Mahalla tizimi xodimlari uchun ayollarga nisbatan zo’ravonlikning oldini olish bo’yicha seminar-trening o’tkazildi

29-October, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

27 oktabr kuni Mahalla tizimidagi xodimlarning ayollarni zo’ravonlikdan himoya qilish bo’yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan "Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish va unga qarshi kurashishda mahalla faollarining o‘rni” mavzusida onlayn seminar-trening bo’lib o’tdi.

Seminar-trening Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish ” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya elchixonasining moliyaviy ko’magi yordamida tashkil etildi.

Treningda Toshkent shahri va barcha viloyatlardan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hududiy boshqarmalari rahbarlari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar bo’yicha mahalla raislarining o‘rinbosarlari, mahalla maslahatchilari, jami 200 dan ortiq kishi qatnashdi.

Seminar-treningda Adliya Vazirligi Yuristlar malakasini oshirish markazining “Xalqaro xuquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori Lola Saidova O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish va unga qarshi kurashishning dolzarb masalalari bo’yicha o’z ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Trening ishtirokchilari ayollarga nisbatan zo’ravonlikka qarshi qabul qilingan xalqaro hujjatlar, qizlarni yosh turmushga berishdan saqlash, tazyiq va zo’ravonlik turlari, ularni bartaraf etish va ularga qarshi kurashish, zo’ravonlik qurbonlariga o’z vaqtida va to’g’ri yordam ko’rsatish sohasidagi ilg’or xorijiy tajribalar bilan tanishishdi. Shuningdek, qatnashchilar xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo’yicha milliy qonunchilikni hayotga tadbiq etish bo’yicha ko’nikmalar olishdi.

Bundan tashqari, psixolog Parizoda Kuraxmetova tomonidan zo’ravonlikka uchragan ayollar mahallaga murojaat qilganda mahalla xodimlari tomonidan ular bilan muomala qilish bo’yicha psixologik texnikalar o’rgatildi. Bu texnikalar yordamida ayollarni o’zini o’zi aybdor qilish, o’z joniga suiqasd qilish holatlarining oldini olish mumkin.

Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirining birinchi o’rinbosari Gulnora Ma’rufova ayollarni zo’ravonlikdan himoya qilishda mahalla tizimi xodimlarining o’rniga to’xtalib: “Mahalla raisining oila, xotin qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari qaysi oilada nizoli vaziyatlar bo‘laytganidan xabardor bo‘lishi, zudlik bilan unga yordam berishi kerak. Tezda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslar uchun reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari psixologlari yordamini tashkillashtirish kerak. Axir biz uchun har bir ayol, uning qadr-qimmati, hatto uning kunlik kayfiyati muhim. Har bir mahalla raisi o‘rinbosari o‘z mahallasidagi har bir ayolning tinch, xotirjam, baxtli yashashi uchun javobgarlikni his qilishi lozim”, - dedi.

Tadbir so’ngida muhokamalar uchun vaqt ajratildi va trening qatnashchilari o’zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.