Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz

3-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

2020-yil 29-oktabrda Davlat xizmatlari agentligi rahbariyati, davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha BMT Taraqqiyot dasturi/Yevropa Ittifoqining qoʻshma loyihasi hamda KPMG konsalting kompaniyasi vakillarining 2021-2025-yillarda davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish muhokamasiga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Strategiya va uni amalga oshirish boʻyicha yillik yoʻl xaritalari (harakatlar rejalari) boʻyicha ishlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi, Davlat xizmatlari agentligi va Oʻzbekistondagi BMTTDning “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur Strategiya davlat xizmatlari koʻlamini kengaytirish, mavjud va joriy qilinishi kutilayotgan axborot tizimlarini ish faoliyatiga bevosita integratsiya qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatishning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, bunday xizmatlarni markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga oʻtkazish va autsorsing qilish, strategik boshqaruvni kuchaytirish va ushbu oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqish yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha davlat siyosatini samarali amalga oshirishga qaratilgan boʻladi.

Davlat xizmatlari agentligi direktori U Muhammadiev yigʻilishda soʻzga chiqib, ishlab chiqilayotgan hujjatga xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha davlatning funksiyalarini autsorsing yordamida xususiy sektorga oʻtkazish va yaqin kelajakda ularni raqamlashtirish jarayonini kuchaytirish imkoniyatini kiritish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, soʻzga chiqqanlar hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini rivojlantirish imkoniyatlari va xatarlarini tahlil qilish, 2025-yilga qadar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendentsiyalari va mezonlari bilan birgalikda davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini rivojlantirish bosqichlari va kutilmalarini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladilar.


Xorijiy mamlakatlar, xususan, Finlyandiya, Daniya, Janubiy Koreya, Fransiya va shu kabi davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish masalalari ham muhokama qilindi.

Ishlab chiqilayotgan strategiya aholining, ayniqsa qishloq joylardagi himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, xotin-qizlar, yoshlar, bolalar, keksalar hamda nogironlarning davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.

Koʻzlanayotgan ishlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish maqsadida, yigʻilish yakunlariga koʻra, Strategiyani ishlab chiqish boʻyicha ish jadvali kelishib olindi hamda Strategiyani ishlab chiqish va kerakli maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etishda koʻmaklashish uchun vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Strategiyaning birinchi loyihasi shu yil oxirida taqdim etilishi kutilmoqda.