O'zbekiston sudlari qarorlarida BMT shartnomalari normalarining qo'llanilishi

22-September, 2020

Image: UNDP Uzbekistan

2020 yil 22-24 sentyabrь kunlari «Xilton-Tashkent-Siti» mehmonxonasi konferents-zalida "O'zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo'llanilishi" mavzuida amaliy seminar bo'lib o'tdi. Unda Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining ma'muriy sudlari, shuningdek jinoyat ishlari bo'yicha hamda fuqarolik ishlari bo'yicha sudlari sudьyalari ishtirok etdi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMTTDning O'zbekisondagi Doimiy vakili ofisining "O'zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik" dasturi doirasida, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.


O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Kamilov, AQShning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Rozenblyum, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J.MakGregor, BMTTDning O'zbekistondagi  doimiy vakili M.Dimovska anjuman ishtirokchilarini qutladilar.

Amaliy seminarda asosiy ma'ruzalar BMTTD eksperti, inson huquqlari bo'yicha xalqaro maslahatchi Aleksandr Vashkevich va BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi a'zosi Georgiy Tugushi tomonidan taqdim etildi.

O'zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo'lgani kabi, sudьyalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo'lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o'z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta'minlashga majbur. 

Seminarda ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi farmoni talablariga ko'ra,  sud inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar  amaliyotida qo'llanilishini yanada kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko'rishi lozim. 

So'zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarini sud hujjatlarida qo'llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o'z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan yakdil fikrni bildirdilar.

 

Bu, shuningdek "Sudyalar xulqiga oid Bangalor printsiplari"ni amalda tatbiq etishda o'ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga muvofiq, xalqaro qonunchilikdagi, jumladan, xalqaro konventsiyalar va inson huquqlariga taalluqli normalar belgilangan boshqa hujjatlardagi tegishli o'zgarishlardan sudьyalarning o'z vaqtida xabardor bo'lishi – ular o'z faoliyatini talab darajasida amalga oshirishining zarur shartlaridan hisoblanadi.   

Xalqaro va milliy ekspertlar moderatorligida sudьyalar uchun uchta guruhda "case study" texnologiyasi asosida amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

Mashg'ulotlar yakunida birinchi guruh – "Ruxsat etilmagan tinch yig'ilishlar",  ikkinchi guruh – "Jinoiy jazoni o'tagan chet el fuqarosini davlatdan chiqarib yuborish" va uchinchi guruh – "Jinsga asoslangan bilvosita kamsitish" mavzulari bo'yicha o'z taqdimotlarini namoyish etdi.