Eng yaxshi g'oyalarni tanlaymiz va hayotga tatbiq etamiz

29-October, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va BMTTD hamkorligida, hamda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy ko`magi ostida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xavf-xatarlariga moslashuvchanligini va barqarorligini oshirish» loyihasi hamda Yaponiya Hukumatining moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan BMTTDning "COVID-19" sharoitida tezkor chora-tadbirlar ko‘rish loyihalari doirasida joriy yilning iyul oyida Farg‘ona vodiysining agroklasterlari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari o‘rtasida eng yaxshi biznes loyiha uchun tanlov e’lon qilingan edi.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad - qishloq xo‘jaligi kooperativlari va agroklasterlariga, shuningdek aholining kam ta'minlangan qatlamiga “COVID-19” pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatishda yordam berishdir. Kelajakda saralab olingan loyihalarni amalga oshirish natijasida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining qishloq joylaridagi ayollar, yoshlar va kichik fermerlar uchun qo‘shimcha daromad manbai va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari mavjud bo‘ladi.

Tanlovda taqdim etilgan biznes loyihalar qishloq xo‘jaligi faoliyatining ko‘plab tarmoqlarini qamrab olgan bo‘lib, bular: xurmoni quritish va qadoqlash, limonariy yaratish, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish, hayvonlar va qushlar uchun yem ishlab chiqarish, boyler tovuqlarini yetishtirish va parranda go‘shti mahsulotlariga qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikasiga, tomchilab sug'orish va sovuqxona uchun xizmatlar ko'rsatish kabilardir.

Ushbu tanlovda Savdo-sanoat palatasining Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi , “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, Yoshlar ittifoqining "Yoshlar kelajagimiz" dasturi Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlari xududiy bo‘linmalarining vakillari hamda loyiha xodimlari tomonidan hakamlik qilindi. Tanlov natijalariga ko‘ra eng yuqorj baholangan 6ta loyiha Saralash Qo'mitasi tomonidan moliyalashtirish uchun tavsiya etildi.

«Hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholangan loyihalarning aksariyati, amalga oshirish jarayonida kamida 50 kishini ish bilan ta’minlashni rejalashtirishmoqda. Kam ta’minlangan oilalar a’zolari, ayollar, yoshlar va nogironlar shular jumlasidandir. Misol uchun, "Pop yongoqzorlari agrofirmasi" ishlab chiqarish korxonasi meva sabzavotlarni intensiv yetishtirish loyihasi doirasida 130 kishini, shu jumladan 54 nafar ayollar, "Damir Oltiariq Agro Invest" korxonasi meva va sabzavotlarni yetishtirish loyihasi uchun 104 kishini, shu jumladan 22 nafar ayollarni, 22 nafari kam ta’minlangan oilalar a’zolarini, "Solih Ziyo Zoda" korxonasi sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish loyihasi doirasida korxona a’zolarining 55 nafarini, shu jumladan 19 nafar ayollarni, keyinroq esa yangi o‘zlashtirilgan yerlar hisobiga yana 50 kishini ish bilan ta’minlashlari rejalashtirilgan", - deydi loyihaning vazifa menejeri Baxtiyor Toshtemirov.

Shuni ham ta’kidlash joizki, tanlangan loyihalar nafaqat ish o‘rinlarini yaratishga, balki ilg‘or va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Misol uchun, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini "Radivon Sitrus Mevasi Tomorka Hizmati" MChJ issiqxonada limon ko‘chatlari yetishtirishda, "Bogbon TRAM Agro" ishlab chiqarish korxonasi yong‘oq, bodom va qovun va qovoqlarni va "Axadjon Ismatov Agro Logistika" ishlab chiqarish korxonasi uzum yetishtirish uchun qo‘llashni rejalashtirmoqdalar.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali ularning har biri o'z hududi uchun o'ziga xos va namunali bo'ladi deb umid qilamiz. Aholi yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lish bilan bir qatorda, pandemiyaning salbiy oqibatlariga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik va bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlarida ajoyib tajribaga ega bo‘ladilar.

BMTTDning qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirish borasidagi faoliyati 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi hamda BMT a’zo davlatlari qabul qilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.