlar tilandi.