Sudyalar O'zbeksiton sud tizimida gender tenglik tarafdori

18-September, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

2020 yil 18 sentyabrda poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo'lida hamkorlik” qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilgan “Gender tenglikni ta'minlashda sud tizimining o'rni” mavzusida amaliy seminar bo'lib o'tdi. Tadbirda gender balansga erishish hamda milliy sud tizimida gender jihatlarni qamrab olgan yo'l xaritasini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilindi.

Gender komponentlarini sud tizimiga joriy qilishda qo'llaniladigan xalqaro andozalar va amaliyot o'rganildi. Odil sudlovni amalaga oshirishda gender tenglikni ta'minlanishini kafolatlash, gender tenglikni ta'minlash va gender diskriminatsiyani bartaraf etishda sudyalarning o'rni, ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimida ayollar ishtirokini yanada ko'paytirish bo'yicha O'zbekiston tajribasi kabi masalalarga alohida urg'u berildi.

Seminarda “Ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish: eng yaxshi xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Sud tizimida ayol-sudьyalar sonini oshirish bo'yicha xorijiy tajribani o'rganib chiqish”, “Ayollar huquqlarini ta'minlash va himoya qilish sohasida sudlar faoliyati samaradorligini baholash uchun gender ko'rsatkichlarini ishlab chiqish va joriy etish”, shuningdek, “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” misolida O'zbekiston qonunchiligida gender-huquqiy ekspertizasini o'tkazish” mavzularida tahliliy tadqiqotlar taqdim qilindi.

 

Tadbirda ta'kidlaganidek, 2017 yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasida davlatimizni xalqaro maydondagi imidjini oshirishga alohida urg'u berilgan. Bu yo'nalishda boshqa muhim vazifalar bilan bir qatorda mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan xalqaro konventsiyalar va shartnomalar, BMTning inson xuquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy organlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda hukumatning xalqaro-huquqiy majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlari qabul qilinishini ham nazarda tutadi.

O'zbekiston Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni qabul qilish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlari tarafdori ekanligini tasdiqladi. Mazkur hujjatning 5-maqsadi «Gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish»ga, 16-maqsad esa «Barqaror rivojlanish maqsadlari yo'lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko'maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta'minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish»ga bag'ishlangan.
2019 yilda diskriminatsiya yoki tazyiqqa uchraganda sudga murojaat qilishni ko'zda tutadigan O'zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi Qonunlari qabul qilindi.

Seminarda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi, Oliy sud, Sudьyalar oliy kengashi, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz va Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etishdi. Chet ellik ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari muhokamaga videokonferents aloqa vositasida bog'lanishdi.